Nanay – turizm qishlogʻiga aylandi

Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Yangiqoʻrgʻon tumanidagi Nanay qishlogʻi bepoyon yurtimizning shimoliy sharqiy qismida, Qirgʻiziston chegarasida joylashgan xushhavo maskan. Mashhur qoʻshiqqa mavzu boʻlgan Namanganning qirmizi olmalari shu joyda pishib yetiladi. Bugina emas. Viloyat markazidan 65 chaqirim masofada, togʻlar etagida yastanib yotgan togʻoldi goʻshasi yam-yashil manzaralari bilan jozibador. Kislorodga boy havosining soʻlimligi, ayniqsa, dilni tortadi. Yozning jazirama kunlarida ham bu yerda harorat shahardagidan deyarli 15-20 daraja past boʻladi. Betakror tabiati, mehmondoʻstligi bilan eʼtiborga tushgan qishloqning sayyohlarni mudom oʻziga chorlab kelgani shundan. Soʻnggi yillarda Nanayning turizm salohiyati imkoniyatlarini toʻla ishga solish yuzasidan keng koʻlamli harakatlar boshlab yuborilganligi uning yanada obod boʻlishi, aholi turmush sharoitining yuksalishiga yoʻl ochdi. Ayni paytda qishloqda 10 ta zamonaviy dam olish maskani, 15 ta gastronomik turobyekt, 150 dan ortiq mehmon uylari, shunga mos infratuzilma xizmatda. Birgina joriy yil sakkiz oyining oʻzida 17 ming xorijiy va 250 mingdan koʻproq mahalliy mehmonlar kutib olib, kuzatib qoʻyildi.
Sayyohlik industriyasi jadal kirib kelishi bilan Nanayda oilaviy mehmon uylari faoliyati ommaviy tus ola boshladi. “Doʻstlik” mahallasida yashovchi Habibullo Mirzaaliyev 2019-yili viloyatda birinchi boʻlib, ayni yoʻnalishda xizmat koʻrsatish sertifikatiga ega boʻlgan. Uning “Gulizebo Gulnoza” oilaviy mehmon uyining imkoniyatlari chakki emas. Tunab qoluvchilar uchun moʻljallangan 14 ta shinam xona televizor, muzlatgich va boshqa zarur jihozlar bilan taʼminlangan. Yana 10 ta xona gastronomik turizmga moslashtirilgan. Mehmonlarga beshbarmoq, choyxona palov, qotirma, dimlama, qaynatma shoʻrvadan tashqari muzdekkina, qimiz, ayron, qurtob ham taklif etiladi.
Sayyohlikka ixtisoslashtirilgan qishloqdagi oʻzgarishlar, sohaning mustahkam asosini yaratish borasidagi saʼy-harakatlar Nanayni Oʻzbekiston Shveysariyasiga aylantirdi. Vazirlar Mahkamasining joriy yil avgustidagi tegishli qarori bilan unga Fargʻona vodiysida birinchi boʻlib rasmiy ravishda “Turizm qishlogʻi” maqomi berilganligi ham buning yaqqol tasdigʻidir.
— Qishloqqa nufuzli rasmiy maqom berilishi uni yanada rivojlantirish istiqbollarini ochadi, — deydi viloyat hokimining oʻrinbosari Botir Nuriddinov. — Ayni paytda bu yerda 30 million dollar qiymatdagi 87 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ular ijrosi bilan Nanayning hozirgi bir vaqtning oʻzida 2500 ga yaqin sayyohni qabul qilish imkoniyatlari ikki-uch baravar ortadi. Hudud ahli uchun shunga yarasha mehnat oʻrinlari ham yuzaga keladi.
Namangan sayyohlik salohiyatining viloyatdagi bir qishloq misolidagi natijador harakatlar viloyatda sohaning istiqboli, uni iqtisodiyotning ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylantirilayotganidan dalolat beradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring