Maqsad – aniqlik va tezkorlik
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Milliy matbuot markazida Kadastr agentligi huzuridagi Respublika aerogeodeziya markazi tomonidan oʻtgan yilda amalga oshirilgan ishlar va joriy yildagi rejalarga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.
—Asosiy vazifamiz aerokosmik suratga olish, topografiya-geodeziya, kartografiyaga oid izlanishlar hamda tadqiqotlarni, yerlarni masofadan zondlash,Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasini delimitatsiya, demarkatsiya (redemarkatsiya) qilish va uning oʻtish chizigʻida geodezik-kartografik ishlar, maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralari xaritalarini tayyorlash, davlat reyestrini va navbatchi xaritalarini yuritish, yer tuzishga oid kompleks tadbirlarni bajarishga yoʻnaltirilgan loyiha-qidiruv va tadqiqot ishlarini bajarishdan iboratdir, — dedi tadbirda soʻz olgan markaz direktori Akmaljon Omonov. — Oʻtgan yil mutaxassislarimiz tomonidan respublikamiz boʻyicha Milliy koordinatalar tizimini joriy etish boʻyicha 1877 ta punktlarda oʻlchov ishlari amalga oshirildi va maʼlumotlar yangilandi.Shuningdek Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarining 369 ta aholi punktlarida mahalliy koordinatalar tizimini joriy etish boʻyicha tadqiqotlar amalga oshirildi. Ayni chogʻda aholi punktlarida 50 ta doimiy ishlovchi (GNSS CORS) zamonaviy stansiyalar real vaqt rejimida geodeziya maʼlumotlarini uzatmoqda.
Direktorning taʼkidlashicha, tizimda raqamlashtirish koʻlami, zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash salmogʻi yildan yilga ortib bormoqda. Kelgusida signallarni choʻl va togʻ hududlarida ham uzatishni yoʻlga qoʻyish maqsadida qoʻshimcha 80 ta GNSS CORS stansiyalari oʻrnatiladi. Ayni paytda malakali mutaxassislar stansiyalar oʻrnatiladigan joylarni tayyorlashmoqda. Bu jarayon yakuniga yetkazilgach, yangi stansiyalar faoliyati ortidan Respublikamizda geodeziya ishlarini bajarish uchun ketadigan vaqt va sarf-xarajatlar karrasiga qisqaradi.
Oʻtgan yil mazkur markaz tomonidan respublikamiz boʻyicha jami 131 ming 200 kv.km. maydonda aerokosmik suratga olish ishlari amalga oshirildi. . Shuningdek aero-kosmik suratlar asosida jami 121 ming kv.km. maydonda raqamli ortofotoplanlar yaratildi va bu turli yoʻnalishdagi xaritalarni yaratish va yangilashda, kartografik monitoringni yuritishda qoʻllanmoqda. Bu haqda markaz direktorining oʻrinbosari Shuhrat Mayinov maʼlum qildi.
Taʼkidlanganidek, markaz tomonidan respublikamizdagi 28 ta tumanda maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralarini belgilash hamda yer resurslarini xatlovdan oʻtkazish ishlari bajarildi. Natijada mazkur tumanlarning umumiy yer maydoni 6 million 121 ming 327 gektarligi, yerdan foydalanuvchilar 47 ming 698 nafarni tashkil etishi qayd etildi. 10 ming 697 ta konturlarda qonunbuzarlik holatlari borligi ham oydinlashdi.
—Mana shu jarayonda mutaxassislarimiz yuksak aniqlikdagi elektron qishloq xoʻjaligi xaritalarini yaratishdi va har bir yer uchastkasining kontur raqami, chegaralari va atributiv maʼlumotlari toʻliq aks etgan yagona geoaxborot bazasi shakllantirildi, — dedi Shuhrat Mayinov. — Barcha maʼlumotlar Kadastr agentligining Milliy geoaxborot portali orqali foydalanuvchilar eʼtiboriga taqdim etilmoqda.
Tadbirda mutasaddilar ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga atroflicha javob berishdi.
Abdunabi ALIQULOV, “ Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Kuchli qichishish va jismoniy azobdan tashqari, insonni ruhan ham yemiradi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring