Nihoyatda murakkab, ziddiyatlar va sinovlarga toʻla hayot yoʻli

10:30 14 Fevral 2024 Jamiyat
243 0

“Boburnoma”ni varaqlarkanmiz, koʻz oldimizdan Markaziy Osiyo, Afgʻoniston va Hindiston xalqlariga xos boʻlgan fazilat va nuqsonlar, ularning tafakkur olamini kengligi va murakkabligi bilan birga, oʻsha davrdagi hayot muammolari, Bobur davlatidagi siyosiy va ijtimoiy hayotning toʻliq manzarasi namoyon boʻladi. Zahiriddin Muhammad Bobur oʻrta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va sheʼriyatida oʻziga xos oʻrin egallagan adib, shoir, olim boʻlish bilan birga yirik davlat arbobi va sarkardadir. Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomi qolgan boʻlsa, serjilo turkiy tilida yozilgan “Boburnoma” asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan ham joy oldi. Uning nafis gʻazal va ruboiylari turkiy sheʼriyatining eng nodir durdonalari boʻlib, “Mubayyin” (“Bayon etilgan”), “Xatti Boburiy”, “Harb ishi”, Aruz haqidagi risolasi esa islom qonunshunosligi, sheʼriyat va til nazariyasi sohalariga munosib hissa boʻlib qoʻshildi.

Adabiyot, nafis sanʼat, tabiat goʻzalligiga yoshligidan mehr qoʻygan Zahiriddin, barcha Temuriy shahzodalar kabi bu ilmlarning asosini otasi saroyida yetuk ustozlar rahbarligida egalladi. Biroq uning betashvish yoshligi uzoqqa choʻzilmadi. 1494-yili otadan yetim qoldi. 12 yoshida otasi oʻrniga Fargʻona ulusining hokimi etib koʻtarilgan Bobur qalamni qilichga almashtirib, Andijon taxti uchun ukasi Jahongir Mirzo, amakisi Sulton Ahmad Mirzo, togʻasi Sulton Mahmudxon va boshqa raqiblarga qarshi kurashishga majbur boʻldi. Bobur ukasi Jahongir Mirzo bilan murosaga kelish uchun unga yon berishga Fargʻona ulusini ikkiga taqsimlab, yarmini ukasiga topshirishga qaror qildi va oʻzi Samarqand uchun olib borilayotgan kurashga kirishib ketdi. Bir necha yil davom etgan bu kurash qirgʻinbarotdan boshqa biror natija bermadi: unda katta harbiy kuch bilan aralashgan Shayboniyxonning qoʻli baland keldi va Bobur Samarqandni tashlab ketishga majbur boʻldi. 1504-yili Shayboniyxon Andijonni ham qoʻlga kiritgandan soʻng Bobur janubga qarab yoʻl oldi va Kobul ulusida oʻz hokimiyatini oʻrnatdi. 1505–1515-yillarda u Markaziy Osiyoga qaytishga bir necha bor urinib koʻrdi. Ammo bu urinishlardan hech qanday natija chiqmadi. Soʻng oʻz mavqeini yanada mustahkamlash maqsadida, 1519–1525-yillar davomida Hindistonni qoʻlga kiritish uchun bir necha bor janglar olib bordi. 1526-yil aprel oyida Panipatda Hindiston Sultoni Ibrohim Loʻdi bilan va 1527-yili mart oyida Chitora hokimi Rano Sango bilan boʻlgan janglarda Boburning qoʻli baland keldi. Tarixiy maʼlumotlarning bayon qilishicha, Boburning Hindistonga yurishida Dehli hukmdori Ibrohim Sulton siyosatidan norozi boʻlgan Panjob hokimlari ham Boburni qoʻllaganlar va Sikri jangidagi bu gʻalaba Boburga Hindistonda oʻz hukmronligini uzil kesil oʻrnatish va Boburiylar sulolasini barpo etish imkoniyatini berdi.

Yevropa tarixchiligida “Buyuk moʻgʻullar” nomi bilan “gʻalati mashhur” boʻlgan, aslida “Boburiylar sulolasi” Hindistonda 300-yildan ortiq hukmronlik qildi. Bobur bu gʻalabadan keyin uzoq yashamadi – 1530-yil dekabr oyida Agra shahrida vafot etdi. Keyinroq uning vasiyatiga koʻra farzandlari uning xokini Kobulga olib kelib dafn etdilar.

Biroq qisqa bir vaqt ichida Bobur Hindistonda siyosiy muhitni barqarorlashtirish, Hindiston yerlarini birlashtirish, shaharlarni obodonlashtirish, savdo-sotiq masalalarini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, bogʻ-rogʻlar yaratish ishlariga homiylik qildi. Hindistonni obodonlashtirish, unda hozirgacha mashhur boʻlgan meʼmoriy yodgorliklar, bogʻlar, kutubxonalar, karvonsaroylar qurdirish, ayniqsa, uning oʻgʻillari va avlodlari davrida keng miqyosga yoyildi. Hindiston sanʼati va meʼmorchiligiga Markaziy Osiyo uslubining kirib kelishi sezila boshladi.

Bobur va uning hukmdor avlodlari huzurida oʻsha davrning ilgʻor va zehni oʻtkir olimlari, shoirlari, musiqashunoslari va davlat arboblarini mujassam etgan mukammal bir maʼnaviy, ruhiy muhit vujudga keldi. Boburiylar davlatidagi madaniy muhitning Hindiston uchun ahamiyati haqida Javaharlaʼl Neru shunday yozgan edi: “Bobur Hindistonga kelgandan keyin katta siljishlar yuz berdi va yangi ragʻbatlantirishlar hayotga, sanʼatga, arxitekturaga toza havo baxsh etdi, madaniyatning boshqa sohalari esa bir-birlariga tutashib ketdi”.

Moziyning koʻhna sahifalari shundan dalolat beradiki, ona yurtimizda koʻplab soʻz sanʼatkorlari, maʼrifat dargʻalari kamol topdi. Ular avlodlar xotirasida mangu yashaydigan oʻlmas siymolarga aylandi. Zamonlar oʻzgaradi, insonlarning yashash tarzida roʻy bergani kabi dunyoqarashida ham oʻzgarishlar sodir boʻladi, ammo bu zotlarning nomi barhayot qolaveradi. Alisher Navoiy, Mavlono Lutfiy, Atoiy, Sakkokiy, Ogahiy, Soʻfi Olloyor… Bu roʻyxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Ana shu muborak nomlar bilan bir qatorda shubhasiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi ham tilga olinadi.

Sharqdagi uygʻonish davrining buyuk namoyandalari orasida Zahiriddin Muhammad Bobur siymosi alohida ajralib turadi. Boburning ijodiy faoliyatiga baho berish chogʻida shoir faoliyatining keng tarmoqli ekaniga ahamiyat qaratish zarur. Bu toifaga mansub ijodkorlar sharq adabiyotida unchalik koʻp emas. Boburning hayot yoʻli esa nihoyatda murakkab, ziddiyatlar va sinovlarga toʻla.

Bu shafqatsiz hayotda 12 yoshda otasiz qolish, butun toju taxtni qoʻlga olish oson ish emas edi. Oʻz yaqinlari, jonu jigarlari tomonidan bir necha sotqinlik, xiyonat va suiqasdlar, taqdirning chidab boʻlmas sinovlari, sargardonlik, Vatandan judo boʻlishga bardosh bera olgan bu inson adabiyotimiz uchun ham ulkan meros qoldirib ketdi. Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi va faoliyati oʻz zamonasining qarama-qarshiliklari negizida shakllangan. Aytish mumkinki, u ham barcha ijodkorlar singari oʻz davrining farzandi. Shuning uchun ham Bobur sheʼrlaridagi kayfiyatga qarab shoir yashagan davrni tasavvur etish mumkin. Uning adabiy merosida adabiyot uchun hech qachon eskirmaydigan va oʻzining badiiy ahamiyatini yoʻqotmaydigan gʻoyalar bor. Zahiriddin Muhammad Bobur oʻz sheʼriyati bilan inson yuragining sohir manzaralarini kashf eta olgan. Shoir sheʼrlarida goh toleʼ yoʻqligidan shikoyat qiladi, gohida bahor chogʻidagi goʻzalliklarni yoshlikka qiyoslaydi va bu qiyoslardan oʻzi ham zavq oladi. Taʼbir joiz boʻlsa, Bobur ijodida baxt va kulfat, ishq va nafrat, visol va ayriliq, najot va ilojsizlik yonma-yon yuradi. Shoir oʻz ijodi vositasida oʻzaro qarama-qarshi boʻlgan bu tuygʻularning betakror mutanosibligiga erisha olgan.

Bobur oʻzidan oldin yashab oʻtgan shoirlardan farqli tarzda ijodida xalq tili bilan adabiy til oʻrtasidagi oʻrtamiyona bir uslubni tanlab oladi. Uning adabiyotda erishgan muvaffaqiyatlari ham ijodining mazkur fazilati bilan chambarchas bogʻliqdir. Maʼlumki, Alisher Navoiy ijodiy faoliyati davomida shakl va mazmun uygʻunligiga erishish yoʻlida juda koʻp ezgu ishlarni amalga oshirdi. Keyinchalik Navoiyning maʼnaviy shogirdi boʻlgan Zahiriddin Muhammad Bobur ham ustozi izidan bordi. Shoirning dilbar gʻazallari, ruboiylari, ilmiy asarlari badiiy tafakkurning noyob gavharlariga айланди.Бобур oʻzbek sheʼriyatiga oʻziga xos yangicha ruhni olib kirdi. Sheʼrlaridagi sodda va barchaga birdek tushunarli boʻlgan ifodalar, samimiy dil izhorlari, dardning dilkash ohanglari ila koʻngillarni zabt этди.Заҳириддин Muhammad Bobur sheʼriyati oʻz xususiyatlari bilan Mavlono Lutfiy sheʼriyatiga yaqin turadi. Uning gʻazallari boshqa sharq shoirlari singari murakkab emas. Aksincha, har bir oʻquvchi uchun tushunarli hamda ravon uslubda yozilgan. Vazn jihatidan ham Bobur va Lutfiy sheʼriyati oʻrtasida oʻzaro oʻxshashlik bor. Adabiyotshunos olimlarimizdan Ibrohim Haqqul Lutfiy va Bobur ijodidagi oʻxshashliklarni oʻz izlanishlarida birinchilardan boʻlib qayd eta olgan. Darhaqiqat, Bobur dilbar shoir. U – soʻz musavviri. Bunday deyishga toʻliq asosimiz bor. Negaki shoir soʻz vositasida ona yurt manzaralarini, tabiat goʻzalliklarini tasvirlaydi. Bobur gʻazallarida subhidam chogʻi gʻuncha uzra yogʻilgan shabnam nafisligi, yomgʻirdan soʻng osmon toqiga narvon solgan kamalak jilosi, muhabbatli koʻngilning jamiki sirlari oʻz mujassamini topgan.
Behzod ADIZOV, Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tayanch doktoranti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер