Mahalla yoʻllari ravon boʻldi, endi navbat stadion qurilishiga

11:47 27 Mart 2025 Jamiyat
88 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. “Tashabbusli byudjet” loyihasi aholi istiqomatgohlari infratuzilmasi bilan bogʻliq muammolar yechimiga moliyaviy imkoniyat yaratishi bilan afzalligini namoyish etmoqda. Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Bordimkoʻl mahallasi ahli ushbu loyihaning keyingi yillardagi mavsumlarida ikki bor gʻolib chiqib, ichki yoʻllarni taʼmirlash imkoniyatini qoʻlga kiritgan edi. Endilikda yetti kilometrga yaqin uzunlikdagi yoʻllar ravonlashgan, mahalliy byudjetdan ajratilgan kattagina mablagʻ evaziga ularga asfalt qoplamasi yotqizildi.

— Mahalladoshlarimizning ahilligi “Tashabbusli byudjet”ning kuni kecha natijalari eʼlon qilingan navbatdagi mavsumida yana bir karra isbotini topdi, — deydi “Bordimkoʻl” MFYdagi hokim yordamchisi Jamshidbek Boltaboyev. — Hududga zamonaviy stadion qurish boʻyicha kiritgan navbatdagi loyihamiz olti mingdan ortiq ovoz bilan ijobatini topadigan boʻldi.

Quvonchli xabar mahalla ahlini yanada shodlantirdi. Unga koʻra, mahallada usti yopiq futbol, voleybol va basketbolga moʻljallangan sport maydonlari qurish loyihasi 1 milliard 450 million soʻm mablagʻ bilan moliyalashtiriladi. Bu, hududdagi ikki mingdan ziyod yoshlarning yaqin vaqt ichida jismoniy yetuklik mashgʻulotlari bilan ommaviy ravishda shugʻullana boshlashi uchun bekam-u koʻst imkoniyat yaratiladi, deganidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?