Muhammad Xorazmiydan Zahiriddin Muhammad Boburgacha: Euronews va CNN talqinida zamonaviy dunyoni anglash uchun muhim oʻn maʼrifatparvar shaxs
“Euronews” va CNN xalqaro telekanallari tomonidan amalga oshirilayotgan “Maʼrifat aks-sadosi” loyihasi doirasida Oʻzbekistonning oʻn nafar buyuk tarixiy shaxsiyatiga bagʻishlangan videoroliklar turkumining namoyishi rejalashtirilmoqda. Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Mazkur tashabbus Markaziy Osiyo zaminida shakllangan boy intellektual va maʼnaviy merosni xalqaro jamoatchilikka zamonaviy formatda taqdim etishga qaratilgan. Videoloyihada tarixiy voqealar va ilmiy meros keng auditoriya uchun tushunarli, vizual va tahliliy uslubda yoritiladi.
Loyihaning hikoyachisi sifatida “Oskar” mukofoti sohibi, jahon miqyosida taniqli aktyor Ben Kingsli ishtirok etmoqda. Uning ovozi orqali berilayotgan hikoyalar loyihaning xalqaro taʼsir doirasini yanada kengaytiradi hamda murakkab tarixiy va ilmiy masalalarni jahon tomoshabiniga yaqinlashtiradi.
Videoroliklar Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod va Zahiriddin Muhammad Boburga bagʻishlangan. Ushbu shaxslar matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, sanʼat va davlatchilik tafakkuri rivojida hal qiluvchi oʻrin tutgan allomalar sifatida jahon sivilizatsiyasi tarixida muhim ahamiyat kasb etadi.
— “Maʼrifat aks-sadosi” loyihasi — oʻtmish haqidagi hikoya emas, balki kelajak bilan maʼnoli muloqot. Bizning vazifamiz — Markaziy Osiyo zaminida shakllangan, jahon ilmi, madaniyati va inson tafakkuri taraqqiyotiga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatgan sivilizatsiyalarni, shaxsiyatlar va kashfiyotlarni dunyoga qaytarish. Ushbu loyihani amalga oshirish Davlat rahbari topshiriqlariga muvofiq belgilangan vazifalarni bajarishdagi yana bir muhim qadamdir, — dedi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov.
Loyiha orqali zamonaviy sivilizatsiyaning koʻplab asosiy gʻoyalari Yevropa universitetlari vujudga kelishidan ancha oldin Buyuk Ipak yoʻli hududlarida shakllangani ilmiy va madaniy jihatdan asoslab koʻrsatiladi. Bu esa Markaziy Osiyoning insoniyat taraqqiyotida tutgan oʻrnini qayta anglashga xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring