Namanganda 150 mln dollarlik chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi zavod qurilishi boshlandi
Oxirgi yillarda viloyatda uzoq muddatga moʻljallangan chiqindi poligonining yoʻqligi, mavjudlarining esa joydan-joyga koʻchirilishi jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda edi. Chust tumanining Zarafshon mahallasi hududida barpo etilayotgan ekosanoat zonasi esa bu muammoga maqbul yechim boʻlishi kutilayotir.
Tanlab olingan 15 gektar yer maydonining 10 gektarida “Everbright Environmental Energy Namangan” MCHJ tomonidan xitoylik investorlar bilan hamkorlikda qiymati 150 mln dollar boʻlgan “Chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish” loyihasi amalga oshiriladi.
Korxonaning birinchi navbati kelgusi yilda ishga tushirilishi, 2027-yilda esa toʻliq foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Yangi zavod yuqori quvvatga ega: u yiliga 547,5 ming tonna chiqindini qayta ishlab, shu orqali 310 mln kVt/soat elektr energiyasi hosil qiladi. Uning 254 mln kVt/soati elektr tarmoqlariga uzatiladi. Bu taxminan 300 ming aholining yillik elektr energiyasi ehtiyojiga teng demakdir.

— Loyiha amalga oshirilishi natijasida bir kunda oʻrtacha 1 450 tonna, yiliga 529,3 ming tonna chiqindini toʻplash va toʻliq qayta ishlash imkoniyati yaratiladi, — deydi viloyat Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Qobiljon Mirahmedov. — Dastlabki bosqichda 6 ta tumandan tashilgan chiqindilar Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi qayta yuklash stansiyasiga yetkaziladi, saralanadi va mazkur zavodga olib kelinadi. Quvvat toʻla oʻzlashtirilgandan soʻng butun viloyat hududi shu tizim bilan qamrab olinadi.
Kecha Namangan viloyati ekologiyasini tubdan yaxshilashga xizmat qiladigan ushbu dolzarb loyihaga rasman start berildi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring