Oʻzbek maqom sanʼati yana bir ogʻir judolikka uchradi

21:37 17 Yanvar 2021 Madaniyat
2692 0

Oʻzbek mumtoz qoʻshiqchiligining yirik vakili, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Rahmatjon Qurbonov vafot etdi.

1959-yilda Xiva shahrida tavallud topgan sohir ovoz sohibi Rahmatjon Qurbonov oʻz ijodiy faoliyati davomida sanʼat ixlosmandlari qalbini zabt etishi barobarida, oʻzbek milliy-mumtoz qoʻshiqchilik sanʼati rivojiga munosib hissa qoʻshdi.

Rahmatjon Qurbonov “Lazgi” ansambliga rahbarlik qilgan yillarida Xorazm mumtoz qoʻshiqlari va raqslari yurtimiz hamda dunyo uzra yana-da kengroq tarannum etgan.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga oʻz hamdardligini bildirdi.

"Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan artist, “Lazgi” ansambli va Xorazm sanʼatining ustunlaridan biri, ustoz sanʼatkor Rahmatjon Qurbonovning vafoti qalblarimizni larzaga soldi.

U sanʼat sohasidagi koʻp yillik serqirra ijodiy faoliyati bilan el-yurt nazariga tushgan, respublikamizda taniqli, xalqimiz suygan xonanda edi.

Ustoz asl sanʼat durdonalaridan “Chorgoh”, “Talqini Rost”, «Katta suvora», «Chapandozi suvora», «Bozirgoniy», “Qaro koʻzim”, «Nasrulloyi», “Maxsus”, “Feruz-1”, «Feruz-II”, «Orazibon» kabi koʻplab maqom hamda mumtoz ashulalarni oʻzgacha mehr va ixlos, yuksak mahorat bilan meʼyoriga yetkazib yuqori saviyada ijro qilgan edi.

Rahmatjon Qurbonov ijodiy faoliyati davomida qardosh qoraqalpoq, ozarbayjon, turkman, turk, tojik xalq qoʻshiqlarini ham zoʻr ishtiyoq bilan kuyladi va koʻpchilikning mehrini qozondi.

Ustoz sanʼatkor oʻz ijodi bilan nafaqat sanʼatimiz rivojiga, balki xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va madaniy aloqalarni mustahkamlash ishiga ham hissa qoʻshdi. Mehnatlari munosib baholanib, davlatimizning “Mehnat shuhrati” ordeni bilan ham taqdirlandi.

R.Qurbanov koʻp yillar Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi “Lazgi” ashula va raqs ansambli rahbari lavozimida mehnat qildi va ushbu ansambl faoliyatini samarali boshqardi. Yaponiya, Xitoy, Malayziya, Germaniya, Fransiya, Angliya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya kabi oʻnlab xorijiy davlatlarda ijodiy safarlarda boʻlib, oʻzbek xalqi sanʼati, milliy qadriyatlarini jahonga targʻib qilishga musharraf boʻldi.

Xorazm viloyati filarmoniyasi direktori, benazir ustoz, Xorazm sanʼati ustunlaridan biri Rahmatjon Qurbonovning vafoti munosabati bilan marhumning oila- aʼzolariga hamda yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz!" deb yozadi vazir ushbu qaygʻuli voqea haqida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер