Inson qadri va xalqimiz farovonligi yoʻlida

10:01 17 Iyun 2025 Jamiyat
238 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning bosh maqsadi — inson qadrini yuksaltirish, har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini taʼminlash, hayotiy manfaatlarini roʻyobga chiqarishdan iborat. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish strategiyasi doirasida ijtimoiy sohaga alohida eʼtibor qaratilib, aholini ijtimoiy himoya qilish, kambagʻallikni qisqartirish va sifatli ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish yoʻnalishlarida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

“Yangi Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat”

Yangilangan Konstitutsiyamizning birinchi moddasida Oʻzbekiston — suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat deb qatʼiy belgilab qoʻyilgani tarixiy ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, xalqimizning xohish-irodasi bilan Asosiy Qonunda muhrlangan bu prinsiplar — mamlakatimizning taraqqiyot yoʻli va taqdirini, uning kelajagini belgilab bergan ushbu “beshta ustun” hech qachon oʻzgartirilmaydi. Zero, bu tamoyillar faqat va faqat xalqimiz, Vatanimiz manfaatlarini himoya qilishni, tengsiz va buyuk neʼmat — mustaqilligimizni asrab-avaylash, uni yanada mustahkamlash va kelgusi avlodlarga meros qilib qoldirishni koʻzlaydi.

Konstitutsiyaning yangi tahriri tufayli davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb uch baravar ortdi. Bosh qomusimizga “Yangi Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyili konstitutsiyaviy norma sifatida mustahkamlandi, bolalar mehnatiga yoʻl qoʻymaslik, nogironligi bor shaxslar va keksa avlod vakillari huquqlarining ishonchli muhofazasini taʼminlash, fuqarolarning ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan taʼminlash, mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori belgilanishi, fuqarolar tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini davlat hisobidan olishga haqliligi kabi qoʻshimchalar kiritildi. Natijada fuqarolarning konstitutsion normalar orqali kafolatlangan ijtimoiy-iqtisodiy huquq va erkinliklari davlatning tegishli majburiyati bilan mustahkamlandi. Bu esa, oʻz navbatida, soʻnggi yillarda Harakatlar strategiyasi doirasida erishilgan natijalar va Taraqqiyot strategiyasi doirasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun mustahkam konstitutsion himoyani taʼminlashga xizmat qiladi.

“Ijtimoiy davlat” va “inson qadri” tushunchalari bir-biri bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, ushbu gʻoyaning tub negizida, avvalo, inson haq-huquqlarini ulugʻlash, aholiga xizmat qilishdek oliyjanob maqsad mujassam. Ijtimoiy davlat har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va adolat tamoyillari asosida munosib yashash sharoitini yaratib beradi. U ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish boʻyicha samarali siyosat olib boradigan davlat modelidir. Shuningdek, ijtimoiy davlat muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur boʻlgan isteʼmol tovarlarining eng kam miqdori belgilab qoʻyilishini nazarda tutadi. Shaxs va uning oilasi munosib hayot kechirishi uchun yetadigan ish haqi, bandlikni taʼminlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, kambagʻallikni qisqartirishni talab qiladi. Keyingi yillarda aholi turmush darajasini yuksaltirish, bandlikni taʼminlash, kafolatlangan sifatli taʼlim, malakali tibbiy yordam, barcha uchun teng imkoniyatlar yaratish, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida ham ana shunday ezgu maqsadlar yotadi.

Tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, “ijtimoiy davlat” tushunchasi ilk bor 1850-yilda Lorens fon Shteyn tomonidan qoʻllanilgan. U davlatning vazifasi ijtimoiy tenglik va shaxsiy erkinlikni oʻrnatish, quyi va kam taʼminlangan tabaqalarni boylar va qudratlilar darajasiga koʻtarishdan iborat deb hisoblagan. Milliy davlatchiligimiz tarixini oʻrganganimizda ham “ijtimoiy davlat” tushunchasi shunga oʻxshash nomlarda koʻplab uchrashiga guvoh boʻlamiz. Masalan, IX-X asrlarda yashab ijod qilgan Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri” asarida fozil shahar haqida bildirilgan fikrlar aynan “ijtimoiy davlat” tamoyilining mazmun-mohiyatini ochib beradi. Shunga oʻxshash fikrlarni Nizomiy Ganjaviy, Saʼdiy Sheroziy, Alisher Navoiy, Ahmad Donish kabi buyuk ajdodlarimiz asarlarida ham uchratish mumkin.

Prezidentimiz ushbu tushunchani izohlar ekan “Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, demakdir”, deya taʼrif bergan edi.

Globallashuv jarayoni va bozor iqtisodiyoti shiddat bilan rivojlanayotgan davrda olimlar ijtimoiy davlatning oʻziga xos belgilari mavjud ekanini taʼkidlaydi va ushbu jihatlarga quyidagilarni kiritadi: aholining daromadlari va boyliklarini yirik mulkdorlarga daxl qilmasdan qayta taqsimlash imkonini beruvchi mamlakat iqtisodiy rivojlanishining yuqori darajasi; ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyoti; koʻp tarmoqli va aralash iqtisodiyot; fuqarolik jamiyatini shakllantirish; davlat tomonidan turli ijtimoiy dasturlarni ishlab chiqish; davlatning har bir inson uchun munosib turmush sharoiti, ijtimoiy taʼminot va shaxs sifatida oʻzini oʻzi anglash yoʻlida teng boshlangʻich sharoitlarni taʼminlash maqsadlarini tasdiqlash; fuqarolar oldidagi ijtimoiy javobgarlik; byudjet ijtimoiy toʻlovlarining mavjudligi; ijtimoiy himoya, ijtimoiy taʼminot va bandlik davlat tizimlarining mavjudligi; jamiyatning barcha muhtoj aʼzolarini istisnosiz ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimi mavjudligi; fuqarolarning farovonlik darajasi uchun javobgarlikni davlat oʻz zimmasiga olishi.

Amaliy natijalarga yoʻnaltirilgan saʼy-harakatlar

Soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, ularning aksariyati ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilganini koʻrish mumkin. Xususan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda ehtiyojmand ­qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash va ularga davlat tomonidan kafolatlar tizimi orqali yordam koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan. Odamlarning farovon va hayotdan rozi boʻlib turmush kechirishi uchun munosib sharoit yaratish, bandlikni taʼminlash va daromadini oshirish, ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish, turmush sharoiti va sifati jihatdan tabaqalanishga yoʻl qoʻymaslik kabi masalalarga davlat siyosati darajasida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ishsizlikdan himoyalanish, kafolatlangan sifatli taʼlim berish, malakali tibbiy yordam koʻrsatish, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi boʻlgan shaxslarni, migrantlar va ularning oila aʼzolarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash davlatimizning doimiy diqqat markazida. Davlat byudjetining asosiy qismi aynan shu kabi masalalarga yoʻnaltirilayotgani ham fikrimizning amaliy tasdigʻidir. Alohida taʼkidlash joizki, ijtimoiy yordamga muhtoj boʻlgan oilalar, ayollar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash uchun respublika miqyosida joriy etilgan “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari” va mahallabay ishlash tizimi ham ijtimoiy davlatning mohiyatini va hayotiy koʻrinishini namoyon etmoqda.

Mamlakatimizda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning ijobiy natijalari ham diqqatga sazovor. Xususan, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining dastlabki maqsadi hisoblangan taʼlim sohasidagi islohotlarga toʻxtalish joiz. Bolalarni maktabgacha taʼlim qamrovi 2024-yilga kelib 74 foizni tashkil etdi. Bunda sohaga nodavlat sektorning jalb qilinishi va davlat-xususiy sheriklik tizimi joriy etilganini eʼtirof etish lozim. Mamlakatda isteʼdodli bolalarni tanlash, ularga toʻgʻri yoʻnalish berish, qobiliyatini oʻstirish, intellektual salohiyatini namoyon etishga koʻmak berish maqsadida Prezident maktablari, ijod maktabi, ixtisoslashtirilgan maktablar va “Temurbeklar maktabi” faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bugungi kunda esa buning natijalari yaqqol namoyon boʻlib bormoqda. Yana bir jihat, xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish masalalari davlat siyosati darajasiga koʻtarilgach Oʻzbekiston jahon indekslarida sezilarli darajada yuqori pogʻonalarni zabt etishni boshladi. Xususan, Jahon banki eʼlon qilgan “Ayollar, biznes va qonun 2024” indeksida 5 ta eng ilgʻor oʻzgarishlarni amalga oshirgan davlatlar qatorida yurtimiz ham qayd etilgani muhim hodisadir. Ushbu yillik hisobotda dunyoning 190 ta davlatidagi holat 10 ta koʻrsatkich boʻyicha baholab beriladi. Yangi indeksda mamlakatimizda mehnat munosabatlari va oiladagi zoʻravonlikka qarshi kurash sohasida amalga oshirilgan islohotlar muvaffaqiyatli deb topilgan. “Mehnatga haq toʻlash” va “nikoh” doirasidagi oʻzgarishlar mamlakat reytingining 11,9 punktga koʻtarilishiga olib keldi va endilikda yurtimiz “Ayollar, biznes va huquq” indeksida 100 balldan 82,5 ball­ni egalladi. Shu bilan birga, 2023-yil aprel oyida Jinoyat kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oiladagi zoʻravonlikka, xususan, oilaviy munosabatlardagi jismoniy, ruhiy va iqtisodiy zoʻravonlikka qarshi kurashish boʻyicha oʻzgartirishlar kiritildi. Ayollarni oiladagi zoʻravonlikdan himoya qiluvchi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani ham jamiyatda nozik xilqat vakillarining himoyasi muhim hujjatlari bilan taʼminlanganidan dalolatdir.

Oliy taʼlim muassasalari 2,5 barobarga oshishi, yaʼni ularning soni 200 dan ortishi, oʻz navbatida, oliy taʼlimga qamrov darajasi 9 foizdan 43 foizga ortishiga zamin yaratdi. Shu qatorda 40 dan ziyod oliygohlarga akademik va moliyaviy mustaqillik berilishi ulardagi taʼlim sharoiti va sifati sezilarli darajada yuksalishiga hissa qoʻshganini qayd etib oʻtish ham adolatdan boʻladi.

Aholining ehtiyojmand qatlamlarini uy-joy bilan taʼminlash ham ijtimoiy davlatning muhim vazifalaridan biridir. Taʼkidlash oʻrinliki, soʻnggi sakkiz yilda mamlakatimizda 500 mingga yaqin yangi uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi. Uy-joyga boʻlgan ehtiyojni qondirish boʻyicha birinchi marta ayollar va ­yoshlarga, ehtiyojmand oilalarga subsidiyalar ajratish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Tizim qonuniy, adolatli va shaffof ishlashi uchun onlayn platformalar ishga tushdi.

Ayniqsa, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni ish bilan taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Yoshlar bandligini taʼminlashda ilgʻor zamonaviy usullardan foydalangan holda yigit-qizlarimizni “Future Skills Uzbekistan” va “Bir million dasturchi” loyihalari doirasida IT kasblariga, “Yoshlar 1+1” va “Tadbirkor ayol” loyihalari doirasida tadbirkorlik koʻnikmalari va xorijiy tillar boʻyicha oʻqitilayotgani eʼtiborga molik. Yoshlar va xotin-qizlarda zamonaviy kasb, tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida “Ishga marhamat”, band boʻlmagan aholiga xizmat koʻrsatuvchi “Monomarkaz”, tuman va shahar kasb-hunarga oʻqitish markazlari, mahallalarda kasb-hunarga oʻqitish maskanlari faoliyat yuritmoqda.

Islohotlar markazida — inson

Asosiy Qonunimizda mamlakatimiz ijtimoiy davlat ekanining mustahkamlab qoʻyilishi yangi Oʻzbekiston mazmun-mohiyatiga ham shaklan, ham maʼnan mos boʻladi, desak, ayni haqiqat. Eʼtirof etish kerakki, mavjud strategiyalarning maqsadlariga erishishda Prezidentimiz asosiy eʼtiborni birinchi galda yangi Oʻzbekiston uchun eng katta investitsiya hisoblangan taʼlimni rivojlantirishga qaratish kerakligini taʼkidladi. Endilikda mamlakatimizda nafaqat maktab qurilishi va sifatli taʼlimga, shu bilan birga, sifatli taʼlim negizini yaratuvchi “sogʻlom turmush tarzi hamda sogʻlom va sifatli ovqat bilan taʼminlash”ga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur tajriba 2022-yildan boshlab Qoraqalpogʻiston va Xorazmda yoʻlga qoʻyilib, 285 ming boshlangʻich sinf oʻquvchisi uchun bepul ovqatlanish yoʻlga qoʻyildi. 2023-yildan esa ushbu amaliyot qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etilib, buning uchun Davlat byudjetidan yetarli mablagʻ ajratildi. Xullas, “Taʼlim uchun investitsiya — buyuk kelajakka sarmoya” shiori ostida uzluksiz taʼlim tizimini takomillashtirib borish, sifatli taʼlim-tarbiya berish, malakali kadrlarni tayyorlash boʻyicha katta islohotlar amalga oshirildi.

Bosh qomusimizda alohida modda sifatida kiritilgan taʼlim sohasi jamiyatimizdagi eng dolzarb, islohotlar talab etadigan yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Birinchi navbatda, oʻqituvchilar maqomini koʻtarish, ularning qadr-qimmatini yuksaltirish Konstitutsiyada ifodalandi. Ustoz-murabbiylar qadrlangan davlatda esa yosh avlodni har tomonlama yetuk inson qilib tarbiyalashga zamin yaratiladi. Oʻqituvchilarning vazifasi — barkamol avlodni tarbiyalash bilan birga milliy qadriyatlarimiz, anʼanalarimizni avloddan-avlodga yetkazuvchi mutaxassislar tayyorlash. Shu bois ularning huquq va erkinligi qonun bilan mustahkamlanmoqda.

Xullas, Oʻzbekistonimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, turmush darajasini yaxshilash maqsadida bir qator muhim qarorlar qabul qilindi va amalga oshirilmoqda. Jumladan, kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash: “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi joriy etilib, kam taʼminlangan oilalarga davlat tomonidan moddiy yordam va ijtimoiy nafaqalar toʻlash tartibi soddalashtirildi. Buning natijasida yordamga muhtoj oilalarning manzilli qoʻllab-quvvatlanishi taʼminlandi. Pensiya tizimi isloh qilinib, uning miqdorlari muntazam ravishda oshirilmoqda. Bu esa keksa avlod vakillarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish sifatini oshirish, ularni ish bilan taʼminlash va jamiyatga integratsiya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Ish oʻrinlari yaratish, kasb-hunarga oʻqitish va qayta tayyorlash dasturlari orqali aholining bandlik darajasini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirish masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Bu borada kambagʻallikni aniqlashning ilmiy asoslangan mezonlari ishlab chiqilib, uning sabablari va omillarini chuqur tahlil qilish asosida manzilli chora-tadbirlar belgilanmoqda. Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha milliy strategiya va hududiy dasturlar ishlab chiqilib, ularning ijrosi doimiy nazoratga olingan. Kambagʻal oilalarni tadbirkorlikka jalb qilish, imtiyozli kreditlar ajratish va biznes koʻnikmalarini oʻrgatish orqali oʻz-oʻzini band qilish imkoniyatlari kengaytirilayotir. Qishloq joylarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, yoʻllar, suv taʼminoti va elektr taʼminotini yaxshilash orqali aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga erishilmoqda. Oʻzbekistonda 2024-yil yakuniga koʻra kambagʻallik darajasi 11 foizdan 8,9 foizga kamaydi. Yuqorida qayd etilgan islohotlar va dasturlarning amalga oshirilishi natijasida aholi turmush darajasi sezilarli darajada yaxshilandi. Masalan, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida minglab qishloq va mahallalar qiyofasi oʻzgardi, aholining yashash sharoitlari yaxshilandi. Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanib, sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyatlari kengaydi. Taʼlim sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida yoshlarning bilim olish va kasb egallash imkoniyatlari oshdi.

Yangi Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat sari dadil qadam tashlamoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlarning markazida inson, uning manfaatlari va farovonligi turibdi. Davlat aholini ijtimoiy himoya qilish, kambagʻallikni qisqartirish va sifatli ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish orqali har bir fuqaroning munosib hayot kechirishi uchun shart-sharoit yaratishga intilmoqda. Bu esa yangi Oʻzbekistonning asosiy maqsadlaridan biri — adolatli va farovon jamiyat qurishga xizmat qiladi.

Bahodir XOLIQOV,

Samarqand davlat chet tillar instituti

rektori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер