Oʻzbekiston Prezidenti Xalqaro avtomobil federatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish rejalarini qoʻllab-quvvatladi

21:47 09 Dekabr 2025 Siyosat
152 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-dekabr kuni Xalqaro avtomobil federatsiyasining (FIA) Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizda boʻlib turgan ushbu nufuzli tashkilotning prezidenti Muhammad bin Sulaym boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda delegatsiya tarkibida FIA Senati prezidenti Karmelo Sans de Barros hamda mobillik va turizm boʻyicha vitse-prezidenti Tim Shirman ham ishtirok etdilar.

Avtosportni tartibga soluvchi va yoʻl harakati xavfsizligini targʻib qiluvchi ushbu global tashkilot bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Muhammad bin Sulaym Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan professional va ommaviy sportni rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, aholi oʻrtasida jismoniy faollikni oshirish hamda barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarni yuqori baholadi.

Mamlakatimizda avtomobil sportining kartingdan tortib, to “Formula” poygalarigacha boʻlgan barcha yoʻnalishlarini rivojlantirishda yaqindan hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi.

FIA universitetining imkoniyatlaridan foydalangan holda oʻzbekistonlik poygachilar, karting haydovchilari, muhandislar, konstruktor va mexaniklarni tayyorlash, Oʻzbekistonda zamonaviy avtosport infratuzilmasini yaratish, piyoda va transport vositalari harakati xavfsizligini taʼminlash dasturlarini amalga oshirishga koʻmaklashish hamda mazkur xalqaro tashkilot shafeligida xalqaro musobaqalar, avvalo, “Formula-1” bosqichlarini oʻtkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida mamlakatimiz yetakchisi Xalqaro avtomobil federatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Oʻzbekistonda avtosportni xalqaro standartlarga muvofiq ommalashtirishga qoʻshgan katta shaxsiy hissasi uchun FIA rahbariga davlatimizning yuksak mukofoti – “Doʻstlik” ordenini topshirdi.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston 2019-yildan buyon federatsiyaning faol aʼzosi hisoblanadi. Oʻtgan yili Samarqandda FIAning 120-yilligiga bagʻishlangan navbatdan tashqari Bosh assambleyasi boʻlib oʻtgan edi. Bu yilgi tadbir doirasida 12-dekabr kuni “Humo Arena” majmuasida yuqori martabali xorijiy mehmonlar va chempion poygachilar ishtirokida eng namunali sportchilar va jamoalarni taqdirlash marosimi oʻtkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?