Mahalladan boshlangan taraqqiyot: Prezident Murojaatnomasida jamiyatni yuksaltirish konsepsiyasi

16:15 14 Yanvar 2026 Jamiyat
121 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnoma yoʻlladi.

Avvalo aytish kerakki, Murojaatnoma – davlatning oʻz fuqarolari oldida ochiq hisobdorligini taʼminlaydigan, strategik maqsadlar va amaliy vazifalar oʻrtasidagi bogʻliqlikni ochib beruvchi muhim siyosiy instrumentdir. U orqali mamlakat yetakchisi nafaqat yil natijalarini sarhisob qiladi, balki kelgusi bosqichda jamiyat oldida turgan asosiy vazifalarni konseptual jihatdan belgilab beradi.

Davlatimiz rahbarining murojaati “Bugun Oliy Majlisga va koʻp millatli xalqimizga kelgusi yil uchun Murojaatnomani taqdim etar ekanman…” degan soʻzlar bilan boshlanadi. Bu ibora Murojaatnomaning asosiy yoʻnalishi – kelgusi taraqqiyot strategiyasini belgilash ekanini koʻrsatadi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar falsafasi “deklaratsiya”dan “amaliy natija”ga oʻtish bilan xarakterlanadi. Prezidentimiz buni Murojaatnomada “Biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni oʻrgandik” deya aniq va ochiq ifodalaydi. Bu fikr davlat boshqaruvida pragmatik yondashuv, institutsional samaradorlik va natijadorlikka asoslangan siyosat tamoyillari ustuvor boʻlib borayotganini anglatadi. Yaʼni, islohotlar endilikda gʻoya sifatida emas, balki har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson hayotida seziladigan oʻzgarish sifatida baholanmoqda. Bu natijalar shahar va qishloqlar qiyofasining oʻzgarishi, infratuzilmaning modernizatsiya qilinishi, raqamli xizmatlar rivoji, yangi ish oʻrinlari va ijtimoiy himoya tizimida yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Mazkur Murojaatnomaning muhim konseptual jihatlaridan biri – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining global kontekstda tahlil qilinishidir. Prezidentimiz oʻz nutqida jahonda kechayotgan murakkab jarayonlarga alohida toʻxtalib oʻtadi: “Dunyoda sodir boʻlayotgan va yaqin-yaqingacha hech kim tasavvur qila olmagan oʻzgarishlar sharoitida oʻta murakkab yilni yakunlayapmiz”. Bu yerda gap geosiyosiy qarama-qarshiliklar, global savdo zanjirlarining uzilishi, xavfsizlik tahdidlari, inflyatsion bosim va moliyaviy noaniqliklar haqida bormoqda. Shunday murakkab muhitda milliy iqtisodiyotning barqaror oʻsishi – davlat siyosati samaradorligining asosiy indikatori hisoblanadi.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, Oʻzbekiston iqtisodiyoti ishonchli va barqaror oʻsishda davom etdi. Bu holat oʻlkaning makroiqtisodiy barqarorlik siyosati, diversifikatsiyalangan iqtisodiy model hamda ochiq tashqi iqtisodiy aloqalarga asoslangan strategiyasi toʻgʻri yoʻnalishda ekanini koʻrsatadi.

Prezidentimiz Murojaatnomada iqtisodiy oʻsishni mustaqil maqsad sifatida emas, balki inson farovonligiga xizmat qiluvchi vosita sifatida talqin qiladi. Bu yondashuv zamonaviy ijtimoiy davlat nazariyasiga toʻliq mos keladi. Yaʼni, Murojaatda shunday deyiladi: “Islohotlarimiz samarasini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson kundalik hayotida his qilmoqda”. Bu fikr davlat siyosatida inson markaziy oʻrinda ekanini anglatadi. Iqtisodiy oʻsish, infratuzilma, investitsiya – bularning barchasi pirovardida inson hayoti sifatini oshirishga xizmat qilishi lozim.

Prezidentimiz nutqida kambagʻallik masalasi alohida strategik ahamiyatga ega boʻlgan muammo sifatida koʻrib chiqiladi. Bu borada u quyidagicha taʼkidlaydi: “Biz kambagʻallikni qisqartirish masalasini umummilliy harakatga aylantirdik”. Ushbu fikr kambagʻallikka qarshi kurash davlatning yakka oʻzi amalga oshiradigan vazifa emas, balki jamiyatning barcha qatlamlari – mahalla, tadbirkorlik subyektlari, nodavlat sektor va fuqarolarning hamkorligini talab qiluvchi keng koʻlamli jarayon ekanini anglatadi.

Prezidentimiz bu masalada muhim konseptual nuqtani belgilaydi: “Asosiy maqsadimiz – odamlarimizni doimiy daromadli qilish”. Bu yerda ijtimoiy siyosatning passiv — nafaqa, yordam modeli emas, balki faol ijtimoiy davlat modeli tanlanganini koʻramiz.

Murojaatnomaning eng muhim va oʻziga xos qismlaridan biri – mahalla institutiga berilgan strategik ahamiyatdir. Prezidentimiz mahallani nafaqat ijtimoiy tuzilma, balki milliy davlatchilik anʼanasiga asoslangan oʻzini oʻzi boshqarish instituti sifatida taʼriflaydi: “Mahalla tinch va ahil boʻlsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat boʻladi”. Bu fikr mahallaning ijtimoiy kapital yaratishdagi oʻrnini koʻrsatadi. Ijtimoiy kapital nazariyasiga koʻra, ishonch, hamjihatlik va oʻzaro yordam jamiyatning barqaror rivojlanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Murojaatnomada 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlash taklif etildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2026-yilga berilgan nom ramziy emas, balki aniq dasturiy mazmunga ega.

Zamonaviy davlat boshqaruvi tizimida davlat rahbarining parlament va xalqqa murojaat qilishi – siyosiy ritorikadan ancha keng mazmunga ega boʻlgan strategik hujjat hisoblanadi. U bir vaqtning oʻzida hisobot, dastur, prognoz va mafkuraviy yoʻnaltiruvchi vazifalarni bajardi. Yurtdoshlarimiz Murojaatnomani tahliliy oʻrganib, amalga oshirishimiz zarur boʻlgan ustuvor vazifalarni yana bir karra anglab, belgilangan marra va maqsadlarga chuqur masʼuliyat bilan yondashmoqdalar.

Oʻtkir Xoliqulov,

Olmaliq davlat texnika instituti rektori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?