Nukus suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi

Nukus suv tozalash inshootining rekonstruksiyadan keyin foydalanishga topshirilishi munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi Amanbay Orinbayev va “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ahmad Suvonqulov soʻzga chiqib, yigʻilganlarni samimiy qutladi.
Taʼkidlash joizki, oldin Nukus suv tozalash inshootida umumiy quvvati boʻyicha sutkasiga 60 ming kub metr suv yetkazib berish imkoniyati mavjud edi. Prezidentimizning tegishli qarori bilan 86,6 mlrd. soʻm mablagʻ asosida rekonstruksiya ishlari olib borilib, bu koʻrsatkich 90 ming kub metrga yetkazildi. Aholini toza ichimlik suvi bilan qamrab olish esa, oldin 279 ming nafar boʻlsa, endilikda 340 ming nafarga yetkazildi.
Bundan tashqari, Nukus shahri, Taxiatosh va Xoʻjayli tumanlarida Jahon bankining 78 mln. dollarlik mablagʻlari hisobidan 286 kilometr kanalizatsiya tarmoqlari va obyektlarida qurilish ishlari boshlanmoqda. Shuningdek, Amudaryo, Beruniy, Qoraoʻzak, Qoʻngʻirot, Moʻynoq va Nukus tumanlarida Osiyo taraqqiyot bankining 145 mln. dollarlik mablagʻlari hisobidan ichimlik suv taʼminotini yaxshilash ishlari davom ettirilmoqda.
Tantanali tadbir davomida “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan suv tozalash inshooti va oqova suv tarmoqlari korxonalariga maxsus avtotransport vositalari topshirildi.
Tadbir ishtirokchilari rekonstruksiya qilingan inshoot hamda ichimlik suvining tozaligini tekshiruvdan oʻtkazadigan laboratoriya va boshqa obyektlarda amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Gʻayrat OTAJONOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring