Oʻzbekiston delegatsiyasi Dushanbeda boʻlib oʻtgan MDH Parlamentlararo Assambleyasining 59-yalpi majlisida faol ishtirok etdi

19:29 14 Noyabr 2025 Siyosat
155 0

Joriy yilning 14-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) Parlamentlararo Assambleyasining 59-yalpi majlisida ishtirok etdi.

Yalpi majlisda mintaqaviy parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish, qonunchilik tizimini takomillashtirish hamda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, majlis davomida parlamentlararo tajriba almashinuvi, model qonunlar va tavsiyalar ishlab chiqish, yoshlar siyosati, huquqni himoya qilish, migratsiya, hududiy xavfsizlik, ekologiya va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik masalalari ham koʻrib chiqildi.

Senat Raisi Tanzila Narbayeva oʻz nutqida Yoshlar parlamenti, odam savdosiga qarshi kurash va jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish boʻyicha tashabbuslarni ilgari surdi.

Shuningdek, hududiy xavfsizlikni mustahkamlash va tarixiy xotirani saqlash, yosh avlodda milliy va umumbashariy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan insonparvarlik loyihalari, jumladan “Bolalar Hamdoʻstligi” va “Xotira poyezdi” tashabbuslari oʻrtaga tashlandi.

MDH mamlakatlari delegatsiyalari Oʻzbekistonning faol hamkorligi, tashabbuskorligi, mintaqaviy loyihalardagi masʼuliyatli pozitsiyasini alohida taʼkidladi.

Shuningdek, Oʻzbekistonning insonparvarlik tashabbuslari, yoshlar va tarixiy xotirani saqlash yoʻnalishidagi loyihalari yuqori baholandi.

Mazkur majlisda parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaviy barqarorlikni kuchaytirish va qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha kelgusidagi rejalarga asos soluvchi qarorlar qabul qilindi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi ushbu jarayonlarda faol ishtirok etib, MDH doirasidagi parlament diplomatiyasini rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?