Shavkat Mirziyoyev xorijiy hamkorlarga investitsiyaviy sheriklikning asosiy yoʻnalishlarini belgilab berdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida toʻrtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida ishtirok etdi.
Tadbirda Bolgariya Prezidenti Rumen Radev, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso, Qozogʻiston Bosh vaziri Oljas Bektenov, Qirgʻiziston Hukumati raisi Adilbek Kasimaliyev, Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov, Rossiya Hukumati raisi oʻrinbosari Aleksandr Novak, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari Nokerguli Ataguliyev hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso va Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef ham qatnashdi.
Umuman, forumga 100 dan ziyod mamlakatdan 7,5 mingdan ortiq delegat, jumladan, 3 mingga yaqin xorijiy mehmon tashrif buyurdi. Bu yilgi tadbir yangi, kengaytirilgan shaklda oʻtkazilmoqda. Uning doirasida ilk bor Oʻzbekiston kompaniyalarining loyihalari va qoʻshma tashabbuslari namoyish etilayotgan ixtisoslashgan koʻrgazma tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari forumdagi nutqini dunyodagi bugungi vaziyatning qisqacha tahlilidan boshladi. Bugungi kunda geosiyosiy jarayonlar shiddat bilan oʻzgarib, global xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga tahdidlar kuchayib borayotgani taʼkidlandi.
Iqtisodiy inqirozning keskinlashuvi va moliyaviy resurslar taqchilligi natijasida jahon yalpi ichki mahsulotining oʻsish surʼatlari ketma-ket uchinchi yil pasaymoqda.
Oʻzbekiston rahbari mintaqaviy mojarolar va muammolarni faqat diplomatik vositalar bilan, xalqaro huquq normalari va prinsiplari asosida, BMT rezolyutsiyalariga muvofiq hal etish muhimligini taʼkidladi.
- Men hozir taʼkidlab oʻtgan muammolar boʻyicha barcha sherik davlatlarimizni ochiq va keng koʻlamli xalqaro hamkorlikka chaqiramiz. Chunki forumning asosiy mavzusi boʻlgan investitsiyalar – faqat iqtisodiy taraqqiyotning emas, balki tinchlik va barqarorlikning kafolatidir, - dedi davlatimiz rahbari.
Oʻzbekiston yetakchisi nafaqat daromad keltiradigan, balki inson qadrini ulugʻlash, uning hayotiy manfaatlari va jamiyat taraqqiyotini taʼminlash uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladigan investitsiya muhitini yaratishga chaqirdi.
Mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlash borasidagi yutuqlariga alohida toʻxtalib oʻtildi. Soʻnggi 8-yilda Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti ikki barobar koʻpaydi. Bu koʻrsatkichni 2030-yilga borib 200 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. 2024-yilda investitsiyalar hajmi 35 milliard dollarga, eksport esa 27 milliard dollarga yetgan.
Soʻnggi 5-yil ichida Oʻzbekiston Iqtisodiy erkinlik indeksida 48 pogʻonaga, Garvardning Iqtisodiyot murakkabligi indeksida 28 pogʻonaga koʻtarildi.
Oʻtgan oyda nufuzli “S&P” agentligi Oʻzbekistonning suveren reytingi boʻyicha prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga koʻtardi.
Bugun jahon iqtisodiyoti yangi oʻzgarishlar ostonasida turganini taʼkidlar ekan, Oʻzbekiston Prezidenti toʻrtta muhim yoʻnalish boʻyicha hamkorlik qilish muhimligini koʻrsatib oʻtdi.
Birinchisi - “yashil” iqtisodiyot modeliga oʻtish.
- Biz iqtisodiyotni barqaror energiya resurslari bilan taʼminlash uchun aynan “yashil” energetikani rivojlantirishga qattiq bel bogʻlaganmiz, - dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Keyingi yillarda bu sohaga qariyb 6 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 59 milliarddan 82 milliard kilovatt soatga oshdi. Kelgusi 5-yilda bu koʻrsatkich 120 milliard kilovatt-soatdan oshib, “yashil” energiya ulushi 54 foizga yetadi.
Elektr tarmoqlarini yangilashga ham 4 milliard dollar jalb qilinadi. Joriy yilda Samarqand shahrida, kelgusi yilda yana 8 ta hududda elektr tarmoqlari xususiy sheriklikka beriladi.
Birinchi marta “yashil sertifikatlar” va uglerod birliklari savdosini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Oʻzbekiston global uglerod bozorlariga qoʻshiladi, “Yashil Oʻzbekiston” iqlim investitsiyalari platformasi yaratiladi.
Ikkinchidan, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt iqtisodiyotning yangi “drayveri”ga aylanmoqda.
- Mamlakatimizda shu yilning oʻzida IT eksporti 1 milliard dollarga yetadi. 2030-yilga borib, bu koʻrsatkichni 5 karra oshirish uchun salohiyatimiz ham, imkoniyatimiz ham yetarli, - dedi davlatimiz rahbari.
Oʻzbekistonning bu boradagi yutuqlari xalqaro miqyosda eʼtirof etilmoqda. Xususan, Xalqaro sunʼiy intellektga tayyorlik indeksida mamlakatimiz bir yilda 17 pogʻonaga koʻtarildi.
Kelgusi yilda “Bulutli texnologiyalar” milliy platformasi ishga tushiriladi. Yaqin 5-yilda xususiy investorlar bilan birga 500 megavattdan ziyod quvvatli 20 ta data-markaz barpo etiladi.
Boy tariximiz, qadriyatlarimiz va yangi kreativ gʻoyalarni mujassam etadigan milliy sunʼiy intellekt modelini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Ushbu tizim samaradorligini taʼminlash maqsadida “Bir million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasi boshlandi.
Davlatimiz rahbari birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan Oʻzbekiston nufuzli IT va fintex xabiga aylanishiga ishonch bildirdi.
Uchinchidan, moliyaviy tizim va texnologiyalar tubdan oʻzgarmoqda.
- Biz yaqinda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon banki bilan birga Oʻzbekiston moliya sektorini ilk bor kompleks baholashdan oʻtkazdik. Ular bank, moliya, sugʻurta, kapital bozoridagi islohotlarimizni toʻliq qoʻllab-quvvatladi, - dedi davlatimiz rahbari.
Bu sohalarni keyingi bosqichga olib chiqish uchun Moliyaviy barqarorlik kengashi tuziladi, Markaziy bank huzurida kiberxavfsizlik va moliyaviy texnologiyalar platformalari ishga tushiriladi.
Sugʻurta tizimida islohotlar boshlandi, Milliy qayta sugʻurtalash kompaniyasi va Global qayta sugʻurtalash raqamli platformasi tashkil etildi.
Startaplar uchun muqobil moliyaviy vosita - venchurlar jadal rivojlanmoqda. Masalan, oʻtgan yili ikkita milliy startap kompaniyasining qiymati ilk bor 1 milliard dollardan oshdi.
Bunday kompaniyalarni koʻpaytirish maqsadida “Muqobil investitsiya jamgʻarmalari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Kelgusi 5-yilda venchur va boshqa muqobil investitsiyalar hajmi 1 milliard dollarga yetkaziladi.
Yana bir yoʻnalish - “Toʻrtinchi sanoat inqilobi” sharoitida texnologik minerallarga talab bir necha barobar koʻpaymoqda.
Oʻzbekistonda volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, vanadiy, titan va boshqa minerallarning katta zaxiralari aniqlangan. Yer osti boyliklarimizning umumiy salohiyati 3 trillion dollarga baholanmoqda.
- Mintaqamizning minerallardan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish “xabi”ga aylanishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Bu borada Toshkent va Samarqand viloyatlarida “Kelajak metallari texnoparki”ni bunyod etmoqdamiz, - dedi davlatimiz rahbari.
Shu bois geologiya-qidiruv ishlaridan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan toʻliq zanjirni yoʻlga qoʻygan investorlarga 10-yil davomida renta soligʻini qaytarib berish taklif qilindi.
Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida “Yangi Oʻzbekiston - investitsiyalar uchun katta imkoniyatlar mamlakati” tamoyilini amalda roʻyobga chiqarishga alohida eʼtibor qaratdi.
Birinchidan, Oʻzbekiston kelgusi yilda Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishni maqsad qilgan. Bu borada oʻnlab qonunlar, yuzlab standartlar xalqaro talablarga moslashtirildi. Bu jarayon joriy yilda toʻliq yakunlanadi.
Ikkinchidan, xorijiy investorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida mahalliy kompaniyalar bilan bir xil sharoitlarni kafolatlaydigan “milliy rejim”, davlat idoralari bilan oʻzaro hamkorlikda “yagona darcha” tamoyili joriy etiladi, investitsiya faoliyatini kafolatli himoya qilish tizimi yaratiladi.
Bunday chora-tadbirlar orqali 2030-yilga borib Oʻzbekistonning kredit reytingini “investitsion” darajaga koʻtarish rejalashtirilgan.
Uchinchidan, davlat kompaniyalarini xususiylashtirishda ularni mamlakat farovonligi oʻsishiga xizmat qiladigan yirik aktivlarga aylantirish yoʻli tanlandi.
18 ta yirik kompaniya va banklardagi qariyb 2 milliard dollarlik davlat ulushlarini birlashtirgan Milliy investitsiya jamgʻarmasi tashkil etildi. Jamgʻarmani boshqarishga nufuzli “Franklin Templeton” xalqaro kompaniyasi jalb qilingan. Kelgusi yilda fond aksiyalari paketini xalqaro IPOga chiqarish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, professional konsultantlar jalb qilinib, ikki yil ichida 29 ta yirik davlat kompaniyasi xususiylashtiriladi.
Toʻrtinchidan, xususiy kapitalni jalb etgan holda transport va logistikani rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Masalan, Samarqand, Namangan, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlari davlat-xususiy sheriklik asosida salohiyatli investorlarga boshqaruvga berilgan.
Urganch aeroportini boshqarishga jahonning yetakchi “Inchxon” kompaniyasi jalb etildi. Kelgusi yilda Nukus, Termiz, Fargʻona, Navoiy aeroportlari boʻyicha tenderlar oʻtkaziladi.
Bundan tashqari, poytaxtimiz aholisi 5 milliondan oshishini inobatga olib, 2 million aholiga moʻljallangan Yangi Toshkent shahri barpo etiladi. Bu yerda aeroport, temir yoʻl va avtomobil transportini bogʻlaydigan, yiliga 20 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadigan multimodal xab quriladi.
Beshinchidan, Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi hamkorlik muhiti shakllandi. Soʻnggi 8-yilda qoʻshni davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi 3,5 barobardan ziyodga oʻsib, qariyb 13 milliard dollarni tashkil etdi.
Yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. “Xitoy - Qirgʻiziston - Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishi boshlandi, yirik energetika va infratuzilma loyihalarini tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston yetakchisi Markaziy Osiyoda “Investitsiya va savdo uchun yaxlit hudud” konsepsiyasini ilgari surishni taklif etdi.
- Shu oʻrinda xalqaro tashkilotlarga murojaat qilmoqchiman: mintaqaviy loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun yangi moliyaviy mexanizmlarni yoʻlga qoʻyish vaqti keldi. Birgalikda harakat qilsak, Markaziy Osiyoni tinchlik va taraqqiyot makoniga aylantiramiz, - dedi Prezident.
Soʻzining yakunida Oʻzbekiston rahbari ishtirokchilar eʼtiborini mamlakatimiz uchun investitsiyalar shunchaki moliyaviy resurs emas, balki texnologiyalar, bilimlar, malakali kadrlar, shuningdek, xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiyalashuv ekaniga qaratdi.
- Oʻzbekiston mana shunday ezgu gʻoyalar bilan keladigan xorijiy investorlarga barcha sharoitlarni yaratib beradi, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi va buni kafolatlaydi, - dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Yalpi majlisda soʻzga chiqqanlar Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar natijalarini yuqori baholab, mamlakatimiz bilan ustuvor tarmoqlarda investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha oʻz taklif va tashabbuslarini bildirdi.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi 12-iyun kuni oʻz ishini yakunlaydi.
Ertaga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida Xorijiy investorlar kengashining yalpi majlisi boʻlib oʻtadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring