Nomlar natijani hal qilgan bahs. “Nasaf”ning kechagi oʻyini haqida

10:47 30 Sentyabr 2025 Sport
233 0

Kecha, 29-sentyabr kuni Qarshining “Nasaf” klubi OFK Elit chempionlar ligasi musobaqasi doirasida Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubini qabul qildi.

Soʻnggi 3-yilda Saudiya klublarining futbolga sarflayotgan mablagʻlari shunchalik ortib ketdiki, na faqat Oʻzbekiston, balki boshqa arab mamlakatlari ham ular bilan raqobat qilishni istamay qoʻydi. “Saudlar”ning transfer siyosatlariga javoban Qatar va BAA klublari ham katta nomlar bilan shartnoma imzolashi kutilgan edi, ammo bu amalga oshmadi.

Oʻtgan yili “Paxtakor” klubiga OFK Elit chempionlar ligasi guruh bosqichida Saudiya klublari toʻgʻri kelmadi. Bu esa “sherlar”ni ehtimoliy 9 ochkodan ayrilishdan asrab qoldi. Lekin bu yil qurʼa “Nasaf”ga Saudiya klublarini “hadya etdi”. Natijada qarshiliklar ushbu mamlakat jamoalariga qarshi oʻtkazishi kerak boʻlgan 3 ta oʻyindan 2 tasida magʻlubiyatga uchradi.

Jamoa dastlab Jidda shahridagi bahsda musobaqaning amaldagi chempioni — “Al-Ahli” klubini yaxshi qiynagan edi. Bu safar ham oʻxshash manzara kuzatildi, natija esa yana shu boʻldi.

“Al-Hilol” jamoasi ushbu uchrashuvga magʻlubiyatsiz seriyasini davom ettirayotgan holda yetdi. Jamoa shu paytga qadar Elit chempionlar ligasi, Saudiya Professional ligasi va Qirol kubogida jami 6 ta oʻyin oʻtkazib, 4 gʻalaba va 2 durang qayd etgan edi. Bu gal ham gʻalaba qoʻlga kiritildi.

“Nasaf” ham oʻyinga yaxshi kayfiyatda yetdi. Roʻziqul Berdiyev shogirdlari Jiddadagi magʻlubiyatdan soʻng, Superligada “Qizilqum”ni Navoiyda va “Xorazm”ni Qarshida magʻlub etgan edi.

Oʻyin oldidan “Al-Hilol” tarkibida yirik yoʻqotishlar bor edi: Joau Kanselu, Malkom, Darvin Nunyes va Salim Al-Davsariy jarohat sabab ishtirok etmadi.

Saudiyaliklar 3-5-2 taktikasiga yaqin uslubda oʻyin boshladi. Darvoza Yassin Bonuga ishonib topshirildi. Himoyada Kalidu Kulibali, Hasan Al-Tambaκti va Ali Al-Bulayhi harakat qildi. Yarim himoyada Muhammad Kanno va Ruben Nevesh, bogʻlovchi sifatida esa Sergey Milinkovich-Savich oʻynadi. Qanotlarda Hamad Al-Yamiy va Teo Ernandes, hujumda esa Markos Leonardo hamda Abdulloh Al-Hamdam chiqdi.

“Nasaf”da esa Jiddada qizil kartochka olgan Alibek Davronov diskvalifikatsiya sabab ishtirok etmadi.

“Ajdarlar” 4-5-1ga yaqin taktikaga suyandi: Abduvohid Neʼmatov, Igor Golban, Gʻolib Gʻaybullayev, Sherzod Nasrullayev, Shuhrat Muhammadiyev, Oybek Bozorov, Sharof Muhiddinov, Zafarmurod Abdurahmatov, Sardor Bahromov, Umar Eshmurodov va Husayn Norchayev asosiy tarkibda maydonga tushishdi. Dragan Cheran, Stefan Cholovich va Javohir Siddiqov zaxirada qoldirildi.

21-daqiqada hisob ochildi: Sergey Milinkovich-Savich toʻp uchun kurashda Abduvohid Neʼmatovning xatosidan foydalanib, “Al-Hilol”ni hisobda oldinga olib chiqdi.

25-daqiqada “Nasaf” hisobni tenglashtirdi. Sardor Bahromov 25 metr masofadan aʼlo zarba bilan Yassin Bonu darvozasini ishgʻol etdi.

Birinchi taymga qoʻshib berilgan daqiqalarda “Al-Hilol” yana oldinga chiqdi. Teo Ernandes “Nasaf”ning 5 nafar himoyachisini aldab oʻtdi va jamoasi uchun ikkinchi golni urdi.

60-daqiqada Umar Eshmurodovning uzun pasidan keyin zaxiradan tushgan Javohir Siddiqov hisobni 2:2 qildi.

Biroq 79-daqiqada “Al-Hilol” tezkor hujum uyushtirdi va Milinkovich-Savichning uzatmasini Markos Leonardo golga aylantirdi.

Uchrashuv aniq 3:2 hisobida “Al-Hilol”ning gʻalabasi bilan yakunlandi.

Oʻyindan soʻng “Sofascore” portali Sergey Milinkovich-Savichni oʻyin qahramoni deb topdi. Serbiyalik futbolchining harakatlari 8,5 ballga baholandi.

“Nasaf” futbolchilarining harakatlari esa quyidagicha baholandi:

Abduvohid Neʼmatov — 7,5

Gʻolib Gʻaybullayev — 6,1

Igor Golban — 6,3

Sherzod Nasrullayev — 5,7

Shuhrat Muhammadiyev — 5,8

Oybek Bozorov — 6,1

Sharof Muhiddinov — 6,4

Zafarmurod Abdurahmatov — 6,5

Sardor Bahromov — 7,1

Umar Eshmurodov — 7,9

Husayn Norchayev — 6,4

Javohir Siddiqov — 7,9

Dragan Cheran — 6,6

Suhrob Nurilloyev — 6,4

Javohir Ubaydullayev — 6,3

Stefan Cholovich — 6,4

Oʻyindan keyingi matbuot anjumanida “Al-Hilol” bosh murabbiyi Simone Inzagi “Nasaf” darvozaboni juda yaxshi oʻyin koʻrsatganini va Jiddada boʻlib oʻtgan birinchi tur bahsida Murod Rahmatov uning eʼtiborini tortganini aytib oʻtdi.

2-turdan soʻng “Nasaf” gʻarbiy mintaqada soʻnggi oʻrinni egallab turibdi. Biroq bu hali yakuniy xulosa emas. Keyingi turlarda qarshiliklarni “Traktor”, “Al-Shorta”, “Shabab Al-Ahli”, “Al-Vahda” kabi Berdiyev jamoasidan bir bosh ustun boʻlmagan raqiblarga qarshi bahslar kutib turibdi. Demak, “Nasaf” muxlislari keyingi bosqichdan umid qilishga haqli.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер