Oʻzbekiston delegatsiyasi Inson huquqlari boʻyicha kengash ishchi guruhi sessiyasida ishtirok etmoqda

06:52 24 Noyabr 2021 Siyosat
836 0

2021-yil 22-noyabr kuni Jenevada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha kengashi Rivojlanish huquqi boʻyicha hukumatlararo ishchi guruhining 22-sessiyasi oʻz ishini boshladi.

Sessiya ishida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov rahbarligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Rivojlanish huquqi boʻyicha hukumatlararo ishchi guruhi 1998-yilda BMTning Inson huquqlari boʻyicha komissiyasi hamda Iqtisodiy va Ijtimoiy kengashi qarorlari asosida taʼsis etilgan. Uning asosiy vazifasi – rivojlanish huquqini amalga oshirish va ragʻbatlantirish sohasidagi oʻzgarishlarni monitoring qilish va sharhlab borishdan iborat.

Ishchi guruh davlatlar, BMT muassasalari va boshqa xalqaro tashkilotlar oʻzlarining faoliyati va rivojlanish huquqi oʻrtasidagi bogʻliq jihatlar toʻgʻrisida taqdim etgan maʼlumotlarni tahlil qiladi. Oʻz faoliyati, jumladan, Inson huquqlari boʻyicha oliy komissar Boshqarmasining tavsiyalari yuzasidan maʼruzalar tayyorlaydi. Manfaatdor tomonlarning iltimosiga koʻra, rivojlanish huquqini amalga oshirish doirasida muayyan texnik koʻmak dasturlarini taklif etadi.

Rivojlanish huquqi boʻyicha hukumatlararo ishchi guruhi Jenevada yiliga bir marta yigʻiladi va oʻz maʼruzasini BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi hamda Bosh Assambleyaga taqdim etadi. Ishchi guruh sessiyasiga har yili saylanadigan Rais-maʼruzachi raislik qiladi.

Bu galgi sessiya ishi avvalida elchi Zamir Akrom Rais-maʼruzachi etib qayta saylandi. Uning maʼruzasi Rivojlanish huquqi toʻgʻrisidagi konvensiya loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan.

Sessiyada rivojlanish huquqini amalga oshirish va ragʻbatlantirish sohasidagi oʻzgarishlar muhokama etilmoqda. Unda BMT muassasalari va boshqa xalqaro tashkilotlar, shuningdek fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etmoqda.

Sessiya arafasida Oʻzbekistonning Jeneva shahridagi BMT boʻlinmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi raisining oʻrinbosari lavozimga saylandi. Natijada Oʻzbekiston oʻz tarixida ilk bor BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi byurosi faoliyatida ishtirok etish vakolatiga ega boʻlmoqda.

BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi byurosi tarkibi Inson huquqlari boʻyicha kengash raisi va uning turli geografik guruhlardan saylangan toʻrtta oʻrinbosaridan tashkil topgan. Oʻzbekistonning doimiy vakili nomzodi koʻrsatilgan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi tizimidagi eng yirik geografik guruhlardan biri hisoblanadi.

Ushbu guruhga 56 ta davlat kiradi. Eʼtiborli tomoni shundaki, ularning barchasi Oʻzbekiston nomzodini 2022-yil uchun BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi raisining oʻrinbosari lavozimiga bir ovozdan qoʻllab-quvvatladi.

Xalqaro ekspertlar Oʻzbekiston vakilining ushbu lavozimga saylanishini mamlakatimizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jahon hamjamiyati tomonidan ijobiy baholanayotganining yana bir yaqqol ifodasi sifatida eʼtirof etmoqdalar. Binobarin, Harakatlar strategiyasi doirasida keyingi besh yilda el-yurtimiz hayotining barcha sohalarini rivojlantirish borasida eʼtiborli natijalarga erishildi.

Xususan, 2021-2023-yillarga BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining toʻlaqonli aʼzoligiga saylangan Oʻzbekiston bugungi kunda ushbu tashkilot doirasida faol ish olib bormoqda. Joriy yil oktyabr oyida mamlakatimiz tashabbusi bilan Kengash tomonidan Pandemiya davrida yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi birinchi rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Yaqinda boʻlib oʻtgan Prezident saylovidan keyingi davrda yurtimizda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga kirishildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va saylov jarayonida oʻziga xos umumxalq muhokamasidan oʻtkazilgan bu muhim konseptual hujjatda islohotlarning uzviyligi va davomiyligini taʼminlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy gʻoya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qoʻyildi.

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi yetti yoʻnalishdan iborat etib belgilandi. Taraqqiyot strategiyasi doirasida ana shu yoʻnalishlarning har biri boʻyicha amalga oshiriladigan eng ustuvor vazifalar inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama taʼminlashga, bir soʻz bilan aytganda, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni toʻla roʻyobga chiqarishga qaratilgan.

Ayni paytda Oʻzbekiston inson huquq va erkinliklarini himoya qilish va taʼminlashda amalga oshirilgan ishlardan koʻra, oldinda turgan vazifalar koʻp ekanidan aslo koʻz yumayotgani yoʻq. Aksincha, Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, “bu oliy qadriyatni tom maʼnoda qaror toptirish – biron-bir manzilga yetib borib toʻxtash, degani emas. Inson huquqlarini himoya qilish uzluksiz davom etadigan jarayon ekanini barchamiz chuqur anglaymiz”.

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari, Parlamentlararo ittifoq, xalqaro moliyaviy institutlar va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan koʻp tomonlama munosabatlarni yangi, amaliy maʼno-mazmun bilan boyitish masalasi ustuvor vazifa sifatida belgilangani bejiz emas.

Zero, ushbu istiqbolli strategiya muallifi hisoblanuvchi Oʻzbekiston Prezidentining soʻzlari bilan aytganda, “Biz – dunyoga, dunyo – bizga ochiq boʻlishi kerak. Bugungi hayot, bugungi taraqqiyotning talabi ham aslida shu”.

Jenevada oʻz ishini davom ettirayotgan BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi Rivojlanish huquqi boʻyicha hukumatlararo ishchi guruhi sessiyasida ham shu fikrlarga yaqin va hamohang bayonotlar yangramoqda. Xalqaro siyosatchilarning fikricha, hozirgi pandemiya inqirozi sharoitida inson huquqlarini qoʻllab-quvvatlash, insonning rivojlanishga boʻlgan huquqini har tomonlama taʼminlash uchun jahon hamjamiyati yanada yaqin hamkorlikda va oʻzaro hamjihatlikda ish olib borishi lozim.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер