Mehmonxona qurish va jihozlash uchun subsidiya ajratiladi. Nizom 2024-yil 1-oktyabrdan 2026-yil 31-dekabrgacha amal qiladi

10:22 16 Sentyabr 2024 Iqtisodiyot
418 0

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati Qarori bilan “Modulli mehmonxonani qurish va jihozlash uchun subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, subsidiya 2024-yil 1-oktyabrdan 2026-yil 1-noyabrgacha muvofiqlik sertifikati berilgan yangi tashkil etilgan hamda kamida 10 ta moduldan iborat boʻlgan modulli mehmonxona uchun uning toifasidan qatʼi nazar ajratiladi.

Subsidiya modulli mehmonxonada yaratilgan har bir joy uchun 1 million soʻmdan belgilanadi. Tadbirkor subsidiya olish uchun ariza taqdim etish vaqtida bir qator talablarga javob berishi lozim.

Xususan, tadbirkorning soliq va yigʻimlar boʻyicha qarzdorligi boʻlmasligi, mehmonxona qayta tashkil etish yoki tugatish jarayonida boʻlmasligi, mehmonxonaning faoliyati qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda vaqtincha toʻxtatilgan boʻlmasligi kerak.

Shuningdek, sud qarori asosida toʻlovga qobiliyatsiz deb eʼlon qilinmagan va modulli mehmonxonaga berilgan muvofiqlik sertifikati hamda yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjat mavjudligi ham tekshiriladi.

Subsidiya olish uchun tadbirkor davlat xizmatlari markaziga yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali Turizm qoʻmitasiga belgilangan shaklda ariza bilan murojaat qiladi. Qoʻmita ariza kelib tushgan kundan 15 ish kunida uning Nizomda belgilangan talablarga muvofiqligini joyiga chiqqan holda oʻrganib chiqadi.

Maʼlum boʻlishicha, Qoʻmita arizani oʻrganib chiqib, 1 ish kunida subsidiya berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi hamda qarorning elektron nusxasini qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran 1 ish kunida ariza beruvchiga yuborishi koʻzda tutilgan.

Qayd etish kerakki, Nizom 2024-yil 1-oktyabrdan 2026-yil 31-dekabrgacha amal qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?