Forishda yangi korxona ish boshladi

15:59 27 Avgust 2024 Jamiyat
308 0

Said DONISHEV/“Xalq soʻzi”. Forish tumanidagi “Egizbuloq” mahallasi hududida “Jizzax sement” masʼuliyati cheklangan jamiyatining yangi korxonasi ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Darhaqiqat, soʻnggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, chet el investitsiyalarini jalb qilish orqali qoʻshimcha qiymat yaratish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, tadbirkorlarga yaratib berilgan imkoniyatlar natijasida Jizzax viloyatida soʻnggi 7-yil ichida sanoat korxonalari 1,7 barobar koʻpayib, ularning soni 467 taga yetdi. 2024-yil 1-avgust holatiga roʻyxatdan oʻtgan kichik biznes subyektlari soni 28,2 mingtani tashkil qilib, joriy yilning 7 oyi davomida 3,3 mingta yangi tadbirkorlik subyektlari faoliyat boshladi. Ularda band boʻlgan aholi soni esa qariyb 212 ming nafarga yetdi.

Forish tumani nafaqat Jizzax viloyatida, balki mamlakatimizda ham sanoatlashgan tumanga aylanib bormoqda. Ushbu hududda “Egizbuloq” sanoat zonasi tashkil etilib, zarur infratuzilma (elektr, yoʻl va shu kabilar) bilan taʼminlash borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.

Tumanda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va investorlar mablagʻlari hisobidan bir qancha zamonaviy sanoat korxonalari bunyod etilmoqda. “Jizzax sement” MCHJning yangi sement ishlab chiqarish loyihasi qiymati 150 mln. AQSH dollarini tashkil etadi, korxona toʻliq ishga tushgach, yiliga 2 million tonna sement ishlab chiqariladi hamda 450 nafar yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Yangi korxonada dunyoning ilgʻor energiya tejamkor texnologiyalari hisoblangan, yaʼni ishlab chiqarish liniyasida yuqori haroratli pechidan atmosferaga ajralib chiqadigan issiqlik va zararli gazlarni qayta ishlovchi (WHR — Waste Haed Recovery sistems) tizim oʻrnatilgan. Bu esa, oʻz navbatida, ishlab chiqarishning ekologiya va atrof-muhitga salbiy taʼsiri oldini oladi, elektr energiyasi sarfini 30-35 foizga qisqartirishga, ichki va tashqi bozorlarni raqobatbardosh, hamyonbop sement mahsulotlari bilan taʼminlashga xizmat qiladi.

Bunday yirik sanoat korxonasining qurilish ishlari yakunlanib, loyiha doirasida 450 — 500 markali yuqori sifatli sement mahsuloti ishlab chiqarish boshlangani Mustaqilligimizning 33 yilligi bayramiga ajoyib tuhfa boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер