Maʼnaviyat — tarbiya kaliti

Illyustrativ foto
Maʼnaviyat — avvalo, insonning ichki dunyosi, axloqiy qadriyatlari, ruhiy barkamolligi, bilim va tafakkuri bilan bogʻliq tushuncha. Maʼnaviyat odamni ruhan poklanish, qalban ulgʻayishga undaydigan, vijdonini uygʻotadigan beqiyos kuch. Toʻgʻri, aksariyat sohalarda natijadorlik, samaradorlik aniq misollar, raqamlar, koʻrsatkichlarda oʻz ifodasini topadi. Maʼnaviy, maʼrifiy sohadagi harakatlar, ishlar natijasi esa insonlarning ongi va tafakkuridagi, dunyoqarashidagi, hayotga boʻlgan munosabatidagi ijobiy oʻzgarishlar bilan oʻlchanadi.
Qadriyatlarga sadoqat
Shu oʻrinda Prezidentimizning quyidagi fikrlarini keltirib oʻtmoqchiman: “Barcha oʻzgarishlar, avvalo, odamlarning ongidagi oʻzgarish tufayli roʻy beradi. Zamonga munosib boʻlib ish koʻrish lozim. Shuning uchun maʼnaviy sohada 5-yil oldin yurmasak, iqtisodiyot rivojlanmaydi”. Bugun yurtdoshlarimizning hayotga boʻlgan qarashi, intilishlari, islohotlar, oʻzgarishlarga daxldorlik hissi, maqsadlari, ertangi kunga umidlari yuksalib boryapti. Bugungi odam bilan oʻn yil avvalgi odamning dunyoqarashini, hayotiy pozitsiyasini solishtirib boʻlmaydi. Bugun yoshu keksa shiddatli voqeliklarni teran idrok etmoqda, har bir yoʻnalishda kechayotgan islohotlarning mohiyatini chuqur anglab yetyapti. Bugun ota-onalar shiddatli davr, tahlikali zamon, texnologiyalar asrida tarbiya va taʼlim nihoyatda muhimligini anglayapti, farzandlar taʼlimiga investitsiya kiritayotir. Bugun yurtimiz yoshlari buyuk insonlar avlodlari ekanini tushunib, ularga munosib boʻlishga, qadriyatlarga sodiq qolishga, maʼrifatni mahkam tutishga intilyapti. Oʻz salohiyati, bilimi bilan yurt ravnaqiga hissa qoʻshishga chogʻlanyapti. Turli sohalarda Vatanimizni dunyoga tanityapti. Bugun jamiyatda birdamlik har qachongidan ham kuchliroq boʻy koʻrsatyapti. Boshqacha aytganda, biz maʼnaviyatning koʻrsatkichini — milliy anʼanayu qadriyatlarga sodiqlik, nuroniylarimizning donishmandligi, yoshlarimizning ezgu maqsadu intilishlari, muammoli masalalarga yondashuvdagi bahamjihatlik, birdamlik, jamiyatdagi milliy ruh, milliy tafakkur bilan oʻlchagan boʻlardik.
Mard qolur maydon ichinda
Biz bugun shunday zamonda yashayapmizki, yangiliklar, oʻzgarishlar nihoyatda shiddatli. Axborotlar oqimi cheksiz. Shu bilan birga, maʼnaviy tahdidlar juda koʻp. Navqiron avlodning maʼlum qismi telefon asiriga aylangani ham bor gap. Ularning eʼtiborini telefondan olinayotgan axborotdan ham jozibali, taʼsirchan maʼlumotlar bilan jalb etish bizning vazifamiz. Kuzatyapmiz, koʻryapmiz, ayni davrda turli yot gʻoyalarni singdirishga, “ommaviy madaniyat”ni targʻib qilishga urinishlar boʻlmoqda. Eng avvalo, inson ongi va qalbini egallashga intilish kuchli. Bunday murakkab vaziyatda ilm-maʼrifatni mahkam tutish, jamiyatda “maʼnaviy immunitet”ni mustahkamlash har jihatdan muhim. Buni qanday amalga oshiramiz?! Albatta, ilm-fan tamadduniga beqiyos hissa qoʻshgan mutafakkir bobolar qoldirgan boy ilmiy-maʼnaviy manbaga suyanib, oʻzi ham, qalbi ham uygʻoq ziyolilar, olimlar, chinakam el jonkuyarlari salohiyatidan foydalanib! Zero, yurt yetakchisi taʼkidlaganidek, Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari — uygʻoq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, sanʼat namoyandalari, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Shu haqiqatni teran idrok etgan holda Markaz oʻz atrofiga yurt ziyolilarini jamlab, ular uchun muloqot minbarini tashkil qildi. Oʻz navbatida, oldinga qoʻyilgan maqsadga samara bilan erishish uchun Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kabi qator tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyib, kuchlarni ezgu maqsadlar yoʻlida birlashtirdi.
Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans
Aynan ana shu hamkorlikning muvaffaqiyatli namunasi sifatida “Maʼrifat karvoni” loyihasini keltirish mumkin. Unda bugungi islohotlar mohiyatini aynan ziyolilar orqali xalqqa yetkazdik. Yangi Oʻzbekistondagi yangilanishlar, oʻzgarishlarni nafaqat xalqimiz, balki dunyo hamjamiyati eʼtirof etyapti. Inson qadriyati, inson manfaatiga qaratilgan har bir islohot bizning hayotimizda, fikrlarimiz, qarashlarimizda namoyon boʻlyapti. Bu saʼy-harakatlarni teran idrok etgan odamda yurt taqdiriga daxldorlik hissi ortadi, shukronasi yuksaladi. Bu masalaga ziyolilarimiz taʼsirchan usullar, zamonaviy targʻibot koʻnikmalari bilan yondashadi. Shu bois ham respublikamiz boʻylab kezgan karvonga mamlakatimiz olimlari, jurnalistlar, diniy-maʼrifiy hamda madaniyat va sanʼat sohasi vakillaridan iborat yuzga yaqin targʻibot guruhlari aʼzolari jalb qilindi.
Tadbirlar dasturiga eʼtibor qaratsangiz, har bir loyiha yoʻnalish va mazmun jihatdan yuqoridagi maqsadlarga hamohang. Xususan, “Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans” ilmiy-maʼrifiy forumi — bugungi izchil islohotlar, oʻzgarishu yangilanishlar mazmunini aholiga yetkazish va bu orqali har bir yurtdoshimizda shu yurtga daxldorlik hissini kuchaytirish, qalblarda shukronalik tuygʻusini oshirish, ilmga, maʼrifatga oshno etishdek masʼuliyatli va zalvarli missiyaga qaratilgan boʻlsa, “Sivilizatsiyalar — Shaxslar — Kashfiyotlar” loyihasi orqali olimlar tomonidan ishlanayotgan ilmiy-innovatsion loyihalar taqdim etildi. Buyuk ajdodlarimizning madaniy merosini keng targʻib qilish, aholi orasida ijtimoiy faollik koʻnikmalarini kuchaytirish maqsadida “Tirik tarix” loyihasi doirasida milliy kinofilmlar, qisqa metrajli animatsion filmlar, sunʼiy intellekt yordamida tayyorlangan media- mahsulotlar, ijtimoiy roliklar namoyish etilmoqda. Bu loyiha kattayu kichikka ham madaniy, ham maʼnaviy ozuqa ulashadi.
Yana bir oʻziga xos loyiha — “Farovon hayot sari ilk qadam”. Uning doirasida mahallalarda aholining ijtimoiy faolligini ragʻbatlantirish, yoshlar oʻrtasida oʻz-oʻzini band qilishga koʻmaklashish maqsadida mutaxassis va tadbirkorlar ishtirokida amaliy mahorat darslari oʻtilyapti. Milliy qadriyatlar targʻiboti, toʻy va marosimlarni ixchamlashtirish boʻyicha davra suhbatlari, oilalardagi ijtimoiy muammolarni hal qilishda psixologik koʻmak koʻrsatishga qaratilgan seminar-treninglar uyushtirilyapti. “Olimlar va yoshlar uchrashuvi”, “Ijtimoiy gʻoyalar” forumi esa kreativ gʻoyalari bor yigit-qizlar uchun ayni muddao, deyish mumkin. Unda oʻgʻil-qizlarimizning startap loyihalar haqidagi fikrlari, tashabbuslariga eʼtibor qaratildi.
Vatanimiz mustaqilligining oʻttiz toʻrt yillik bayramini munosib nishonlash, chekka tumanlardagi mahallalar va ovullarda yangi milliy ruhiyatni yanada kuchaytirish hamda jamiyat birdamligini taʼminlash maqsadida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida avgust oyida “Umummilliy birdamlik festivali” oʻtkazildi. Uning doirasida 10 ta ijtimoiy loyiha, xususan, “Inson qadri”, “Farovon hayotga ilk qadam”, “Shijoat”, “Umummilliy birdamlik”, “Dildagi gaplar”, “Baxtli bolalik sharafiga”, “Kitob marafoni”, “Maslahat oshi” kabi loyihalar, “Qasamyod” spektakli, gala-konsert tashkil qilindi. Olimlar, ziyolilar, shoir-yozuvchilar, madaniyat va sanʼat vakillaridan iborat 79 nafar respublika hamda 254 nafar mahalliy targʻibotchi jalb qilindi, 100 ta tuman (shahar)dagi 1412 ta mahallada 284 ta maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazilib, 2 milliondan ziyod aholi qamrab olindi. “Kitob marafoni” loyihasi doirasida hududlardagi yosh kitobxonlarga 10 500 dan ortiq kitoblar toʻplami tarqatildi.
Eʼtiborli jihati, maʼnaviyat festivali ilk bora AQSHda ham boʻlib oʻtdi. Unda vatandoshlarimiz oʻzgacha shijoat bilan qatnashdi. Aytish kerakki, festival doirasidagi tadbirlarda inson manfaati yoʻlidagi islohotlar samarasi yana bir karra eʼtirof etildi.
Kitobning jonli ijrosi
Markaz faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri jamiyatda kitobxonlikni keng targʻib qilish va rivojlantirishdir.
Menimcha, kitob, mutolaa, uning inson kamolotidagi oʻrni mavzusi har bir insonni joʻshib gapirishga undaydi. Chindan ham, kitob — odamzod yaratgan eng zoʻr moʻjiza. Beminnat doʻst, yaxshi suhbatdosh, toʻgʻri maslahatgoʻy boʻlishi bilan birga kitob maʼnaviyat, tarbiyaning kaliti hamdir. Bir kitobda oʻqigandim, mutolaadan yiroq boʻlish, unga eʼtiborsiz qarash goʻzal soʻzlashuv qobiliyati yoʻqolishiga olib keladi. Qalbda tushkunlik, aqlda madorsizlik vujudga keladi. Inson tabiati oʻladi, maʼrifat sarmoyasi tugaydi. Shu fikrning oʻziyoq hayotimizda, kamolotimizda uning oʻrni qanchalik muhimligini ifodalaydi. Millatning maʼnaviy dunyosi, axloqiy qarashlarini kitobga munosabati, kitobxonlik darajasiga qarab aniqlash mumkin. Bugun yurtimizda yoshlarni kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishini kuchaytirish, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga jiddiy eʼtibor qaratilyapti. Hatto kitob oʻqigan yigit-qizlar munosib ragʻbatlantirilmoqda.
Maʼnaviyatning kaliti kitob dedik, demakki, jamiyatdagi maʼnaviy muhitga bevosita masʼul tashkilot sifatida Markaz missiyasini kitob, kitobxonlik, mutolaa targʻibotisiz tasavvur qilish qiyin. Bu masalaga biz zamonaviy yondashishga intilyapmiz. Chunki farzandlarimiz smartfon, gadjetlar bilan yaqin doʻst tutinayotgan bugungi davrda ularni anʼanaviy targʻibot usullari bilan mutolaaga qiziqtirish mushkul. Bu yoʻnalishdagi samarali harakatlarimizdan biri “Uy” nomli qisqa metrajli animatsion filmdir. Shuningdek, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tomonidan muntazam ravishda “Tavsiya etamiz” nomli medialoyiha ham tayyorlanmoqda. U orqali yozuvchi, shoir, olim, sanʼat va madaniyat vakillari oʻzlari sevib mutolaa qiladigan adabiyotlarni mazmun jihatdan qisqacha sharhlab, oʻquvchilarga tavsiya etadi.
Kitob targʻibotiga qaratilgan loyihalarimizdan yana biri — “Kitoblararo 80 kun” deb nomlangan. Markazning “Oyina.uz” portali tomonidan oʻtkazilgan 4 bosqichli ushbu marafonda jami 36 026 nafar ishtirokchi qatnashdi. Salkam uch oy davomida yoshlar birgalikda zamonaviy oʻzbek va jahon adabiyoti namunalarini mutolaa qilishdi, mazmunan mushohada yuritishdi. Bosqichlarda har bir berilgan asar boʻyicha testdan oʻtdi, ilmiy-ijodiy yondashuvga asoslangan taqrizlar yozishdi, audio-muloqot tashkil qilindi. Va tanlov soʻngida haqiqiy kitobsevarlar eʼtirof etildi.
Bugungi kunda Markaz faoliyatida zamonaviy QR kodli kitoblar tayyorlanishiga ham keng oʻrin berilgan. Jumladan, 8 tilda “Buyuklar haqida 100 ta fakt” nomli kitobcha chop qilindi. Unda buyuk ajdodlarimiz maxsus QR kod va sunʼiy intellekt yordamida jonlantirildi.
Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yoʻlida halok boʻlgan 23 nafar askar va zobit qahramonligiga bagʻishlangan “Millat fidoyilari” nomli kitob-albom, “Ona yurt fidoyilari” turkumi ostida jadid bobolarimizning asarlari nashr etildi.
Qisqacha aytganda, Markazning kitob targʻibotiga qaratilgan harakatlari kuchaysa kuchayadiki, hech ham susaymaydi.
Kayfiyatdagi koʻtarinkilik, ruhiyatdagi ijobiy oʻzgarish bizning hayotimiz, kundalik faoliyatimiz, rejayu maqsadlarimizda namoyon boʻladi. “Kinokarvon” loyihamiz sabab maʼrifat targʻibotchilari, sanʼat va madaniyat namoyandalari, taniqli ijodkorlar eng olis va chekka qishloqlarda boʻlmoqda. Loyiha doirasida milliy filmlarimiz keng namoyish etilmoqda.
Ogohlik — davr talabi
Biz ayni pallada raqamli davrda yashayapmiz. Shunga monand Markaz oʻtgan davr mobaynida zamon talabidan kelib chiqib, oʻz faoliyatining 70 foizini raqamli targʻibotga yoʻnaltirdi. Markazdagi Raqamli targʻibot laboratoriyasida turli mavzular, dolzarb masalalar yuzasidan mediamahsulotlar, ijtimoiy videoroliklar, podkastlar, hujjatli filmlar, animatsiyalar tayyorlanmoqda va telekanallar, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng jamoatchilikka taqdim etib kelinmoqda. Biz milliy kontentlar tayyorlashda aynan jamiyatdagi yetilgan masalalar, insonlarni oʻylantirayotgan muammolarga murojaat qilyapmiz. Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlardagi axloqsizlik, hayosizlik targʻib etilayotgan videolavhalar, bemaʼni chiqishlar, turli marosimlarda meʼyorni buzish, atrof-muhitga loqaydlik, beparvolik, bizni kemirayotgan illatlar, “ommaviy madaniyat” koʻrinishlari masalalarida maʼnaviyat targʻibotchilari, ziyolilar ishtirokida chuqur tahliliy, tanqidiy munosabatlar bildirilmoqda. Qisqasi, raqamli targʻibotda bir jihatdan tarbiyaviy ahamiyati yuqori, qadriyatlarimiz ulugʻlanuvchi, maʼnaviy ruhga toʻyingan mediamahsulotlar ishlashga eʼtibor qaratilayotgan boʻlsa, yana bir tomondan muammoli masalalar borasida jamoatchilik mushohadaga chorlanyapti.
Yana bir muhim masala: tan olishimiz kerak, taʼlim muassasalarida tashkil qilinayotgan aksariyat maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar maqsadsiz, yoshlar uchun zerikarli tus olgan edi. Oliy Majlis Senatining sentyabr oyidagi yalpi majlisida talabalar oʻrtasida jinoyatchilikning oshib borayotgani yuzasidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziriga parlament soʻrovi yuborildi. Bu hol bizni ham hushyorlikka chorlaydi. Mazkur masalada oʻziga xos yechim qilindi. Yaʼni taʼlim dargohlari uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning yillik taqvimi ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq qilish uchun taqdim etildi.
Markaz faoliyatida oʻziga xos yangilik: “shaxs — jamiyat — davlat — mintaqa” kesimida yangi mafkuraviy moʻljallarni joriy etishga qaratilgan 4 ta loyiha ofisi, yaʼni Yangi milliy ruhiyatni shakllantirish, Jamiyat birdamligini taʼminlash, Davlat xalqchilligini mustahkamlash va Mintaqaviy yakdillikka erishish boʻyicha loyihalarni muvofiqlashtirish boʻlimlari tashkil etildi. Qator vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda turli yoʻnalishda tayyorlanayotgan loyihalar ijtimoiy faollikni oshirishga, daxldorlik hissini yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Eʼtiborlisi, “Ziyolilar ovozi”, “Mamlakatimizda volontyorlik faoliyatini rivojlantirish”, “Xizmat va shaxsiy hayot oʻrtasidagi maromiylikni taʼminlash”, “Ishonch maktabi: oʻz-oʻzini baholash va oʻzini ifoda etish koʻnikmalarini rivojlantirish”, ”Intizomlilik asoslari: bolalikdan boshlab tarbiya”, “Ota-onalar masʼuliyati: tarbiya jarayonida faol ishtirok” kabi loyihalar keng jamoatchilikning fikrlari, takliflari asosida tayyorlanmoqda. Bu loyihalar oʻz samarasini beradi, deb ishonamiz.
Oldimizga ulkan reja va maqsadlar qoʻyilgan. Demakki, mamlakat ziyolilari salohiyati hamda yoshlarning kreativ gʻoyalariga asoslangan holda Markaz oʻz faoliyatini zamonaviy yondashuv, oʻziga xos targʻibot usullari bilan yuqori darajada davom ettiradi.
Otabek HASANOV, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Dollar kursi tushishda davom etmoqda
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring