Ona tilimiz — xalqimizning bebaho boyligi. Uni asrab-avaylashga barchamiz masʼulmiz

09:34 22 Fevral 2019 Jamiyat
2675 0

“Xalq soʻzi” gazetasida joriy yil 14 fevral kuni chop etilgan “Yot andozalar, mavhum gʻoyalar, qurama tillar” sarlavhali maqolani oʻqib, ayrim fikr-mulohazalarimni bildirishga jazm etdim.

Bir voqea hech esimdan chiqmaydi: oʻtgan asrning yetmishinchi yillari oʻrtalarida Samarqand davlat universitetida tahsil olardik. Bir guruh talabalar Moskvaga bordik. Koʻchalarni sayr qilib yurganimizda nemis millatiga mansub ikki nafar ziyolinamo kishi bilan suhbatlashib qoldik. Albatta, tarjimon orqali. Biz Germaniyani, uning shaharlarini, ulugʻ shoir va yozuvchilarini yaxshi bilishimizni aytdik. Ular esa bizning qayerdan ekanligimizni bilishga qiziqishdi.

— Oʻzbekistondanmiz, — dedik.

Ular “bilmaymiz”, degandek bosh chayqashdi.

Gapdan-gap chiqib, “Samarqandda oʻqiymiz” deganimiz zahotiyoq:

— O-oo, Samarkand, Samarkand, — deya xitob qilib qolishdi. — Tamerlan, Tamerlan!

Oʻsha vaqtlarda Amir Temur shaxsiyati qoralangan davrlar boʻlgani bois buyuk bobomizning qadrini oʻzimiz ham yaxshi bilmas edik. Chet ellik hamsuhbatlarimiz sohibqiron bobomizni bizdan ham koʻra yaxshiroq bilishgani uchun samarqandlik talabalarga hurmat bilan qarashgan ekan.

Buyuk ajdodlarimizning nomlari bizga ham gʻurur, ham masʼuliyat yuklashi zarur. Yoshlarimiz shu narsani aniq bilishlari lozimki, chetdan kirib kelayotgan har qanday “udum”ni qabul qilaverish — bizni tariximizdan, milliyligimizdan uzoqlashtiradi, oʻzligimizdan kechishga daʼvat etadi. Oxir-oqibatda ming yillik tariximizni, qadriyatlarimiz, urf-odat va anʼanalarimizni yoʻqqa chiqaradi! Oʻzini shu Vatanning haqiqiy farzandi deb hisoblaguvchi har bir inson anʼanalarimizni targʻib etishi va undan faxr-iftixor hissini tuyishi darkor. Teleekranlarda hadeb xorij seriallarining berilishini yoqlamayman. Seriallar ham maʼlum maʼnoda bizning sharqona odob-axloqimizga putur yetkazishga xizmat qilmasmikan, deb oʻylab qolaman.

Koʻchalar, savdo doʻkonlaridagi reklamalar va peshlavhalarni oʻqib, peshonangiz tirishishi turgan gap. Ana shunday ola-quroq reklamalarni birgina poytaxtimizda emas, boshqa joylarda ham uchratish mumkin. Biz qaysi mamlakatda yashayotganimizni har qadamda his etishimiz lozim. Bizga tushunarsiz hamda tuturuqsiz xorijiy reklama va eʼlonlarning nima keragi bor? Axir davlat tili maqomi berilgan goʻzal hamda jozibador ona tilimiz bor-ku!

Tengsiz qahramonliklari evaziga Temur bobomizga “Amir” rutbasi berilgan. Bu ism emas, unvon. Bobomizga hurmat nuqtai nazaridan “Amir” soʻzini qoʻshib Amir Temur deymiz. Baʼzan “A. Temur koʻchasi”, “A. Temur shunday degan edi” qabilidagi holatlarga duch kelgudek boʻlsak, bu borada tarixchilarimiz, tilshunoslarimiz miq etmay turishlariga hayron qolasan kishi.

“Davlat tili haqida”gi Qonunga zid, gʻashga tegadigan holatlarga jimgina qarab turaversak, ona tilimizning ahvoli nima boʻladi? Mamlakatimizda Qonunni buzganlik uchun javobgarlik bor. Shunday ekan, aynan “Davlat tili haqida”gi Qonunning amal qilishi boʻyicha maxsus komissiya tuzilishi, u joylarda, xoh davlat idoralarida boʻlsin, xoh jamoat tashkilotlari yoki taʼlim muassasalarida yo xususiy korxonalarda boʻlsin, qonunbuzilish hollariga barham berishi, tilimizning sofligini saqlash uchun kurashishi maqsadga muvofiq. Albatta, bu jarayonda keng jamoatchilik va har bir yurtdoshimiz faol ishtirok etishi lozim. Negaki, ona tilimiz — xalqimizning bebaho boyligidir. Uni asrab-avaylashga barchamiz masʼulmiz.

Abduqayum BЕKKAMOV, Dehqonobod tumani.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?