Namanganlik suvsozlar sunʼiy intellekt asosidagi raqamli boshqaruvni joriy etishga kirishmoqda
Ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib turgan Namangan viloyati delegatsiyasining xizmat safari doirasida suv taʼminoti sohasida sunʼiy intellekt va raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish boʻyicha ilgʻor tajribalar oʻrganilmoqda.
Xususan, Xitoyning texnologik markazi hisoblangan Shenzhen shahrida joylashgan “Longgang Smart Center” ilmiy-amaliy markazida tajriba almashish ishlari olib borildi. Mazkur markaz bugungi kunda Shenzhen shahri infratuzilmasini real vaqt rejimida boshqaruvchi zamonaviy “aqlli shahar” platformasi hisoblanib, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar asosida kommunal, transport, energetika hamda boshqa sohalarni muvofiqlashtirib kelmoqda.
Markaz faoliyati bilan tanishuv jarayonida namanganlik mutaxassislar tomonidan suv taʼminoti, kanalizatsiya va boshqa kommunal xizmatlarni sunʼiy intellekt orqali boshqarish boʻyicha jahonda qoʻllanilayotgan eng soʻnggi amaliy yechimlar oʻrganildi. Jumladan, suv tarmoqlaridagi nosozliklarni oldindan aniqlash, yoʻqotishlarni kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanish hamda xizmat koʻrsatish tezligini oshirishga qaratilgan raqamli texnologiyalar katta qiziqish uygʻotdi.
— Oʻrganilgan tajribalar asosida tizimimizda yaqin kunlarda “Longgang Smart Center” bilan hamkorlikda sunʼiy intellekt asosida xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirib oldik, — deydi “Namangan suv taʼminoti” aksiyadorlik jamiyati rahbari Muxtorjon Xojiyev. — Oʻtkazilgan muzokaralar davomida hamkorlikda ishlash, texnologiyalarni joriy etish hamda mutaxassislar oʻrtasida tajriba almashish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Qayd etilishicha, mazkur hamkorlik Namangan viloyatida suv taʼminoti sohasini toʻliq raqamlashtirish, avariya holatlarini tezkor bartaraf etish, suv resurslarini aniq hisobga olish va taʼminot ishonchliligini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring