Hozirdan xotirjamlikka berilish yaramaydi...

11:14 30 May 2020 Siyosat
1061 0

Dunyo miqyosida koronavirus pandemiyasiga qarshi jiddiy kurash olib borilayotganiga qaramay, ayrim joylarda kasallik hamon tarqalishda davom etmoqda. Jumladan, yurtimizda ham COVID-19ni jilovlash boʻyicha barcha chora-tadbirlar koʻrilayotgan boʻlsa-da, soʻnggi kunlarda infeksiyani yuqtirish holatlari sezilarli darajada oshgani, albatta, hammamizni tashvishga soladi.

Prezidentimiz kuni kecha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mamlakatimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi. Xususan, aksariyat hudud va korxona rahbarlari, fuqarolar karantin choralarining yumshatilganini “kasallik tugadi” deb, notoʻgʻri qabul qilishi tufayli keyingi kunlarda koronavirus bilan kasallanganlar soni respublikamizda koʻpayganligini qayd etdi. Bu har birimizni hushyor torttirishi kerak.

Darhaqiqat, hozir xotirjamlikka berilib boʻlmaydi. Ammo bozorlar, savdo komplekslari, banklarda ijtimoiy masofaga amal qilmaslik, koʻcha-koʻyda tibbiy niqob taqmaslik, bemalol va xotirjam boʻlib, uylarda turli tadbirlar oʻtkazish holatlari koʻpayotgani natijasida xavf yana boʻy koʻrsata boshladi.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, bunday salbiy holatlar kasallikni aniqlash, oldini olish va davolash qilayotgan barcha harakatlar, byudjetdan olinayotgan trillionlab xarajatlar natijadorligini yoʻqqa chiqarishi mumkin.

Yigʻilishda Yurtboshimiz Oliy Majlis palatalari joylarda xalq deputatlari Kengashlari bilan birga, pandemiyaga oid Prezident qarorlari va topshiriqlari ijrosi yuzasidan parlament va Kengashlarning taʼsirchan nazoratini yoʻlga qoʻyish kutilgan natija berishi mumkinligini qayd etdi.

Shu oʻrinda aytish kerakki, Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan joylarda pandemiyaga oid qaror va topshiriqlar ijrosi yuzasidan nazorat oʻrnatilgan boʻlib, hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, buni yana-da kuchaytirishimiz talab etiladi. Ayni chogʻda biz, senatorlar oliy vakillik organi aʼzolari sifatida, joylarda korxona va tashkilotlar rahbarlari tomonidan mazkur topshiriqlar ijrosi qanday bajarilayotganligini doimiy nazoratga olishimiz, aholi oʻrtasida karantin qoidalariga rioya etish boʻyicha tushuntirish ishlarini izchil davom ettirishimiz lozim. Hozirdan xotirjamlikka berilish yaramaydi.

Birgalikda harakat qilsak, “koʻrinmas yov”ni, albatta, jilovlaymiz.

Robaxon MAHMUDOVA,

Oliy Majlisi Senatining

Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash

masalalari qoʻmitasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер