Ishning koʻzini bilganga – tomorqa xazina

14:34 12 Dekabr 2025 Jamiyat
155 0

Azaldan ota-bobolarimiz kuz faslida yerga urugʻ qadab, turli ekinlarni yetishtirgan. Shu orqali aholining sabzavotga boʻlgan talabini qondirgan. Boshqa hosildan boʻshagan maydonlarga sovuqqa chidamli sabzi, piyoz, sarimsoq, osh lavlagi, karam hamda koʻkatlar ekib, yerdan samarali foydalangan. Toyloq tumanida tomorqalardan unumli foydalanib, oila farovonligi va bozorlarning toʻkinligiga hissa qoʻshayotgan mirishkorlar koʻp. Xususan, Talliota mahallasi tomorqachilik va koʻchatchilikda katta tajribaga ega. Bu yerda aholining 85 foizi tomorqasidan yiliga kamida uch marta hosil olib, millionlab daromad qiladi. Oltmish uch yoshli Saidamir Oqilov ham yigirma yildan beri koʻchatchilik bilan shugʻullanadi. Oʻn sotix tomorqasida 5 ta issiqxona tashkil qilgan. Yiliga 200 million soʻmdan ortiq daromad oladi.

– Issiqxonamizda bir yilda toʻrt marta ekin ekamiz. Bir mavsumda 500 ming tup koʻchat yetishtirib, 200 million soʻmdan ortiq daromad olamiz, — deydi Saidamir Oqilov. — Joriy yilda brokkoli karami koʻchatlarining 30 ming tupini yetishtirib, aholi tomorqalariga yetkazdik. Besh nafar xotin-qizni ish bilan taʼminladik.

Saidamir aka joriy yilda dalada 8 tonnadan ortiq pomidor mahsuloti yetishtirdi. Kuzgi mavsumda esa 7,5 tonna turli rangli karam, gulkaram va brokkoli hamda 6 tonnadan ziyod uzum eksport qildi. Hozirda issiqxonada yangi koʻchat ekinlari boshlangan. Uning tajribasi nafaqat mahallada, balki butun mamlakatda eʼtirofga sazovor. Joriy yilda Toshkent viloyati Bekobod tumanida oʻtkazilgan seminarda S. Oqilov rangli karam va brokkolining eng samarali navlari koʻrgazmasi bilan faol ishtirok etdi.

Mamlakatimizda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining tomorqadan samarali foydalanishini qoʻllab-quvvatlash alohida eʼtiborga sazovor. Tomorqa har bir oilaning daromad manbai hamda farzandlarning mehnatga, halollikka oʻrganishi uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Samarqandda aholi tomorqalaridan tashqari 31 ming gektar bogʻ-tok orasi va boʻsh turgan maydonlarga piyoz, sarimsoqpiyoz va boshqa toʻqsonbosti ekinlarini ekib, mahsulot yetishtirish imkoniyati mavjud. Dala chetlari, kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofi ham qishloq xoʻjaligiga yoʻnaltirilib, mahsulot hajmini yanada oshirish mumkin. Intensiv ekin maydonlari tashkil etish va toʻqsonbosti ekinlardan samarali foydalanish yil davomida bir necha bor hosil olish imkonini beradi. Bu nafaqat ichki bozorni barqaror mahsulot bilan taʼminlaydi, balki mamlakatning eksport salohiyatini oshiradi. Bozorlarimizda ushbu mahsulotlar narxi asossiz oshib ketishining oldini oladi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?