Istiqbolli kadrlarni tayyorlash yangicha yondashuvlar asosida tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-may kuni istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash va mutaxassislarning xorijda taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda har bir sohani rivojlantirishda kadrlar masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yoshlarning oʻqishi, mutaxassislarning tajriba oshirishi davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Shu maqsadda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan 2 ming 225 nafar stipendiatlar 45 ga yaqin davlatga oʻqishga yuborilib, byudjetdan jami 1,5 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Hozirgacha ularning 1 ming 400 nafari Oʻzbekistonga qaytib, iqtisodiyot tarmoqlarida, taʼlim, fan, tibbiyot va davlat boshqaruvida ishlamoqda. Bugungi kunda 748 nafar stipendiatlar “TOP-300” talikdagi nufuzli universitetlarda taʼlim olayapti.
Endi bunday ishlar koʻlamini yanada kengaytirish maqsadida mazkur fondni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi etib, Davlat boshqaruvi akademiyasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi etib qayta tashkil etish koʻzda tutilmoqda. Ular Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birga kadrlar tayyorlash klasteriga aylantiriladi.
Jumladan, istiqbolli mutaxassislarni xorijda tayyorlash boʻyicha bakalavriat, magistratura va doktorantura bilan bir qatorda davlat xizmatchilari olti oygacha maqsadli stajirovkaga yuboriladi. Bunda energetika, urbanizatsiya, transport, arxitektura, geodeziya, yer munosabatlari, texnika, muhandislik kabi iqtisodiyotning drayver sohalariga, davlat boshqaruvi va dolzarb ijtimoiy yoʻnalishlarga ustuvorlik beriladi.
Xalqaro reytinglarda “TOP-100” talik universitetlarga grant asosida oʻqishga kirgan nomzodlarga “El-yurt umidi” stipendiyasi imtihonlarsiz ajratiladi. “TOP-300” talikda boʻlgan universitetlarga grantga kirganlarga xalqaro transport va turar joy xarajatlari imtihonlarsiz qoplab beriladi. “TOP-20” talikdagi universitetlar bakalavriatiga 50 foiz grant asosida qabul qilingan Prezident maktablari bitiruvchilariga stipendiyalar tanlovlarsiz ajratiladi.
Xorijda oʻqiyotgan yurtdoshlarimiz bilan doimiy muloqotda boʻlish, ularning ehtiyojlarini aniqlash hamda taʼlim-tarbiya jarayonlarida yordamlashish maqsadida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlarining ota-onalari kengashi tuziladi. Elchixona va konsulliklarga talabalarga huquqiy va tashkiliy koʻmak koʻrsatish vazifalari yuklatiladi.
Zamon talablariga mos mutaxassislar tayyorlashda Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining ham oʻrni katta. U yerda “Hokimlar maktabi”, “Rahbar ayollar maktabi”, “Kelajak liderlari” kabi kurslarda ilgʻor taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyilgan. Oʻtgan oʻquv yilida 13 mingdan ziyod tinglovchilarning malakasi oshirilgan.
Yangi tizimga asosan, endi davlat xizmatchilari uchun 3 ta dastur – malaka oshirish, qayta tayyorlash va magistratura yoʻlga qoʻyiladi. Barcha uzoq va oʻrta muddatli oʻquvlar xorijiy hamkorlar bilan qoʻshma taʼlim dasturlari hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tayanch tavsiyalari asosida tashkil etiladi.
Magistraturada “Davlat boshqaruvi”, “Davlat siyosati”, “Hududlarni kompleks rivojlantirish”, “Inson resurslarini rivojlantirish” va “Davlat moliyasini boshqarish” yoʻnalishlarida 18 oygacha muddatda chuqurlashtirilgan bilimlar beriladi. Davlat buyurtmasidan tashqari toʻlov-kontrakt shaklida ham talabgorlar qabul qilinadi.
Akademiyada taʼlim dasturlari va ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish boʻyicha tavsiyalar berish, nufuzli xorijiy ilmiy-taʼlim muassasalari bilan hamkorlik oʻrnatish uchun Xalqaro akademik maslahat kengashi tuziladi.
Shuningdek, akademiya huzurida 4 ta yangi markaz tashkil etilmoqda. Misol uchun, Davlat boshqaruvi muammolarini ilmiy-amaliy tadqiq etish markazi davlat xizmati samaradorligini oshirish, xususiy sektordagi ilgʻor amaliyotlarni davlat boshqaruvida joriy qilishga qaratilgan tavsiyalar berib boradi.
Prezidentimiz takliflarni maʼqullab, bu tizimlarni yangicha yondashuvlar asosida joriy qilish, jamgʻarma va akademiya xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Iqtidorli yoshlarni doimiy izlab topish va yuqori darajada oʻqitish, malakali mutaxassislarni islohotlarga jalb qilish muhimligi taʼkidlandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring