Mashaqqatdan topmasang rohat, nega kelding yorugʻ dunyoga?

13:08 25 Aprel 2023 Madaniyat
1245 0

Foto: Arxiv surat

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Hamid Gʻulom 1919-yil 25-aprelda tavallud topgan. Taniqli shoir, nosir va dramaturg sifatida adabiyot ixlosmandlari mehrini qozongan ijodkorning “Qasosim bor”, “Haykal”, “Vatan kuylari”, “Yangi bogʻ”, “Qitʼalar uygʻoq”, “Oshiq koʻngil”, “Vafoning uzun yoʻli” kabi sheʼriy toʻplamlari, “Mashʼal”, “Toshkentliklar”, “Mangulik” va boshqa nasriy asarlari oʻquvchilar qoʻliga yetib borgan.

Adibning “Vafoning uzun yoʻli” nomli xotiralar toʻplami ham kitobxonlar tomonidan qizgʻin kutib olingan.

Shuningdek, ijodkor A. Pushkin, M. Lermontov, V. Shekspir, T. Shevchenko, Lone de Vega kabi yozuvchilarning asarlarini ham oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

“El-yurt hurmati” va “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan mukofotlangan Hamid Gʻulom 2005-yil 21-avgustda Toshkent shahrida vafot etgan.

Oh, sening yoshliging menda boʻlsaydi…

Koʻngil yoshligini har dam qoʻmsaydi,

Oh, sening yoshliging menda boʻlsaydi!

Takror etmas edim bagʻri toshliging,

Oh, menda boʻlsaydi sening yoshliging!

Namuncha yengilsan, namuncha daydi!

Oh, sening yoshliging menda boʻlsaydi,

Boʻlmasdi begʻamlik, bebardoshliging,

Oh, menda boʻlsaydi sening yoshliging!

Tong yulduzi kabi bir on kulsaydi!

Oh, sening yoshliging menda boʻlsaydi,

Oʻtda yondirardim koʻngil gʻashliging,

Oh, menda boʻlsaydi sening yoshliging.

Yurak ilk sevgiga yana toʻlsaydi!

Oh, sening yoshliging menda boʻlsaydi,

Shodlik, koʻklamliging, serquyoshliging

Jahon yoritardi xuddi yoshliging!

Imtihon

Maktabda tugamas imtihon,

Dorilfununda ham tugamaydi u.

Hududga egamas imtihon,

U – silsila, poyonsiz, mangu.

Bolaligim imtihonda oʻtdi,

Yoshligimda qildilar sinov.

Imtihonning poyoni yetdi, –

Dedim sochga tushganda qirov.

Yoʻq, yangisi boshlandi yana,

Avvalgidan zil, ogʻirrogʻi.

Yangi davr – yangi poʻrtana,

Yangi kuchlar jangi, sinogʻi.

Chiniqadi iroda, imon,

Tun ketidan yorishar sahar.

Shu eʼtiqod bilan har qachon

Yangi jangga bogʻlayman kamar.

Umr esa oqin daryodir,

Toʻxtamaydi, yelib boradi.

Yangi dunyo koʻhna dunyodir,

Qachon ezgu tong oqaradi?

Qiynoqlardan qutulib bu jon

Qachon sokin oladi orom?

Hoy, imtihon, qattol imtihon,

Qachongacha etasan davom?

Olislardan, nurli ufqdan

Savolimga keladi javob:

Paydo boʻlmas hech narsa yoʻqdan,

Rohat yoʻqdir chekmasdan azob.

Kecha-kunduz chekmasang zahmat,

Intilmasang olis ziyoga,

Mashaqqatdan topmasang rohat,

Nega kelding yorugʻ dunyoga?

Hamid GʻULOM,

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?