Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi ikkinchi sammitdagi nutqi

20:50 09 Oktyabr 2025 Siyosat
195 0

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Avvalo, anʼanaviy samimiy qabul va uchrashuvimizni yuksak darajada tashkil etgani uchun Tojikiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Emomali Sharipovich Rahmon shaʼniga bildirilgan minnatdorlik soʻzlariga qoʻshilaman.

Biz har safar Tojikistonga tashrif buyurar ekanmiz, Sizning rahbarligingizda ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilayotganiga guvoh boʻlamiz. Koʻz oʻngimizda mamlakat qiyofasi tubdan oʻzgarmoqda – iqtisodiyot va infratuzilma jadal rivojlanmoqda, eng asosiysi – aholi farovonligi oshib bormoqda.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti hurmatli Vladimir Vladimirovich Putinga Markaziy Osiyo bilan keng koʻlamli strategik sheriklikni rivojlantirishning qatʼiy tarafdori boʻlib kelayotgani uchun samimiy tashakkur izhor etaman.

Sizning mintaqa bilan ittifoqchilik munosabatlari va koʻpqirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalaridagi doimiy qoʻllab-quvvatlashingiz va shaxsiy eʼtiboringizni Oʻzbekiston doimo his etib kelishi va qadrlashini alohida qayd etmoqchiman.

Siz ilgari surgan, tabiiy sheriklar boʻlgan mamlakatlarimizning oʻzaro hamkorligiga yangi surʼat berishga qaratilgan tashabbuslarni toʻliq qoʻllab-quvvatlayman.

Hurmatli davlat rahbarlari!

Rossiya biz uchun muhim, ustuvor strategik sherik va ittifoqchi boʻlib kelgan, hozir ham shunday va kelgusida ham shunday boʻlib qolishini taʼkidlayman.

Umumiy tarix, koʻpasrlik aloqalar, xalqlarimizning madaniy va dunyoqarash jihatdan yaqinligi, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona va ishonchli munosabatlar bunday hamkorlikning mustahkam va oʻzgarmas asosi hisoblanadi.

Shu bilan birga, geosiyosiy ziddiyatlar va jahon iqtisodiyotida inqiroz holatlari kuchayib borayotgani, yangi xavf va tahdidlar mintaqada barqarorlikni taʼminlash yoʻlida bizning formatimiz doirasida yanada yaqin muvofiqlashtirish va hamkorlikni talab etmoqda.

Kun tartibidan kelib chiqib, Markaziy Osiyo va Rossiya oʻrtasidagi keng miqyosdagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari boʻyicha oʻz qarashlarimizni aytib oʻtmoqchiman.

Biz ushbu formatda aniq natijaga erishishga yoʻnaltirilgan tizimli siyosiy muloqotlarni kuchaytirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish muhim, deb hisoblaymiz.

Biz har yili oliy darajadagi uchrashuvlarni, hukumatlar, vazirlik, idora va mintaqalarning muloqotlarini muntazam ravishda oʻtkazib borish tarafdorimiz. Shu munosabat bilan 2027-yilgacha boʻlgan Qoʻshma harakatlar rejasi qabul qilinishini qoʻllab-quvvatlaymiz.

Shu bilan birga, hukumatlarimizga amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan kengaytirilgan “yoʻl xaritasi”ni tayyorlash boʻyicha topshiriq berishni taklif etamiz.

Topshiriqlarimiz oʻz vaqtida ijro etilayotganini nazorat qilish, mintaqaviy ahamiyatga ega boʻlgan dastur va loyihalarni tayyorlash va amalga oshirilishini tezlashtirish uchun hukumat rahbarlari oʻrinbosarlari darajasida Muvofiqlashtiruvchi kengash taʼsis etishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Biz mintaqamizning Rossiya bilan iqtisodiy sherikligini tubdan kengaytirishdan manfaatdormiz. Buni birgalikdagi faoliyatimizning asosiy yoʻnalishi, deb hisoblaymiz.

Bozorlarda noqulay konyunktura saqlanib qolayotgan va tashqi taʼsirlar kuchayib borayotgan sharoitda oʻzaro savdo koʻrsatkichlarida ijobiy oʻsish surʼatlarini taʼminlashga erishmoqdamiz. Jumladan, oʻtgan yil yakunlari boʻyicha va joriy yilda Oʻzbekistonning Rossiya va mintaqa mamlakatlari bilan oʻzaro tovar aylanmasi 15 foizga oʻsdi.

Bu ishlarni davom ettirish va biz taklif etayotgan Kengash doirasida mahsulot ayirboshlash hajmini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Bu oʻrinda soʻz mahsulot bozorlariga oʻzaro kirishni yengillashtirish, jarayonlarni soddalashtirish, “Markaziy Osiyo – Rossiya agroekspress” loyihasini ishga tushirish haqida bormoqda.

Mamlakatlarimizning tranzit-transport salohiyatidan, birinchi navbatda, Shimol–Janub yoʻlagi doirasida samarali foydalanish hayotiy muhim ahamiyat kasb etadi.

Biz avtomobil, temir yoʻl va aviatsiya aloqalari sohasida milliy dasturlarni uygʻunlantirish va shu asosda infratuzilmaviy sheriklikning kompleks rejasi – mamlakatlarimiz Transport-logistika konturini ishlab chiqishni taklif etamiz.

Tashqi xavf-xatarlarga nisbatan barqaror boʻlgan integratsiyalashgan, oʻzaro bogʻliq mintaqaviy transport infratuzilmasini shakllantirish bizning pirovard maqsadimiz boʻlishi zarur.

Biz barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishni yana bir ustuvor yoʻnalish sifatida koʻramiz.

Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston Rossiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sanoat boʻyicha sheriklikni faol kengaytirmoqda. Shu borada gaz-kimyo sohasida yirik strategik sanoat loyihalari amalga oshirilayotgani va zamonaviy mis boyitish xabi yaratilayotganini misol sifatida keltirib oʻtishni istar edim.

Ayni vaqtda mashinasozlik, asboblar ishlab chiqarish, kimyo, elektrotexnika, togʻ-kon va boshqa sohalarda klaster asosida hamkorlikni kengaytirish uchun hali ishga solinmagan ulkan zaxiralar mavjud.

Yetakchi korxonalar va xususiy sektorning innovatsiyaga yoʻnaltirilgan kooperatsiyasini ragʻbatlantirish uchun Buxoro shahrida “Markaziy Osiyo – Rossiya” sanoat injiniring xabini tashkil etishni taklif qilamiz. Ushbu loyiha ilgʻor muhandislik yechimlarini ishlab chiqish, joriy qilish va ommalashtirish uchun noyob texnologik maydonchaga aylanishiga ishonaman.

Toshkentda oʻtkaziladigan “Innoprom. Markaziy Osiyo” koʻrgazmali forum imkoniyatlarini yuqori darajada ishga solish muhim ekanini qayd etmoqchiman. Aprel oyida oʻtkazilgan koʻrgazma 35 mamlakatdan 10 mingdan ortiq ishtirokchilarni birlashtirdi. Besh milliard dollarlik bitimlar imzolandi.

Ushbu tadbirga “Markaziy Osiyo – Rossiya” muloqoti formatidagi asosiy sanoat va innovatsiya maydoni maqomini berishni taklif etamiz.

Hurmatli hamkasblar!

Mamlakatlarimizning Rossiya bilan energetika sohasidagi hamkorligi bundan buyon ham mintaqaning tinchligi va barqarorligi omili boʻlib qoladi. Biz bugun strategik, jumladan, gaz quvurlari va energetika infratuzilmalarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshiryapmiz.

Shu kunlarda tarixiy bir voqea boʻlib oʻtadi – Oʻzbekistonda barpo etiladigan atom elektr stansiyasining birinchi reaktori va koʻptarmoqli yadro tibbiyoti markazi qurilishi boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga start beriladi.

Ushbu yoʻnalishda keng koʻlamli ilmiy-amaliy hamkorlik oʻrnatishni – Oʻzbekistonda atom energetikasi boʻyicha Mintaqaviy kompetensiyalar markazini taʼsis etish, shuningdek, Moskva davlat muhandislik-fizika institutining Toshkent filiali bazasida kadrlar tayyorlash dasturini qabul qilishni taklif etamiz.

Bundan tashqari, uglevodorod resurslarini qidirish va qayta ishlash, elektr energetikasi tizimini modernizatsiya qilish, energiyani tejaydigan yechimlarni joriy etish sohasida hamkorlikni kengaytirish niyatidamiz.

Ilgʻor bilim va texnologiyalar transferi, qoʻshma loyihalarni tayyorlash va ilgari surish uchun “Markaziy Osiyo va Rossiya energetik sherikligi” kompleks dasturini ishlab chiqish maqsadga muvofiq.

Innovatsiyalar sohasida mamlakatimizda “Skolkovo” markazi filialini ochishni taklif etamiz.

Sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar boʻyicha Mintaqaviy ekspert kengashini taʼsis etishni davrning oʻzi talab etmoqda, deb hisoblaymiz. Ishonchim komil, bunday platforma yetakchi markazlar, tashkilotlar va IT kompaniyalar darajasida saʼy-harakatlarni birlashtirish va loyihalar boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun imkon yaratadi.

Biz, shuningdek, qoʻshma dasturlarni amalga oshirish yoʻli bilan gumanitar hamkorlikni kengaytirish niyatidamiz. Shu borada etnomadaniyat forumi – Markaziy Osiyo va Rossiya xalqlari madaniyati, sanʼati va ijodiyoti festivalini har yili oʻtkazib borish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

“Kelajak muhandislari” ilmiy-taʼlim konsorsiumini tashkil etishni taklif qilamiz. Bu muloqot maydoni dual va professional taʼlim tizimini joriy etish, fundamental ilmiy ishlanmalarni amalga oshirish maqsadida mamlakatlarimizning yetakchi oliygohlari va tadqiqot tuzilmalari salohiyatini birlashtirishga xizmat qiladi.

Rossiya universitetlarining muvaffaqiyatli ishlayotgan filiallari konsorsiumning intellektual bazasi boʻlishi mumkin. Oʻzbekistonda 15 ta ana shunday filiallar faoliyat yuritmoqda.

Bu borada Markaziy Osiyo va Rossiyadagi yosh tadqiqotchilar va olimlar uchun Maxsus grantlar dasturini birgalikda taʼsis etishimiz mumkin.

Bundan tashqari, onalik va bolalikni muhofaza qilish, mehnat migratsiyasi sohasida ijtimoiy moslashuvga koʻmaklashish dasturlarini qabul qilish, shuningdek, mintaqaviy yoʻnalishlar asosida sayyohlik oqimini kengaytirish dolzarb ahamiyatga ega.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash masalalariga alohida toʻxtalib oʻtishni istar edim.

Terrorizm, ekstremizm, radikalizm, uyushgan jinoyatchilik, odam savdosi va narkotrafiklarga qarshi kurashda maxsus xizmatlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yaqin hamkorligini yanada kengaytirish muhim, deb hisoblaymiz.

Yangi kibertahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish boʻyicha birgalikda chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taklif etamiz.

Afgʻoniston bilan hamkorlikni rivojlantirish va ushbu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan taraqqiy ettirishga koʻmaklashish boʻyicha yondashuvlarni muvofiqlashtirish maqsadida yuqori darajadagi maslahatlashuvlarni oʻtkazish imkoniyatlarini koʻrib chiqishni taklif etamiz. Xavfsizlik sohasida oʻzaro hamkorlik, ushbu mamlakatda barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish masalalari ushbu uchrashuvlar kun tartibiga kiritilishi mumkin.

Hurmatli hamkasblar!

Soʻzimning yakunida mamlakatlarimiz xavfsizligi, barqaror taraqqiyoti va farovonligini taʼminlash yoʻlida Rossiya bilan koʻpqirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga sodiq ekanimizni yana bir bor taʼkidlamoqchiman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер