Insofingiz bormi, bogʻcha opa!
Xalqimizda “Aldagani bola yaxshi” degan naql bor. Bu bolaning begʻubor, ochiq qalbiga nisbatan qoʻllaniladi, lekin u shu bilan birga himoyasiz va zaifligini ham anglatadi. Kichkintoylar oʻz haq-huquqini himoya qilishda eng zaifdir. Shu haqiqat shu kunlarda Fargʻona shahridagi bogʻchalarda sodir boʻlgan voqeada yana bir bor yaqqol koʻrinadi.
Maʼlumki, ijtimoiy tarmoqlarda Fargʻona shahridagi davlat bogʻchalarida bolalarning ommaviy zaharlanishi yuz berganligi yuzasidan xabarlar tarqalmoqda.
Unda qayd etilishicha, Fargʻona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joriy yilning 21-fevral kuni soat 19:00 dan boshlab Fargʻona shahar hududida joylashgan 2-, 58- va 61-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari tana haroratining koʻtarilishi, qorinda ogʻriq, holsizlik, koʻngil aynishi, ich oʻtishi belgilari orqali murojaat bilan kelishgan.
Bemorlarda qorin sohasida ogʻriq, ich ketishi, haroratning koʻtarilishi, koʻngil aynishi kabi sogʻligʻida salbiy holatlar kuzatilgan. Shifoxonada davolovchi shifokorlar tomonidan bemorlar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, “Oʻtkir diareya kasalligi, alimentar etiologiyali” tashxisi bilan diareya boʻlimiga yotqizilgan. Hozirda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 52 nafar hamda Fargʻona shahar bolalar koʻp tarmoqli shifoxonasida 22 nafar bemorlar statsionar davolanmoqda.
– Bu holat aniqlangach, zudlik bilan vaziyat toʻliq nazoratga olindi,—deydi Fargʻona shahar hokimi Vosiljon Nazarov. — Shahar hokimligi va barcha tegishli korxona-tashkilotlar masʼullari oʻsha kundan buyon shifoxonadamiz. Ayni paytda bemorlarga barcha kerakli yordam koʻrsatilmoqda.
Fargʻona shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimi masʼullarining xabar berishicha, oʻtgan vaqt mobaynida boʻlim mutaxassislari tomonidan ushbu bogʻchalarning oshxonalari va Quvasoy shahrida joylashgan ovqat yetkazib beruvchi korxonada tekshiruvlar oʻtkazildi. Oʻz navbatida, bolalar isteʼmol qilgan taomlardan laboratoriya namunalari olib oʻrganildi. Belgilangan tartibga koʻra, tahlil natijalari ertaga ish vaqti yakuniga qadar aniqlanadi. Shunga qarab aniq tashxis boʻyicha yakuniy xulosaga kelish mumkin.
— Yangi va zamonaviy binoda joylashgan muassasamizda tozalik-sanitariya masalasida muammo yoʻq, — deydi Fargʻona shahridagi “Mashʼal” MFYda joylashgan 58-maktabgacha taʼlim tashkiloti mudirasi Nodira Artiqova. — Bogʻchamizda ketring xizmati yoʻlga qoʻyilgan. Shifokor va hamshiramiz har kuni Quvasoy shahridagi korxonadan olib kelinadigan ovqat, salat, shirinlik va meva sharbatlarini tahlildan oʻtkazgach, keyin bolajonlarga beriladi. Avval bu kabi salbiy holat kuzatilmagan. Hozirgi kunda 150 nafar bolajonlarimizning 26 nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Shifoxonalarda masʼullar bilan birga, ota-onalar, hatto nuroniy yoshli buvilar ham xavotirda. Maʼlum boʻlishicha, bugun ham 2 nafar bogʻcha tarbiyalanuvchisining ota-onasi ana shunday muammo bilan shifokorlarga murojaat qilgan.
— Bu zaharlanish emas, ich ketishi bilan bogʻliq kasallik deb tashxis qoʻyilmoqda, — deydi ism-sharifini sir tutgan onaxon. — Ammo birgina ana shu holatning oʻzi ham xavotirlanish, tashvishlanishga arziydi. Biz bogʻchalarga ketring tizimi asosida ovqat yetkazib berishdan koʻra, har bir muassasaning oʻzida tayyorlanishi tarafdorimiz. Zamonaviy yondashuv qulay va samarali boʻlishi mumkin, lekin sifat va xavfsizlik masalasini masʼullar jiddiy oʻylab koʻrishlari zarur.
Xalq deputatlari Fargʻona shahar Kengashi deputatlari mavjud holat yuzasidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishga harakat qilishmoqda.
—Bunday paytda jamoatchilik nazorati muhim, — deydi xalq deputatlari Fargʻona shahar Kengashi deputati Mannonxon Tillaxoʻjayev.—Bir guruh deputatlar mazkur holat yuzasidan oʻrganish ishlarini olib borib, masʼullar bilan suhbatlashyapmiz. Ishonamizki, holat toʻliq nazoratga olingan.
Bolalarning begonasi boʻlmaydi. Shu sababli bugun darddan azob kechib, shifoxonada moʻltirab yotgan bolajonlarimiz tezroq sogʻayib ketishi uchun barcha salohiyat va imkoniyatlar safarbar etilgan. Qolaversa, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan mazkur holat batafsil oʻrganilib, aybdorlar tegishli tartibda jazolanadi, degan umiddamiz.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring