Gvardiola va Anchelotti “Etihad”dagi oʻyindan soʻng qanday fikr bildirdi?

10:56 12 Fevral 2025 Sport
294 0

UEFA Chempionlar Ligasi pley-off bosqichining dastlabki uchrashuvi Madridning “Real” klubi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. “Qirollik klubi” “Manchester Siti”ga qarshi bahs olib borib, qiyin kechgan oʻyinda 3:2 hisobida gʻalaba qozondi. Uchrashuv davomida “Real” ikki marta hisobda ortda qolgan boʻlsa ham, yakunda irodali gʻalabaga erishdi.

“Man Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola oʻyindan soʻng oʻz jamoasining muammolari haqida gapirib, tizim oldingidek ishlamayotganini tan oldi. “Men uzoq yillardan beri «Manchester Siti”da ishlayman va bu jamoaning bir qismiman. Ammo ayni paytda men jamoada yuzaga kelayotgan vaziyatni yengib oʻtishda yordam bera oladigan narsani taklif qila olmayapman. Bu natijalarga hammamiz javobgarmiz. Aybni bitta futbolchiga toʻnkash oson boʻlar edi, lekin bu bemaʼnilik. Ayb hammamizda, eng avvalo, menda», – deydi Gvardiola.

Murabbiy shuningdek, jamoaning hujumda yetarlicha samarali harakat qilmaganini tan oldi. “Ular toʻp bilan yaxshiroq harakat qildi, biz esa biroz asabiylashdik. Javob oʻyinida gʻalaba qozonishga harakat qilamiz. Madridga boramiz, ustunlikka ega boʻlish va keyingi bosqichga chiqish uchun raqibga moslashishga harakat qilamiz. Vinisius Junior fantastik futbolchi. Muxlislar koʻtargan banner uni yanada yaxshi oʻynashiga sabab boʻlgan boʻlishi mumkin”, – deya Gvardiolaning soʻzlarini keltiradi “Sky Sports”.

Qayd etish kerakki, “Etihad”dagi muxlislar oʻyin oldidan amaldagi “Oltin toʻp” sohibi Rodrini tabriklab, “Stop crying your heart out” (Yurakni ezib yigʻlashni bas qil) nomli banner koʻtargan va toʻgʻridan toʻgʻri bu Viniga ruhiy bosim qilgan.

Madridning “Real” klubi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti esa uchrashuvdan mamnunligini bildirdi. Tajribali mutaxassisning soʻzlariga koʻra, jamoasi oʻyinda hamma jihatdan ustun boʻlgan.

“Men xotirjamman va, albatta, xursandman. Biz ikki oʻyindan iborat qarama-qarshilikning birinchisida yaxshi oʻyin koʻrsatib, kichik ustunlikka ega boʻldik. Oʻyin yaxshi oʻtdi, biz yaxshi himoyalandik, hujumda samarali harakat qildik va koʻplab vaziyatlar yaratdik. Futbolchilar taslim boʻlmadi, bu esa gʻalaba qozonishimiz uchun yetarli boʻldi”, – deydi Anchelotti.

Mutaxassisning taʼkidlashicha, jamoaning hujumdagi toʻrtligining harakatlari samarali kechdi va bu “qirollik klubi”ga irodali gʻalabani taʼminlashga yordam berdi.

Mutaxassislarning fikricha, “Manchester Siti” uchun Madridda qabul qilingan magʻlubiyat jamoaning keyingi bahsga boʻlgan yondashuvini oʻzgartirmaydi. Anchelotti ham bu haqda gapirar ekan, “Siti” javob oʻyinida yanada faolroq harakat qilishini taxmin qildi. “Bu shunchaki kichik bir ustunlik. Biz javob oʻyiniga yaxshi tayyorgarlik koʻrishimiz kerak. «Siti” yaxshi harakat qildi», – deya Anchelottining soʻzlarini keltiradi “Marca”.

UEFA Chempionlar Ligasi pley-off bosqichining javob uchrashuvi 19-fevral kuni boʻlib oʻtadi. Oʻsha kungi bahsning natijasi ikkala jamoa uchun ham katta ahamiyat kasb etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер