“Fuqarolik jamiyati haftaligi” barcha yoʻnalishda faollikni uygʻotdi
Yakunlangan hafta nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatida eng sermahsul va mazmunan boy davrlardan biri boʻldi. 1–5-dekabr kunlari oʻtkazilgan “Fuqarolik jamiyati haftaligi” mamlakatimizda fuqarolik institutlarini qoʻllab-quvvatlash, aholi faolligini oshirish va davlat-jamiyat muloqotini mustahkamlashda muhim maydon boʻlib xizmat qildi. Unda davlat idoralari, milliy parlamentimiz aʼzolari, NNTlar, xalqaro ekspertlar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Haftalik doirasida jamiyatning dolzarb masalalari muhokama qilindi, “2021–2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiya” ijrosi koʻrib chiqildi, “2030-yilga qadar rivojlantirish Konsepsiyasi” loyihasi boʻyicha fikr va takliflar bildirildi. Shuningdek, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi rahbariyati bilan uchrashuvlar, Adliya vazirligi vakillari bilan ochiq muloqotlar, NNT milliy forumi, xalqaro konferensiya, nogironligi boʻlgan shaxslar mehnatiga bagʻishlangan mahsulotlar yarmarkasi hamda “Maqsadli loyihalar” aksiyasi oʻtkazilib, tadbirlar haftalik mazmunini yanada boyitdi.
Asosiy voqealaridan biri “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti va “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishonini topshirish marosimi boʻldi. Mazkur milliy mukofot bu yil ilk bor oʻtkazilib, unga 350 dan ortiq nomzodlar hujjat taqdim etdi. Soʻnggi ikki yilda faollik va tashabbus koʻrsatgan yurtdoshlarimiz beshta asosiy yoʻnalish boʻyicha – fuqarolar huquqlari, yoshlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ekologiya, ijtimoiy himoya va xotin-qizlar masalalari boʻyicha taqdirlandi. Bu jarayon NNTlar va fuqarolik faollarining saʼy-harakatlari eʼtibordan chetda qolmayotganini yana bir bor tasdiqladi.

Shu bilan birga, fuqarolik jamiyati sohasida koʻp yillar davomida samarali mehnat qilgan respublika va xorijiy tashkilotlar vakillariga “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni topshirildi. Milliy qomusimiz qabul qilingan kuni arafasida 26 nafar faolning ushbu mukofotga munosib koʻrilgani ularning mamlakat taraqqiyotiga qoʻshgan hissasini yanada yuksakroq eʼtirof etdi.
Tadbirlarda soʻzga chiqqan ishtirokchilar mamlakatimizda demokratik qadriyatlar, fuqarolar huquqlarini himoya qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish, taʼlim, tibbiyot, ekologiya va madaniyat sohalarida fuqarolik jamiyati institutlari faol ishtirok etayotganini taʼkidladi. Ayniqsa, NNTlar uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar ularning faoliyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Taqdirlanganlar orasida Xorazm viloyati Qizil yarim oy jamiyati Bogʻot tumani boʻlimi ijrochi direktori Feruza Usmonova ham bor. U oʻz xursandchiligini yashirmay shunday dedi:
— Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganim yuksak eʼtirof. Ilgari NNTlarga bunday katta imkoniyatlar boʻlmagan, hozir esa faoliyatimiz uchun keng sharoitlar yaratilmoqda. Biz bundan juda minnatdormiz va kelgusida yana ham yirik loyihalar bilan xalqimizga sidqidildan xizmat qilishga tayyormiz.
Ekologiya yoʻnalishida milliy mukofotga sazovor boʻlgan “Ekolog” jamoat birlashmasi direktori Nargis Qosimovani ham taassurotlari bilan oʻrtoqlashdik.

— Hozir ekologik muammolar juda dolzarb. Yoshlarda ekologik madaniyatni oshirish boʻyicha 300 dan ortiq volontyorlar bilan ishlayapmiz. Jizzax va Qoraqalpogʻistonda “Iqlim oʻzgarishining gender zoʻravonlikka taʼsiri” mavzusida ilmiy tadqiqot oʻtkazdik, — deydi tanlov gʻolibi N.Qosimova. — Bu Markaziy Osiyoda birinchi boʻlib amaliyotdan oʻtgan tajriba. “Yashil maktab” loyihamizda esa 20 mingdan ortiq volontyorlar ishtirok etmoqda. Bu mukofot mening emas, balki jamoam — yosh ekologlarimiz va shogirdlarimizning yutugʻi deb bilaman.
“Fuqarolik jamiyati haftaligi” NNTlar uchun nafaqat tajriba almashish va qonunchilikdagi yangiliklardan xabardor boʻlish imkonini berdi, balki tashabbuskor faollarning mehnatini ragʻbatlantirdi, yangi gʻoya va loyihalar uchun zamin yaratdi. Shu kabi tadbirlar kelgusida ham davlat va jamiyat hamkorligini yanada mustahkamlab, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda muhim vazifalarni bajaradi.
Ulugʻbek Roʻzimatov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring