Ukraina deputati AQSHning 28 banddan iborat tinchlik rejasini eʼlon qildi

11:51 21 Noyabr 2025 Dunyo
125 0

Foto: CNN

Ukraina Oliy Radasi deputati Aleksey Goncharenko oʻzining Telegram-kanalida AQSH tomonidan ishlab chiqilgan, urushni toʻxtatishga qaratilgan 28 bandlik tinchlik rejasini eʼlon qildi.

Rejaga koʻra, Ukraina suvereniteti tasdiqlanadi. AQSH Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini beradi va ayrim shartlarni belgilaydi. Shuningdek, mamlakatning neytral maqomi Konstitutsiyada mustahkamlanadi, NATOga aʼzo boʻlmaslik majburiyati qayd etiladi, Qurolli Kuchlar soni cheklanadi va yadro quroliga ega boʻlmaslik statusi saqlab qolinadi.

Qrim, Donesk va Lugansk hududlari de-fakto Rossiya tarkibida deb tan olinadi. Xerson va Zaporojye esa toʻqnashuv chizigʻi boʻylab “muzlatilgan hudud” maqomini oladi. Rejada Rossiya de-fakto nazorat qiladigan demilitarizatsiyalangan bufer zona yaratish taklif etilgan. Tomonlar kuch ishlatib chegaralarni oʻzgartirmaslik majburiyatini oladi.

Harbiy bandlar NATO qoʻshinlarini Ukrainada joylashtirishni taqiqlaydi. Alyansning qiruvchi samolyotlari Polshada turadi. Shuningdek, AQSH–Rossiya qoʻshma xavfsizlik ishchi guruhi tashkil etish va Rossiya tomonidan “hujum qilmaslik siyosati”ni huquqiy jihatdan mustahkamlash taklif qilingan.

Rejada Ukrainani tiklash uchun investitsiya paketi yaratish, Rossiyaning muzlatilgan 100 mlrd dollar aktivlaridan foydalanish nazarda tutilgan. Bu mablagʻdan tushadigan foydaning 50 foizi AQSHga yoʻnaltiriladi. Yevropadan qoʻshimcha 100 mlrd yevro ajratilishi ham koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, Ukraina taraqqiyot jamgʻarmasini tuzish taklif etiladi.

Rossiyaning xalqaro maydondagi mavqeyiga oid bandlar bosqichma-bosqich sanksiyalarni bekor qilish, mamlakatni G8ga qaytarish va AQSH bilan uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni tiklashni oʻz ichiga oladi.

Gumanitar qismda “hammani hamma evaziga” tamoyili asosida asosiy asirlar almashinuvi, oilalarning qayta birlashtirilishi, taʼlimda bagʻrikenglik dasturlari joriy etilishi belgilangan.

Energetika va yirik obyektlarga oid bandlarda Zaporojme AESni MAGATE nazorati ostida qayta ishga tushirish, ishlab chiqariladigan elektr energiyasini Rossiya va Ukraina oʻrtasida 50/50 nisbatda taqsimlash, AQSH tomonidan Ukraina gaz infratuzilmasini tiklashda koʻmak koʻrsatish koʻzda tutilgan.

Ukrainada tinchlik rejasi imzolanganidan 100 kun oʻtib saylovlar oʻtkaziladi va urushda ishtirok etgan barcha shaxslarga toʻliq amnistiya beriladi.

Reja imzolanishi bilan darhol oʻt ochishni toʻxtatish, shuningdek, tinchlik kelishuviga amal qilinmasligi uchun sanksiyalar joriy etish belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?