Oʻzbekiston umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻquvchilar soni 6,8 millionga yaqinlashdi

09:08 04 Iyun 2025 Jamiyat
93 0

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi 2024/2025 oʻquv yiliga oid yangilangan maʼlumotlarni eʼlon qildi. Unga koʻra, mamlakatdagi umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotgan oʻquvchilar soni 6 million 776,3 ming nafarga yetgan.

Taʼkidlash joizki, bugungi koʻrsatkich 1990/1991 oʻquv yili bilan solishtirilganda sezilarli darajada oshgan. Xususan, oʻsha davrda oʻquvchilar soni 4 million 655,5 ming nafarni tashkil etgan boʻlsa, hozirgi holatda bu raqam 2 million 120,8 ming nafarga koʻpaygan. Bu esa 45,6 foizlik oʻsishni anglatadi.

Yillar kesimida koʻrib chiqilganda, 2000/2001 oʻquv yilida oʻquvchilar soni 6 million 17,6 ming nafar boʻlgan. Biroq 2010/2011 oʻquv yilida bu koʻrsatkich 4 million 695,3 ming nafarga tushgan. Keyingi yillarda esa yana koʻtarilish kuzatilgan: 2020/2021 oʻquv yilida 6 million 287,9 ming nafar, 2023/2024 oʻquv yilida esa 6 million 645,1 ming nafar oʻquvchi tahsil olgan.

2024/2025 oʻquv yilining statistikasi esa eng yuqori natijani qayd etdi — 6 million 776,3 ming nafar. Bu esa Oʻzbekistonda taʼlim tizimiga boʻlgan ehtiyoj ortib borayotgani va umumiy oʻrta taʼlim muassasalari tarmogʻining izchil kengayib borayotganini anglatadi.

Mazkur raqamlar aholining demografik oʻsishi, taʼlim infratuzilmasining rivoji va maktab yoshidagi bolalarga taʼlim olish imkoniyatlarining kengaygani bilan bogʻliq. Shu bilan birga, bu oʻsish taʼlim sifati, oʻqituvchilar malakasi va maktab infratuzilmasiga boʻlgan ehtiyojni ham oshirayotganini koʻrsatadi.

Nodira Rahimova,

OʻzJOKU talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер