Kitoblar insonlarga oʻxshaydi
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoroning tarixiy qismida joylashgan “Ustoz — shogird” bolalar amaliy sanʼat markazida yetti yoshli Nodirbek Murodovning suv boʻyoqdan foydalangan holda “Abroʻ bahor” sanʼati asosida asar yaratayotgani AQSHlik 87 yoshli sayyohni batamom hayratga qoʻydi. U “Bahor bulutlari” maʼnosini beruvchi shu usulni diqqat bilan kuzatgach, qoʻliga moʻyqalamni tutib zavqlangancha ijod qilishga kirishdi.
— Jajji shogirdimizning oʻzidan sakson yosh ulugʻ insonga mahorat sabogʻi oʻtayotganini koʻrish juda maroqli edi, — deydi markaz rahbari, taniqli miniatyurachi rassom Davlat Toshev. — Bu yerda u kabi isteʼdodli oʻgʻil-qizlar koʻp.
Hozir Davlat Toshevning qadimiy qoʻlyozma kitoblarni restavratsiya qilish borasidagi tajribasi haqida toʻxtalmoqchimiz. Yaqinda u Germaniyadagi Berlin Islom sanʼati muzeyida boʻlib, bir necha kun davomida qadimiy kitoblarni taʼmirlash ishlarida ishtirok etdi. Bu yerda islom madaniyatining VIII — XIX asrga oid durdona osori atiqalarini koʻrish mumkin.
— Faoliyatim davomida Niderlandiyaning Leyden universiteti, Shveysariyaning Sankt–Gallen, Turkiyaning Marmara universiteti kutubxonalarida saqlanayotgan sharq qadimiy qoʻlyozma kitoblarini taʼmirlash ishlarida ham ishtirok etganman, — deydi suhbatdoshimiz. — Bilasizmi, kitobat madaniyati kishidan chuqur bilim, izlanish, did, sabr-toqatni talab qiladi. Xorijda qadimiy qoʻlyozma asarlarni asrab-avaylash borasida juda katta tajriba toʻplangan. Ular zamonaviy asbob-uskunalar vositasida atroflicha oʻrganiladi. Asar dunyo yuzini koʻrgan davr, uning ahamiyati, qaysi maktabga taalluqligi va hatto kitobga qoʻngan chang-gʻuborgacha tahlil etiladi. Men shu jarayonlarda qatnashgan bir inson sifatida shunday xulosaga keldim: Kitoblar insonlarga oʻxshaydi. Ularning ham xuddi biz kabi salomatligida muammolar yuzaga keladi. Bemor shifokor xizmatiga muhtoj boʻlganidek, koʻhna kitoblar ham inson mehriga, qaroviga ehtiyoj sezadi. Shu boisdan ham qadimiy asarlarni taʼmirlab, umriga umr qoʻshayotganimdan xursandman.
Mutaxassislarning eʼtirof etishicha, oʻtmishda bir kitob tayyorlash uchun 15 nafardan ziyod kishi bilimi, tajribasi, koʻz nurini sarflagan. Qogʻoz tayyorlovchi, muqovasoz, xattot, musavvir kabi oʻz kasbining fidoyilari mehnati evaziga nodir qoʻlyozma kitoblar dunyoga kelgan.
— Qay bir davlatdagi kutubxonada boʻlmay beixtiyor koʻzlarimga yosh keladi, — deydi Davlat aka. — Negaki, u yerda Buxoro, Samarqand kabi koʻhna shaharlarimizda yaratilgan, zamona zayli bilan yurtimizdan olib ketilgan kitoblar koʻp. Men bu asarlarning yevropalik olim-u tadqiqotchilar tomonidan hali-hanuz oʻrganilayotgani guvohi boʻldim. Shu jarayonda kitoblarni taʼmirlash borasida koʻp narsani oʻrgandim.
Asosiy ish quroli qogʻoz, tabiiy ranglar va moʻyqalam boʻlgan musavvirning taʼkidlashicha, keyingi yillarda yurtimizda qadimiy qoʻlyozma asarlarni asrab-avaylash, ularning umrini uzaytirish masalasiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Zero, yurtimiz muzey va kutubxonalarida ota-bobolarimizdan meros koʻplab qoʻlyozma asarlar saqlanmoqda. Ularni kelgusi avlodga ziyon-zahmatsiz yetkazish burchimiz sanaladi. Bu maqsadga oʻz kasbini, yurtini jondan aziz biladigan kitob taʼmirlovchilarisiz amalga erishish mushkul.
“Ustoz- shogird” bolalar amaliy sanʼat markazida oʻgʻil-qizlarga nafaqat miniatyura sanʼati, ipak matoga naqsh tushirish, naqqoshlik sir-asrorlari, balki qadimiy kitoblarni taʼmirlash usullari ham bepul oʻrgatilmoqda. Maʼlumot tariqasida aytish lozimki, bu yerda ayni paytda 57 nafar iqtidorli oʻquvchi saboq olyapti. Ularning 20 nafari eshitish va gapirishda nuqsoni boʻlgan nogiron bolalardir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring