Norinlik avtomaktab bekasi

10:39 15 Oktyabr 2025 Jamiyat
146 0

Norinlik Muqaddam Sultonova mashina haydashni oʻrgatadigan kamyob ayol ustozlardan. Uning shogirdiga aylangan aksariyat qizlar, oʻrta va katta yoshdagi xonimlar juda ehtiyotkor va yoʻl harakat qoidalariga qatʼiy rioya qiladi. Tuman yoʻllarida yoniga “Oʻrgatuvchi” yozuvi bitilgan “Nexia-3”ni koʻrganlar darrov bu Muqaddam opaligini bilishadi.

– Qishlogʻimizda Fotima ismli shofyor ayol boʻlardi, – deydi M. Sultonova. – Oʻsha yillari pochtaga moslashtirilgan “Moskvich” mashinasini haydab, har kuni hech ogʻrinmasdan ancha uzoqlikdagi maktabimizga tashlab oʻtardi. Oʻshanda shu opaga havas uygʻongan. Kunlar kelib avtomobil ruliga oʻtirishni maqsad qilganman. Oʻn besh yil avval haydovchilikka oʻqib, “VS” toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi guvohnoma olgandim. Orada uyimizdagi odmigina “Matiz”da hisobchilik qilayotgan korxonamga ishga borib keldim. Besh yil boʻldi, oʻzim ishlayotgan sport-texnika klubi oʻrgatuvchi usta lavozimiga tavsiya qildi.

Yangi vazifaning masʼuliyati baland. Axir, u oddiy kasbmas, oʻzidan tashqari harakatning barcha ishtirokchilari, mashinasidagilar hammasining xavfsizligini yelkasiga olishi shart boʻlgan haydovchini tarbiyalashi kerak. Yoʻl esa kichkinagina xatoni ham kechirmaydi. Qoidalarni ipidan-ignasigacha oʻzlashtirmagan kishidan ishonchli haydovchi chiqarmidi? Mashina boshqarishga yaxshigina qoʻli kelib, koʻzi pishib qolganiga qaramay Muqaddamga ancha tayyorlanishiga toʻgʻri keldi. Avtodromda ikki hafta shugʻullanib, bilganlarini yanada chuqurlashtirdi.

– Ayollarga ayol kishi murabbiylik qilgani yaxshi, – davom etadi u. – Avvalo, ayol kishi shirinsuxan va sabrli boʻladi. Agar oʻrgatuvchi erkak boʻlsa tortinadi, hayajonlanadi, berayotgan sabogʻingizni shunga yarasha qabul qiladi. Koʻp kuzatganman, shogirdlarim rulga oʻtirganda koʻzlarini mengamas, yoʻlga tikib dadil harakatlanadi. Chunki oʻziga ishonadi, yonida jinsdoshi, men oʻtirganimdan koʻngli toʻq. Bunday sharoit bilan butun oʻquv kursi uchun ajratilgan 156 soatlik amaliy mashgʻulotlarda ulovni boshqarish malakasini toʻla-toʻkis oʻzlashtirib olish mumkin.

Viloyatda birinchi boʻlib oʻrgatuvchi usta lavozimiga qabul qilingan Muqaddam qisqa fursatda hamkasblari orasida munosib oʻrin topdi. Ish boshlaganiga bir yil oʻtmay unga xizmatda foydalanish uchun yap-yangi “Nexia –3” mashinasini ajratishdi. Boshqarishga qulay, yurishi joyida. Bunday ulovda harakatlanish ham oson. Murabbiy ulovini koʻz qorachigʻidek asraydi, texnik qarovini vaqtida oʻtkazadi, bunday munosabatni shogirdlarga ham singdiradi. Mashinasining 150 ming chaqirim yoʻl bosganiga qaramay, hamon gijinglagan toydek turgani shundan. Oʻtgan vaqtda Muqaddam opa u bilan 300 ga yaqin xotin-qizlarni haydovchilikka tayyorladi. Bari yoʻl harakati qoidalaridan toʻla boxabar, intizomli boʻlib yetishgan. Koʻpchiligi shofyorlikni asosiy yumushga aylantirgan. Ulardan biri Norinning oʻzida axlat tashishga moslashtirilgan kattagina “Isuzi”ni mohirlik bilan boshqaryapti. Muxlisaxon esa shaharlararo yuk mashinasida xorijga qatnamoqda. Ustozidan olgan saboqlari yoʻllari yaxshigina tirband boʻlgan ulkan shaharlarda ham ish berayotganidan mamnun.

Qishloq ayoli haqida gap ketganda uning aslo mehnatdan qochmasligi, turmushning koʻp jabhalarida erkaklar bilan barobar faoliyat olib borayotganiga alohida urgʻu berishadi. Qoʻrgʻonchalik Muqaddam Sultonova ham korxonasidagi sakkiz soatlik ish bilan cheklanib qolishni oʻziga ep koʻrmaydi. Uy bekaligini joyiga qoʻyganidan turmush oʻrtogʻi Zokirjon aka judayam xursand. Haftada ikki bor tandirda yopib beradigan boʻrsildoq nonlarini farzand va nabiralari suyib yeyishadi. Besh-toʻrt yil avval xonadonda ikki bosh hisori qoʻyni boqishga qoʻyishgandi. Hozir oʻntaga koʻpaydi. Yetilganini vaqti-vaqti bilan bozorga chiqarishadi. Bu ham oʻziga yarasha biznes-da.

Muqaddam opa yaqinda ellik yoshini nishonladi. Qoʻni-qoʻshni, yaqinlar, ishxonadagilar tabriklashdi. Keling, endi damingizni oling, deganlar ham boʻldi. Opaning uyda oʻtirib qolgisi yoʻq, chunki kunda yoʻl oralab elga naf keltiradigan qadrdon kasbi hayotining mazmuniga aylangan. Qolaversa, bugun viloyatda uning izidan borib ushbu tizimda mehnat qilayotgan 12 nafar ayol bilan opa-singildek boʻlib qolgan, ular bilan diydorlashgan har pallasining mazmuni boshqacha.

Qudratilla NAJMIDDINOV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?