Inson huquqlari boʻyicha Ombudsman BMT tomonidan oʻtkazilayotgan tadbirlar doirasida qator uchrashuvlar oʻtkazdi

BMT tomonidan Jenevada oʻtkazilayotgan tadbirlar doirasida joriy yilning 15-dekabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova BMTning Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha turlarini bartaraf etish qoʻmitasi aʼzosi Karolina Xarvey bilan uchrashdi.
Oʻzaro muloqot davomida Ombudsman Oʻzbekistonning bolalar va xotin-qizlarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish boʻyicha davlat siyosatiga toʻxtalib, qonunchilik asoslarining mustahkamlangani, qolaversa, ayollarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha belgilangan imtiyozlar hamda 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining amalga oshirilayotgani va bu oʻzining samarasini berayotganini maʼlum qildi.
Shuningdek, uchrashuvda Ombudsman institutining asosiy faoliyat yoʻnalishlari, fuqarolar murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi, xotin-qizlardan yuboriladigan murojaatlarda koʻtariladigan masalalar, jamoatchilik guruhlari bilan jazoni ijro etish muassasalariga oʻtkazilayotgan monitoring tashriflari va yopiq muassasalarda saqlanayotgan ayollarga yaratilgan sharoitlar haqida soʻz bordi.
Karolina Xarvey xotin-qizlar huquqlarini taʼminlashdagi Ombudsman institutining oʻrniga toʻxtalar ekan, bu borada Oʻzbekistonda amalga oshirilgan islohotlarni eʼtirof etdi. Xususan, xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirilgani, oilaviy zoʻravonlik uchun jazo choralari belgilanganligini yuqori baholadi.
Suhbat davomida K. Xarvey Ombudsman tomonidan BMTning xalqaro Konvensiyalar ijrosi boʻyicha muqobil maʼruzalar kiritish amaliyotining yoʻlga qoʻyilganini ijobiy baholab, bu borada hamkorlikka tayyorligini bildirdi.
Shu kuni Ombudsman BMT nogironlar huquqlari qoʻmitasi Kotibiyati mudiri Jorj Aray hamda “UPR Info”nohukumat tashkilotining masʼullari bilan ham uchrashdi.
Dastlab suhbatdoshlarga, “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu gʻoya asosida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarda nogironligi boʻlgan shaxslarga teng imkoniyatlar yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotgani qayd etildi. Xususan, 2020-yilda yangi tahrirdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingani va Davlat rahbarining xalqaro tashabbusi doirasi Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya ratifikatsiya qilingani va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
Oʻzaro muloqot davomida Ombudsmanning nogironligi boʻlgan shaxslarga teng imkoniyatlar yaratish borasidagi oʻrganishlari, harakatlanish erkinligi cheklangan muassasalarning ham imkoniyati cheklangan shaxslarga moslashtirilishi borasida Ombudsman tashabbusi bilan ishlab chiqilgan yoʻl xaritasi va nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan yuborilayotgan murojaatlar tahlili haqida ham fikr almashildi.
Xalqaro ekspertlar Oʻzbekistonning nogironligi boʻlgan shaxslarga teng imkoniyatlar yaratishdagi xalqaro majburiyatlarini bajarish boʻyicha ilgarilab borayotganini eʼtirof etib, qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan parlament nazoratini olib borayotgan Ombudsman instituti bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.
Oʻzbekistonda Ombudsman institutining huquq va vakolatlari kengayib borayotgani, xususan, unga qonunchilik tashabbusi huquqi berilgani, nafaqat mazkur institutining, balki barcha nogironligi boʻlgan shaxslarning ham yutugʻidir- dedi BMT nogironlar huquqlari qoʻmitasi Kotibiyati mudiri Jorj Aray.
Oʻzaro doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvlarda tomonlar istiqbolda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan fikr almashishdi.
Eslatib oʻtamiz, Ombudsman Jenevaga tashrifi doirasida BMTning Qiynoqlarga qarshi qoʻmitasi kotibiyati rahbari X.Leoz Invernon bilan ham uchrashgan edi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring