Mahkuma ayollar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi

17:19 09 Yanvar 2022 Jamiyat
2562 0

Inson qadrini ulugʻlash – yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash demakdir. Yurtimizda har bir sohada roʻy berayotgan oʻzgarishlar, avvalo, inson uchun yaratilayotgan qulayliklarning yorqin ifodasidir.

Oʻtgan yillar davomida samarali islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, aholi murojaatlari bilan ishlash jarayoniga yangi mexanizmlarning tatbiq etilishi orqali qonun ustuvorligini taʼminlash, aholini muammolarini hal etish, qiynoqlarning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, soʻz erkinligini mustahkamlash kabi qator yoʻnalishlarda salmoqli natijalarga erishildi.

Qolaversa, jinoyat sodir etib, chin koʻngildan pushaymon boʻlgan hamyurtlarimizning afv etilishi va ularning jamiyatga moslashishiga koʻmaklashish, “Mehr” operatsiyalari doirasida urush oʻchoqlaridan ayollar va bolalarni qaytarish, ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatish borasidagi Oʻzbekiston tajribasi xalqaro hamjamiyat tomonidan koʻp bora eʼtirof etildi.

Jizzax shahridagi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamenti 3-mintaqaviy hudud 29-sonli manzil-koloniyasidagi mahkumlar bilan ochiq muloqot oʻtkazilganda, ushbu koloniyaga yangi olib kelingan mahkuma ayollardan biri chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik oʻtkazilishida amaliy yordam soʻrab murojaat qilgan edi. 

Oʻsha kundan boshlab ijtimoiy reabilitatsiyasi va moslashishi boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni koʻpaytirish, mahkumlar bilan tizimli ishlar olib borilishini kelgusida ularning hayotga moslashuvchanlik qobiliyatini oshirish va jinoyat yoʻliga qayta kirmaslik maqsadida har oyning oxirgi kunlarida “Sogʻlom oila — mustahkam oila” loyihasi doirasida tibbiy koʻriklar va psixologik treninglar tashkillashtirib borilishi toʻgʻrisida reja qilib olgan edik.

Joriy yilning 7-yanvar kuni reja asosida ushbu koloniyada chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik tashkil qilindi. Unga viloyatdagi turli yoʻnalishlardagi malakali shifokorlar — xirurg, travmatolog, urolog, ginekolog, okulist, nevropatolog, laborant-mutaxassislar maxsus tibbiy mobil avtobus, yetarli miqdordagi tibbiy anjomlar, rentgen, mobil ijtimoiy dorixona jalb etildi. 

Ushbu koloniyadagi barcha mahbuslar navbat bilan chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Shu kuni bu yerga “Sogʻlom avlod uchun” fondi Jizzax viloyati filiali tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi xodimlari ham kelib, tibbiy koʻrik davomida shifokorlar koʻrsatmasiga asosan mahbuslarga dori-darmon, sanitariya-gigiyena vositalari, tibbiy jihozlar tarqatdi.

Ushbu chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikni oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad, avvalo, inson qadrini ulugʻlash, mahkumlarning jamiyatimizda oʻz oʻrni borligi va ularning haq-huquqlari, salomatliklarini himoya qilishdan iborat. Chunki ular ham shu xalqning, shu yurtning farzandlari. 

Abdulaziz Xujakov,

Xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi

Axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari boʻyicha

doimiy komissiyasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер