Endilikda bosh muharrir lavozimiga oliy maʼlumotga va noshirlik faoliyatida kamida uch yil ish stajiga ega boʻlgan shaxs tayinlanadi

15:20 04 Sentyabr 2025 Siyosat
354 0

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Keyingi yillarda mamlakatimizda noshirlik faoliyati sohasini takomillashtirishga, sifatli adabiyotlarni chop etishni qoʻllab-quvvatlashga, kitobxonlik madaniyatini ommalashtirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Senatning oʻninchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan muhokama qilingan “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritish haqida»gi Qonun ham ana shu islohotlarning mantiqiy davomidir.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Soʻnggi 4-yilda mamlakatimizda nashriyotlar soni 3,5 barobarga koʻpayib, 590 taga yetdi, shundan 90 foizini (531 ta) xususiy nashriyotlar tashkil etmoqda.

Bugungi kunga kelib nashriyotlarning ishlab chiqarish quvvati 2 barobar oshib, har yili oʻrtacha 11 ming nomda 40 mln nusxada adabiyotlar nashr etilmoqda.

Sohani rivojlantirish maqsadida 25 mln dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar kiritilgan. Shuningdek, 2025-yil 1-yanvardan boshlab nashriyot korxonalari foyda soligʻini toʻlashdan 5-yil muddatga ozod etildi.

Shu bilan birga, sohada vujudga kelayotgan yangi ijtimoiy munosabatlar, olib borilgan oʻrganishlar natijalari “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning ayrim normalarini takomillashtirish zarurati mavjudligini koʻrsatmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Soʻnggi paytlarda chop etilayotgan kitoblarda bolalarning yosh xususiyatlariga mos boʻlmagan va ongiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan axborotlar aks etgani, ayrimlari amaldagi davlat standartlari talablariga mos kelmasligi, tarixiy faktlar notoʻgʻri tarzda berilgani, noaniq va ilmiy isbotlanmagan maʼlumotlar bayon etilgani aniqlangan.

Mazkur Qonun “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunga nashriyot bosh muharririning huquqiy maqomini belgilashga, kitobxonlik madaniyatini ragʻbatlantirishga qaratilgan tuzatishlar kiritishni nazarda tutadi.

Qonunda bosh muharrir nashriyot tahririyatining ijodiy faoliyatiga rahbarlik qilishi, nashriyotning mavzu rejalari ishlab chiqilishi hamda nashrlarning qonunchilik talablariga, noshirlik faoliyati sohasidagi texnik reglamentlar (milliy standartlar) talablariga muvofiq tayyorlanishi uchun masʼul ekanligi belgilanmoqda.

Endilikda bosh muharrir lavozimiga oliy maʼlumotga va noshirlik faoliyatida kamida uch yil ish stajiga ega boʻlgan shaxs tayinlanadi. Bosh muharrir tashkilotning muassisi (muassislari) yoki rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi. Bundan tashqari, nashriyot nashrlarini chiqarish toʻgʻrisidagi qaror bosh muharrir tomonidan qabul qilinishi, u nashriyotning ijodiy faoliyati uchun javobgar ekanligi kabi normalar mustahkamlanmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Shuningdek, Qonun bilan kitobxonlikni ragʻbatlantirish kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish va oshirish tamoyili sifatida belgilanmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun kitoblarni milliy standartlar asosida chop etishga, kitoblarda qonunchilik va ijtimoiy axloqqa zid mazmundagi axborotlarning tarqatilishining oldini olishga hamda jamiyatda kitobxonlik madaniyatini, nashriyotlarning ijtimoiy masʼuliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Yunus Boʻriyev (foto), Otabek Saidahmadov

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?