"O'zbekiston. G'alabaga yo'l" — yangi film premyerasi

10:12 07 May 2025 Jamiyat
131 0

2025-yil 8-may kuni “Россия-Культура” telekanalida hamda 9-may kuni “Sevimli” telekanali orqali namoyish etiladigan “Oʻzbekiston. Gʻalabaga yoʻl” nomli tarixiy-badiiy hujjatli film premyerasi boʻlib oʻtadi. Mazkur film Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Rossiyaning “Диви” kinokompaniyasi hamkorligida suratga olingan boʻlib, u Ikkinchi jahon urushi yillarida yurtimiz xalqining jasorati va insonparvarligini hujjatli asosda aks ettiradi.

Filmda tarixiy aniqlik va badiiy tahlil orqali oʻtmishga nazar tashlanadi, millatlararo birodarlik va bagʻrikenglik mavzusi keng yoritiladi. Kinotasmaning asosiy sahnalari Xotira va qadrlash maydonida, temirchi Shoahmad Shomahmudovlar xotirasiga oʻrnatilgan yodgorlik majmuasida va Gʻalaba bogʻida suratga olingan. Ushbu oila urush paytida 15 nafar turli millatga mansub bolani asrab olib, oʻz mehrini ayamagan.

Filmdagi tarixiy maʼlumotlarga koʻra, Ikkinchi jahon urushi 80 foiz yer yuzi aholisini qamrab olgan va unda 61 davlat ishtirok etgan. Oʻsha paytda Oʻzbekiston aholisi 6,8 million kishi boʻlgan boʻlsa, shundan qariyb 2 million kishi frontga joʻnatilgan. 500 mingdan ortiq yurtdoshimiz urushda halok boʻlgan. Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, bu raqamlar ortida butun xalqning dardu alami mujassam.

Urush yillarida Oʻzbekistonga 1,5 milliondan ziyod evakuatsiya qilinganlar keltirilgan. Yurtdoshlarimiz ularga bagʻrikenglik koʻrsatib, yordam berishgan. Xususan, Shoahmad Shomahmudovlar oilasining insonparvarlik harakati xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilgan.

“Oʻzbekiston. Gʻalabaga yoʻl” filmi aynan ana shu insonparvarlik, mehr-muruvvat, jasorat va hamjihatlik fazilatlarini oʻzida mujassam etgan. U besh qismdan iborat boʻlib, har biri 5 daqiqalik qisqacha hikoyalardan tashkil topgan. Filmda Rossiya, Yevropa va Oʻzbekistondan yetakchi tarixchilar, aktyorlar, ijodiy guruhlar ishtirok etgan. Jumladan, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Rustam Sagdullayev ham rol ijro etgan.

Kinotasmada evakuatsiya qilinganlarning Toshkentga kelishi, oʻzbek oilalarining yetim bolalarni qabul qilishi, frontdagi jasorat, 1966-yilgi Toshkent zilzilasidagi yordam anʼanalari haqida soʻz yuritiladi. Film tomoshabinlarga nafaqat tarixni eslash, balki bugun qanday yurt farzandi ekanligini his qilish imkonini beradi.

Efir vaqti:

“Россия-Культура” telekanalida 8-may soat 16:15da

(Toshkent vaqti bilan soat 18:15da)

“Sevimli” telekanalida 9-may soat 16:20da (Oʻzbek tilida).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер