Oʻzbekiston — Pokiston: oʻzaro manfaatli hamkorlik istiqbollari
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan faol tashqi siyosat tufayli soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning xorijiy davlatlar bilan oʻzaro manfaatli doʻstona aloqalari tobora mustahkamlanmoqda. Xususan, Oʻzbekiston — Pokiston munosabatlari, ayniqsa, iqtisodiy yoʻnalishda yangi surʼat bilan rivojlanayotganini koʻrishimiz mumkin. Bunda ikki davlat iqtisodiyotining oʻzaro raqobatchi emas, balki bir-birini toʻldiruvchi ekani muhim omil boʻlmoqda. Shu maʼnoda, mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikni yuqori darajaga koʻtarish uchun katta imkoniyatlar mavjud.
Avvalo, Pokistonning jugʻrofiy joylashuvi Oʻzbekistonga Arab dengiziga chiqish uchun eng qisqa savdo yoʻnalishini taqdim etadi. Pokiston orqali savdo qilish Oʻzbekiston uchun dengizga chiqishning eng samarali yoʻli hisoblanadi. Xuddi shunday, Markaziy Osiyo bozorlari bilan oʻzaro munosabatlarni kengaytirishga xizmat qiladigan aloqalarni oʻrnatish Pokistonning asosiy maqsadlaridan biri.
Ikki mamlakat yetakchilarining muntazam muloqotlari tufayli aloqalar strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi. Transport, qishloq xoʻjaligi, yengil sanoat, farmatsevtika va boshqa tarmoqlardagi hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. Oʻzaro savdo hajmini yaqin istiqbolda 1 mlrd. dollarga yetkazish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” qabul qilingan. Avvalo, savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, transport, logistika, infratuzilma va turizm sohalarida hamkorlik boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga, madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Islomobodga va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning oʻtgan yili Toshkentga tashriflari doirasida oʻtkazilgan biznes-forumlar, tadbirkorlar oʻrtasidagi muloqotlar chogʻida toʻqimachilik, farmatsevtika, qurilish materiallari, bank-moliya, kimyo sanoati va boshqa yoʻnalishlarda oʻnlab savdo va investitsiya loyihalari boʻyicha kelishuvlarga erishilgan edi. Bu loyihalarning barchasi sanoat kooperatsiyasi dasturiga kiritilib, qatʼiy nazoratga olingan. Shuningdek, oliy darajali tashriflar chogʻida imzolangan hamda kuchga kiritilgan Tranzit savdo hamda Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimlar ikki xalqning farovon hayotini taʼminlashga, milliy iqtisodiyotlarimizning barqaror rivojlanishiga xizmat qilyapti.
Termiz — Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar temir yoʻli bizning umumiy kelajagimizdir. Bu yoʻl bitsa Pokistonni Markaziy Osiyo bilan bogʻlaydigan, Oʻzbekistonni Karachi, Gvadar va Qosim portlariga olib chiqadigan eng yaqin, arzon va xavfsiz yoʻlak yaratiladi. Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlashga qaratilgan, “asr loyihasi” deb atalayotgan mazkur temir yoʻlni qurish nafaqat mamlakatlarimiz, balki butun mintaqa xalqlari umumiy ravnaqiga hissa qoʻshadi. Natijada mintaqaviy savdo, iqtisodiy hamkorlik rivojlanadi. Temir yoʻlning uzunligi taxminan 760 kilometr boʻlib, uchta davlatni bir-biri bilan bogʻlaydi. Transafgʻon temir yoʻli ishga tushgach, Pokistondan Oʻzbekistonga yuk tashish muddati 35 kundan 3 — 5 kungacha qisqaradi. Bitta standart konteynerni tashish narxi qariyb uch barobar arzonlashishi kutilmoqda. Bundan tashqari, yana bir transport yoʻlagi loyihasi ustida ish olib borilyapti. Bu Belarus, Rossiya, Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Pokiston orqali oʻtuvchi multimodal transport yoʻlagini yaratish boʻyicha kelishuv boʻlib, mazkur loyiha orqali ham yuk tashish jarayoni osonlashadi, vaqti qisqaradi.
Hozirda Pokiston Markaziy Osiyo davlatlari bilan birgalikda SHHT doirasida terrorizm va narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda ishtirok etmoqda. Dunyoda geosiyosiy keskinlik kuchaygan, terrorizm bosh koʻtarayotgan bir paytda bu boradagi aloqalardan har ikki tomon ham manfaatdor. Shu maʼnoda, Afgʻonistonda doimiy tinchlik va barqarorlik boʻlishi muhim. Gap shundaki, uzoq yillar Afgʻoniston omili Pokistonning Markaziy Osiyodagi manfaatlari va ular bilan qalin sheriklik munosabatlari yoʻlidagi asosiy toʻsiq boʻlib kelgan. Endi esa tinch Afgʻoniston imkoniyatlar oʻlkasiga aylanyapti. “Janub sari yoʻl” — Afgʻoniston orqali Pokiston va Hindiston portlariga chiqish, qolaversa, janubimizda joylashgan qariyb ikki milliard nufusga ega bozorga kirish imkoniyati, degani. Oʻzbekistonning tashqi siyosatdagi koʻp vektorli formatga oʻtishi iqtisodiyotimizning logistik jihatdan qaramligiga barham beradi.
Ochigʻini aytganda, 2016-yilgacha Markaziy Osiyo mamlakatlarida Islomobodga nisbatan ehtiyotkorona munosabat mavjud edi. Mintaqa davlatlari rasmiylari Afgʻonistondagi notinchlikdan xavotirda ekani vaziyatni yanada murakkablashtirayotgandi. Ammo davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning ochiqlikka va pragmatizmga asoslangan tashqi siyosati tufayli hammasi oʻzgardi. Afgʻonistonda qaror topgan birmuncha osoyishtalik va tinchlik Markaziy Osiyo davlatlari hamda Pokiston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash imkonini yaratdi. Baʼzi iqtisodiy loyihalar allaqachon amalga oshirilmoqda. Logistika, biznes, taʼlim sohalaridagi hamkorlik ham izchil rivojlanib boryapti.
Madaniy-gumanitar soha sheriklikning eng muhim va istiqbolli yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab olingan. Qadimiy Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgan Oʻzbekiston va Pokiston xalqlarini azaldan umumiy tarix va boy maʼnaviy meros chambarchas bogʻlab turadi. Har ikki mamlakat ham fan, sanʼat, kino, sport sohalaridagi aloqalarni kengaytirish, yoshlarga oid dasturlarni amalga oshirish tarafdori. Oʻzbekistonda yil sayin urdu tilini oʻrganishga qiziqish ortib borayotir. Pokistonda ham Islomobod zamonaviy tillar universiteti, Panjob va Peshovar universitetlari kabi oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek tili va adabiyoti, Oʻzbekiston tarixini oʻrganishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzaro taʼlim dasturlari doirasida ikki davlat universitetlari oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolangan.
Oʻzbekiston rahbarining toʻrt yil oldin Islomobodga tashrifi davomida salmoqli hujjatlar toʻplami, jumladan, Strategik sheriklikni rivojlantirish boʻyicha kelgusi qadamlar toʻgʻrisida qoʻshma deklaratsiya imzolangan edi. Unda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan saʼy-harakatlar belgilab olingan. Maʼnaviy ildizlardan kuch va ilhom olayotgan aloqalar xalqlarimizning orzu-intilishlariga, ikki davlat oʻrtasidagi ulkan rejalarga mos ravishda yangi marralarga koʻtarilmoqda. Masalan, 2025-yil 3-yanvar kuni Karachi shahrida “UzbekPak International Trading Centre” savdo uyi va “UzbekPak Cultural Centre” madaniy markazining ochilishi mintaqaviy bogʻliqlikni mustahkamlash, oʻzaro savdo hajmini oshirish va investorlar uchun zarur maʼlumotlar taqdim etishga xizmat qiladi.
Turizm mamlakatlarimiz salohiyatidan foydalanishda muhim oʻrin tutadi. Turistik oqimni ragʻbatlantirish maqsadida ikki davlat oʻrtasida viza tartibi yengillashtirildi, toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyildi. Bu oʻzaro aloqalarga yangicha mazmun baxsh etadi. Ishbilarmonlar uchun vaqt eng qimmatbaho neʼmat, qayta tiklanmas resurs hisoblanadi. Ochilayotgan yangi havo yoʻllari ikki mamlakat tadbirkorlarining qimmatli vaqtini tejab, aloqalarni jadallashtiradi va yangi qoʻshma loyihalarga zamin yaratadi.
Yana bir eʼtiborli jihat. Pokiston Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlib kirishiga xayrixoh. Bu borada 2024-yil 6-dekabr kuni Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasida mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida memorandum imzolandi. Ushbu hujjat JSTga qoʻshilish jarayonida Oʻzbekiston tomonidan olib borilayotgan islohotlar, xalqaro savdo tizimiga integratsiya boʻyicha mamlakatning jiddiy saʼy-harakatlari tan olinishini tasdiqlaydi. Oʻzbekiston Pokiston uchun Markaziy Osiyo bozoriga kirish yoʻlida darvoza, shuningdek, Rossiya va Yevropaga chiqishda muhim tranzit davlat hisoblanadi.
Pokiston — aholi soniga koʻra dunyoning beshinchi yirik mamlakati. Yalpi ichki mahsuloti xarid qobiliyati pariteti boʻyicha dunyoda 23-oʻrinni egallaydi. Shu bilan birga, Pokiston toʻqimachilik sanoati, bugʻdoy, paxta, sholi yetishtirish borasida yetakchilardan. Axborot texnologiyalari sektori ham katta salohiyatga ega. Bu sohalarda mamlakatlarimiz hamkorligi bir-birini toʻldiruvchi boʻlib xizmat qiladi.
Bugungi kunda Pokiston Janubiy Osiyoda shakllangan mintaqaviy xavfsizlik vaziyati, shuningdek, ichki va tashqi omillar tufayli iqtisodiy noaniqlik, siyosiy beqarorlik va chuqur ijtimoiy nomutanosiblik kabi oʻzaro bogʻliq muammolarga duch kelgan muhim chorrahada turibdi. Pokistonning yangi hukumati ushbu muammolar dolzarbligini tan olgan holda, Bosh vazir Shahboz Sharif rahbarligida iqtisodiy oʻzgarishlarni nazarda tutgan ulkan loyihalarni boshlagan. 2024 — 2035-yillarda amalga oshirilishi moʻljallangan iqtisodiy oʻzgarishlar rejasi — “URAAN Pakistan” eʼlon qilindi. Mamlakatni dunyoning yetakchi iqtisodiyotlaridan biriga aylantirish maqsadi jamlangan ushbu tashabbus doirasida innovatsiya, inklyuzivlik va barqarorlikka ustuvor ahamiyat berilmoqda. Iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, adolatli, barqaror va inklyuziv jamiyatni rivojlantirish orqali Pokistonni Osiyoning navbatdagi “yoʻlbarsi” darajasiga koʻtarish intilishlar markaziga chiqqan.
“URAAN Pakistan” strategiyasida eksport, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va mamlakatning jahon bozoridagi mavqeini oshirish markaziy oʻrinni egallaydi. Hukumat innovatsiyani qoʻllab-quvvatlash, investitsiyalar jalb qilish, mahsuldorlikni kuchaytirish orqali muvaffaqiyatga erishishga intilmoqda. Toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va texnologiya kabi sohalarda foydalanilmagan ulkan salohiyatga ega Pokiston bunday yondashuv orqali sezilarli iqtisodiy oʻsishga erishish uchun yaxshi poydevorga ega. Buning uchun ayni paytda diplomatik imkoniyat toʻliq safarbar qilingan, rasmiy tashriflar, diplomatik aloqalar yordamida muhim sheriklar bilan hamkorlik va oʻzaro ishonchni yangi bosqichga koʻtarish ustida ish olib borilmoqda.
Hozir Pokiston oʻzaro manfaatli hamkorlikka har qachongidan koʻra ochiq va tayyorligini namoyon etmoqda. Oʻzbekiston uchun bu ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar hamkorlikni yangi pogʻonaga olib chiqishda noyob imkoniyat. Pokiston iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramay strategik ahamiyati, ulkan bozori va harbiy qudrati bilan mintaqaviy hamda global siyosatda oʻz oʻrniga ega. Oʻzbekiston va Pokiston hamkorligi nafaqat ikki qardosh xalq farovonligiga, balki butun mintaqada barqarorlik va izchil rivojlanishga xizmat qiladi.
Qalandar ABDURAHMONOV,
iqtisodiyot fanlari doktori, akademik.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
- “Butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulugʻ bir gʻoya bor. U ham boʻlsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir”
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Kuchli qichishish va jismoniy azobdan tashqari, insonni ruhan ham yemiradi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring