O‘zbekiston — Braziliya: oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichi

10:45 30 Noyabr 2024 Jamiyat
320 0

Ayni kunlarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi Braziliyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda ta’lim sohasida o‘zaro tajriba almashish maqsadida ushbu davlatda bo‘lib turibdi.

Tashrif davomida Braziliyaning eng nufuzli, jumladan, “Jahon universitetlari xalqaro reytingi”da 232-o‘rinni egallab turgan oliygoh — Kampinas universitetida uchrashuv tashkil etildi.

Unda ushbu universitet rektori Antonio Meirelles, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor, professor Osvaldir Pereira Taranto, Chet tillari instituti direktori, professor Petrilson Alan Pinheiro da Silva, Xalqaro hamkorlik bo‘limi mas’ul xodim Mayara Pereira Morais, shuningdek, O‘zDJTU rektori I.Tuxtasinov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari qatnashdi.

Muloqotda universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikni bugungi zamon talablari darajasida rivojlantirish, ilg‘or ta’lim metodikalarini hamda texnologiyalarini tatbiq etish, talabalar va professor-o‘qituvchilarni o‘qitish hamda malakasini oshirishning istiqbolli loyihalarini yo‘lga qo‘yish kabi dolzarb masalalar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi taklifiga binoan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida portugal tilini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, Kampinas universitetidan til sohiblarini, mahalliy mutaxassislarni jalb qilish va boshqa muhim masalalar ham ko‘rib chiqildi.

O‘zDJTU rektori, professor I.Tuxtasinov hamkasblarga O‘zbekiston oliy ta’lim tizimidagi islohotlar, chet tillarini o‘qitish borasida olib borilayotgan davlat siyosati, xususan, Prezidentimiz tomonidan ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor tufayli so‘nggi yillarda erishilgan natijalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, Kampinas universiteti jamoasiga yurtimizning boy madaniy merosi, shonli tarixi hamda sayyohlik salohiyati bilan birga, O‘zDJTU faoliyati haqidagi videoroliklar namoyish etildi.

Tadbir davomida Kampinas universiteti rahbariyati ta’lim yo‘nalishida yangi va ishonchli hamkor topganliklarini, xususan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.

Muzokaralarda o‘qituvchi, talaba va ilmiy tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, malakasini oshirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish hamda xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil qilish va boshqa o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlik qilish borasida kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida O‘zDJTU va Kampinas universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Erishilgan kelishuvlar asosida “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqildi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Kampinas universiteti Falsafa, chet tillar va adabiyoti fakulteti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tashrif doirasida 2025-yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh Assambleyasining 43-yig‘ilishi oldidan “O‘zbekiston: bebaho madaniy merosi” mavzuida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Unda o‘zbek xalqining milliy liboslari, hunarmandchilik namunalari, shirinlik va milliy taomlar, shuningdek, milliy musiqa hamda raqslari namoyish etildi. Ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgan mazkur tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zDJTU Axborot xizmati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?