Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy tashabbusi bilan qurilgan Vobkent minorasini YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritish ko‘zda tutilmoqda
Foto: “Xalq so‘zi”
XII asrda qoraxoniylarning Buxorodagi noibi Sadr Burxoniddin Abdulaziz II davrida bunyod etilgan Vobkent minorasi o‘zining nozik meʼmoriy yechimi bilan ajralib turadi. Manbalarda aytilishicha, u buyuk ajdodimiz, Buxorodagi Yetti pirning dastlabkisi sanalgan Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniyning tashabbusi va mablag‘i evaziga qurilgan.
Minoraning o‘n ravoqli darchalaridan azon aytilgan, tunda esa chiroq yoqib qo‘yilgan.Boshqacha aytganda, minora olis o‘lkalardan kelayotgan savdo karvonlari uchun mayoq vazifasini o‘tagan. U shaharsozlik anʼanalarini davom ettirishda ham asqatgan.Barcha yo‘llar minoraga eltadi, degan ibora bejiz aytilmagan.
Buxoro muhandislik-texnologiya instituti professori Mubir Vohidovning yozishicha, XII so‘nggi choragida Burxoniddin Abdulaziz II Buxoroda sadr, yaʼni vaqf ishlari boshqaruvchisi lavozimiga tayinlangan.U Abdulxoliq G‘ijduvoniyning muridlaridan biri bo‘lgan.
Qurilganiga 820 yildan oshgan, umumiy balandligi 40,3 metr bo‘lgan, geometrik jihatdan mashhur Minorai Kalonga o‘xshab ketadigan ushbu obida yerosti sizot suvlari va tashqi dinamik taʼsirlar oqibatida taʼmirtalab ahvolga kelib qoldi. Shuni hisobga olgan Buxoro viloyat hokimligi, viloyat madaniy meros boshqarmasi inshootni restavratsiya qilish yuzasidan chora-tadbirlar belgiladi.
-Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasining 2021 – 2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora- tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora – tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq, Vobkent minorasini restavratsiya qilish ishlari uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan 1,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan,- deydi viloyat madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Sh. Mahmudov.-Tajribali mutaxassislar ishtirokida tayyorlangan loyiha Madaniy meros agentligi huzuridagi ilmiy – ekspert kengashi tomonidan maʼqullandi.Hozir minorani sifatli restavratsiya qilishga qodir pudratchi tashkilotni aniqlash jarayoni davom etmoqda.
Darvoqe, Vobkent minorasini YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ham muayyan ishlar olib borilyapti. Zarur hujjatlar Umumjahon merosi markaziga taqdim etilgan.Bu nufuzli tashkilotning keyingi sessiyalarida ushbu hujjatlarning ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring