Xorijiy valyutalarni bojxona chegaralari orqali yashirincha olib oʻtishga uringan “uddaburonlar” toʻxtatib qolindi

12:05 12 Noyabr 2025 Jamiyat
250 0

Davlat bojxona qoʻmitasi xodimlari naqd xorijiy valyutalarni bojxona chegaralari orqali yashirincha olib oʻtishga boʻlgan bir qator urinishlarni fosh qildi. Bu haqida Davlat bojxona qoʻmitasi xabar berdi.

Unda aytilishicha, “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan “Toshkent-Bangkok” yoʻnalishi boʻyicha parvozga otlangan xorij fuqarosining qoʻl sumkasi belgilangan tartibda koʻzdan kechirilganida, ushbu shaxs yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatmasdan, belgilangan meʼyordan ortiqcha 12 ming 200 AQSH dollarini olib chiqmoqchi boʻlgani oshkor boʻlgan.

Shuningdek, Toshkentdan Guanchjouga yoʻl olgan yana bir xorij fuqarosi bojxona nazorati chogʻida maʼlum qilmagan holda 1 ming 700 AQSH dollarini yashirib olib oʻtishga uringan vaqtida toʻxtatib qolingan.

Ayni shu reys bilan uchib ketayotgan yana bir yoʻlovchi ham belgilangan meʼyordan ortiqcha 1 ming 700 AQSH dollarini yurtimizdan yashirincha olib chiqayotganida bojxona xodimlari tomonidan qoʻlga olingan.

Bundan tashqari, Andijon viloyati bojxona boshqarmasining “Doʻstlik” chegara bojxona postida esa qoʻshni davlatga chiqib ketayotgan shaxs kiyimining ichki qismiga 650 ming Rossiya rublini yashirib olib oʻtishga uringan vaqtda ushlangan.

Shundan soʻng, ushbu post orqali qoʻshni davlatga chiqib ketayotgan yana bir fuqaro ham shubha ostiga olinib, belgilangan tartibda shaxsiy koʻrikdan oʻtkazilgan. Fuqaro bojxona xodimining ogʻzaki soʻrovida yonida umumiy 650 ming Rossiya rubli borligini maʼlum qilgan. Shaxsiy koʻrik jarayonida esa kiyimlarining orasida yana qoʻshimcha 650 ming Rossiya rubli borligi maʼlum boʻlgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?