Fiskal institut: Uchinchi Renessansning tamal toshi
Sarmoya tikish ham sanʼat. Masalan, biznesda! Buning uchun eng serdaromad va istiqbolli sohalar tanlanishi bejiz emas. Chunki tadbirkorlikda asosiy maqsad moʻmay daromad olish. Shunda kapitalingiz katta foyda keltirishi mumkin. Mazkur jarayonni davlatlar, hukumatlar miqyosida tahlil qilsak, endi maqsadlar ortida daromad emas, el-yurt manfaati ustuvorligi ayon boʻladi. Shu tariqa kelajakka sarmoya tikiladi. Buning eng maqbul va oqilona yoʻli esa taʼlimga investitsiya kiritish! Zero, inson kapitaliga yoʻnaltiriladigan sarmoyalar doimo yuqori naf keltirgan.
Prezidentimiz Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimda Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni uchinchi Renessans poydevorini yaratish asosiy maqsad qilib belgilanganini bejiz taʼkidlamadi. Negaki, hadisi sharifda aytilganidek, “Ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas”. Bu hayotiy haqiqat kundalik amalimizga koʻchadigan payt keldi. Buning uchun esa barcha imkoniyat ishga solinyapti.
Davlatimiz rahbarining shu yil 4-noyabrdagi «Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzurida Fiskal institutni tashkil etish toʻgʻrisida»gi qarori ayni shu zarurat tufayli qabul qilindi.
Negaki, kamolotning asosi — taʼlim-tarbiya. Maktabgacha, maktab va oʻrta-maxsus taʼlim natijasi toʻlaqonli boʻy koʻrsatishi esa navbatdagi bosqich — oliy taʼlim sifati va samaradorligiga bogʻliq. Zero, hozirgi globallashuv sharoitida zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, professional va raqobatdosh mutaxassislar tayyorlash tobora strategik ahamiyat kasb etayotir.
Xoʻsh, Prezidentimizning yuqoridagi qarori bu borada qanday ustuvor maqsadlarni koʻzda tutadi?
Kadrlar tayyorlashning innovatsion yechimi
Moliya va soliq sohasi kadrlari — iqtisodiyotimizni harakatlantiruvchi asosiy kuch.
Biroq oʻtayotgan har kunimiz yangilanishlarga boy. Har jabhaga innovatsiyalar jadal kirib kelmoqda. Demak, soha vakillari bilim va salohiyati ham shunga mos boʻlishi shart! Buning uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning zamonaviy tizimini yaratish taqozo etilayotgandi. Ayni shu vazifalar ijrosi yangi tashkil etilgan Fiskal institut zimmasiga yuklatildi.
Yana bir eʼtiborli jihati, hujjatga koʻra, soliqqa tortish va moliyaviy nazorat sohalari uchun bakalavriat va magistratura yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar kredit-modul tizimi asosida tayyorlanadi. Qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini takomillashtirish, bu jarayonda xorijiy davlatlarning soliq organlari va oʻquv muassasalari bilan tajriba almashishni kengaytirish, qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, oʻquv-taʼlim jarayoniga xorijiy olimlar va mutaxassislarni faol jalb qilishga alohida eʼtibor qaratiladi. Bundan tashqari, bu yerda yetishib chiqadigan mutaxassislar ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va avtomatlashtirilgan tahlil uslublari bilan ishlash koʻnikmasiga ega boʻlishlari joiz. Taʼlim dargohida fundamental ilmiy tadqiqotlar olib borish natijasida innovatsion loyihalarni joriy etishni kengaytirish ham koʻzda tutilgan.
Qarorga binoan, institut soliqlar va soliqqa tortish sohasi uchun oliy maʼlumotli mutaxassislar hamda ilmiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi qilib belgilangan.
Talaba boʻlajak ish joyida oʻqiydi!
Faqat auditoriyada oʻtirib, maʼruzalar tinglash bilan talaba bilimli boʻlib qolmaydi. Nazariya va amaliyot uygʻunligida gap koʻp.
Shu bois institutda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarining bitiruvchi bosqich talabalari uchun taʼlim jarayonini bevosita soliq organlari maʼmuriy binolarida tashkil qilish belgilangan. Јolaversa, institutda kadrlarni tayyorlashga buyurtma shakllantirishning yangicha tartibi joriy etiladi.
Oʻqish jarayoni ham anʼanaviy darslardan anchayin farq qiladi. Buning uchun xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar — “Quacquarelli Symonds World University Rankings”, “Times Higher Education” va “Academic Ranking of World Universities” reytinglarining barchasida yetakchi oʻrinlarni egallagan oliy oʻquv yurtlari taʼlim dasturlaridan foydalaniladi.
Tegishli fanlar boʻyicha yangi avlod darsliklari va oʻquv qoʻllanmalarini tayyorlashning kompleks dasturi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi.
Kelajak ssenariylari qanday tuziladi?
Xalqimizda “yetti oʻlchab, bir kes” degan naql bor. Ammo hozirgi tez oʻzgaruvchan davrda koʻplab masalalar, xususan, Davlat byudjeti mablagʻlarini oqilona sarflashda yetti emas, balki yetmish marta oʻlchash ham kam. Qolaversa, bunday puxta hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun chuqur va tizimli tahlil qila olish mahorati hamda salohiyati talab etiladi. Bunga erishish uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, internet imkoniyatlaridan samarali foydalana oladigan kadrlarni tayyorlash kerak. Ammo, afsuski, baʼzi mutaxassislarimizda ayni shu sifat koʻrsatkichlari yetishmaydi. Fiskal dastur va loyihalar esa murakkab yechimlarni topishni taqozo etadi. Shuning uchun hujjatda xorijiy tillarni puxta biladigan va AKTni yaxshi qoʻllay oladigan yuqori malakali mutaxassislarni yetishtirish ustuvor vazifa etib belgilangan. Binobarin, qarorda talabalarda tizimli tahlil mahoratini shakllantirish zarurati taʼkidlangan va bu chuqur maʼnoga ega. Negaki, bunday mahorat fiskal murakkab muammolarni kompyuter yordamida tahlil qilib hal etish jarayonini anglatadi. U uch bosqichda amalga oshiriladi. Dedaktiv (umumiylikdan xususiylikka oʻtish) yondashuv asosida birinchi bosqichda natijaviy koʻrsatkichga taʼsir etuvchi omillar va ularning natijaga mutlaq va nisbiy taʼsiri tahlil etiladi. Ikkinchi bosqichda jarayonni modellashtirish asosida sintezlash, umumiy xulosa qilish amaliyotlari bajariladi. Mazkur bosqich zamonaviy ekonometrik usullar va dasturiy instrumentlar (“Big data”, “Data analysis”, “Stata” yoki “Eviews” dasturlari) qoʻllanishini taqozo etadi. Uchinchi bosqichda oʻrganilayotgan fiskal loyiha yoki dasturlardan kutilayotgan natijalar prognoz qilinadi.
Xorijiy mamlakatlar fiskal siyosat namoyandalari Davlat byudjetiga soliq va tushumlarni yigʻish va ularni sarflashga tizimli yondashib, murakkab qarorlar qabul qilishda aynan yuqorida keltirilgan “Data Analysis”, “Big Data” dasturlaridan foydalanadilar. Shu asnoda samarasiz boʻlgan loyihalar rad etiladi. Bunday tizimli qarorlar qabul qilish besh bosqichda amalga oshiriladi: muammoni aniqlash, muammoni hal etishning muqobil yechimlarini ifodalash, loyihani amalga oshirishga qoʻyilgan iqtisodiy va ijtimoiy maqsadning mezonini belgilash, koʻp variantlardan muqobilini tanlash va joriy etish. Nihoyat kompyuterda dastur va algoritm yordamida kelajakdagi ssenariylar tuziladi va undan eng samarali bitta yechim topiladi.
Agar loyihani bajarish jarayonida vaziyat va omillar oʻzgarsa, kompyuterda tezkor ravishda qabul qilingan qaror yoki loyihaga tuzatishlar kiritiladi. Bu esa unga ajratilgan davlat mablagʻlarining manzilli va tejamli sarflanishi ustidan doimo monitoring qilishga imkon tugʻdiradi, korrupsiya holatlarining oldi olinadi. Loyiha va dasturlarni tanlashda iqtisodiy va ijtimoiy mezonlarni qoʻllash kerak boʻladi. Bozor iqtisodiyotida fiskal sohada muqobil qarorlarni tanlash oʻrtacha iqtisodiy koʻrsatkichlar (oʻrtacha foyda, oʻrtacha daromad, oʻrtacha xarajat)ga tayanib emas, balki soʻnggi ijtimoiy samara (marginal social benefit, marginal social), aholi farovonligini ifodalaydigan koʻrsatkich va mezonlar asosida amalga oshirilishi zarur. Bozor iqtisodiyoti qonuniyatlarini oʻrgatadigan va amalda qoʻllashga xizmat qiladigan aynan shunday ilgʻor amaliyotlar fiskal institutda oʻqitiladi.
Kredit-modul tizimi nima uchun kerak?
Kredit-modul tizimining afzalliklari bisyor. Bu haqda matbuotda keng yoritilgan. Biz esa uning quyidagi jihatlariga toʻxtalmoqchimiz.
Mazkur tizim qoʻllanilganda, modulni oʻrganishga sarflanadigan oʻquv soatlari nisbati amaliy mashgʻulotlar va mustaqil taʼlim uchun optimal taqsimlanadi. Xorijiy mamlakatlar universitetlari bilan qoʻshma dasturlar tashkil etish, talabalar almashish va oliy taʼlim diplomlarini oʻzaro tan olish jarayonini osonlashtiradi. Yana bir muhim jihati, kadrlar tayyorlashda bosqichli yondashuvni qoʻllashga xizmat qiladi.
Modullar sohaga aloqadorligi va ketma-ketligi boʻyicha yaxshi taqsimlangan. Talaba toʻrt yillik tahsil davomida xuddi pillapoyalardan qadam-baqadam yuqorilagandek, modullar murakkabligiga moslashib boradi. Bosqichlar oraligʻidagi modullar kontentida takrorlash yuz bermaydi, dars beruvchi ustozlar maʼruza matnini va oʻquv materiallarini tuzishda, albatta, qaysi bosqichda dars berayotganiga katta eʼtibor qaratadi. Jumladan, quyi bosqichda moduldagi iboralar, taʼriflar, qonuniyatlarga eʼtibor qaratilsa, keyingi bosqichlarda talabaning ularni qoʻllash mahoratiga, tanqidiy fikrlashiga urgʻu beriladi. Soʻnggi bosqichda esa oʻzi tomonidan ishlanma va Qoyalar yaratishga ahamiyat berilib, pirovardida mutaxassis mustaqil ishlash va hayotga tayyor boʻladi. Bu xorij universitetlarida oddiy holatga aylangan.
Kredit-modul tizimida oliy oʻquv yurtining tashkiliy tuzilishi ham oʻzgacha boʻladi. Ustozlar, axborot markazlari, kutubxona va boshqa xodimlarning asosiy maqsadi taʼlim-tarbiya jarayoniga, taʼlim oluvchilarga qulaylik yaratish, oʻqitish sifatini oshirishga qaratiladi.
Puch vaʼdalar oshkor boʻladi
Yangi tashkil etilgan institut faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishda xorijiy mamlakatlar (Buyuk Britaniya, AQSh, Rossiya Federatsiyasi va boshqalar) tajribasini oʻrganish muhim va shart. Buning natijasida fiskal institutlarning iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni olib borishga qoʻshadigan hissasi va insonlar turmushi, oilasi, biznesi hamda davlat iqtisodiyotiga taʼsiri aniqlanadi. Masalan, Angliyada COVID-19 aholi ijtimoiy taʼminotiga qanday taʼsir koʻrsatadi, istiqbolda bu tizimda qanday oʻzgarishlar boʻlishi mumkin?
Fiskal tadqiqotlar institutining yana bir afzalligi uning mustaqilligi va xolisligidir. Saylovlarga tayyorgarlik jarayonida partiyalar oʻz siyosiy dasturlari, manifestlari platformasini eʼlon qilishadi. Koʻpgina tashkilotlar, jumladan, progressiv iqtisodiy forum (PFE) fiskal institutga oʻz siyosatini ekspert baholashi uchun taqdim etadi. Bu institutning partiya manifestlari, nomzodlar saylovoldi dasturlari va vaʼdalari yuzasidan bergan xolis bahosi hamda axborot bazasi debatu tortishuvlarga olib keladi. Oʻz navbatida, saylovchilarga maqbul yoʻlni tanlashlariga xizmat qiladi. Institut siyosiy partiyalar, kompaniyalar va guruhlar taʼsiridan xoli boʻlgani bois yanglish qarorlar va puch vaʼdalarni fosh qilishda tashabbusni oʻz qoʻliga oladi.
Fiskal institut tadqiqotlari uch muhim jihati boʻyicha ajralib turadi: jarayon yoki holatning obyektiv tahlili, murakkab qarorlarni tushunish va baholashga instrumentlar yaratish va siyosiy partiyalar platformalarini baholash.
Londonda joylashgan Fiskal tadqiqotlar instituti 1969-yilda tashkil topgan boʻlib, Buyuk Britaniya soliq va davlat siyosati sohasida akademik va fiskal siyosatga oid tadqiqotlarni amalga oshiradi. Institutning maqsadi iqtisodiy muammolar, jumladan, samarali soliq va byudjet siyosatini ishlab chiqishga yoʻnaltirilgan ijtimoiy debatlar, fikr-mulohaza va Qoyalarni chuqur tadqiq etish orqali haqqoniy axborotlar berishdan iborat.
Pandemiya davrida Oʻzbekistonda global inqirozga qarshi davlat dasturi, nochor korxonalar va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, koronavirusga chalingan bemorlarni davolash, epidemiologik vaziyatni yaxshilash, “temir daftar”, “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” singari dasturlarni loyihalash va amalga oshirishda xorijiy mamlakatlar fiskal ishlanmalaridan foydalanish mumkin. Bunday loyihalarni istiqbolda davlat xarajatlari va ularning samarasini ekspertiza qilish va baholashga qodir fiskal institut mutaxassislari amalga oshiradi.
Bir soʻmimiz 100 soʻm boʻlib qaytsin, desak...
AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlarda taʼlim tizimiga sarflangan bir soʻm mablagʻ 13 — 15 barobar, Singapurda esa yuz barobardan ziyod naf keltirar ekan. Ammo respublikamizda bu koʻrsatkich, afsuski, bor-yoʻQi toʻrt barobarni tashkil etadi.
Buni nima uchun esladik? Chunki Davlat byudjeti taqsimoti loyihalarini tuzishda uning qancha qismini taʼlimga, qanchasini sogʻliqni saqlashga, qanchasini mudofaaga hamda qanchasini ijtimoiy himoya va hokazolarga sarflash muammosi yuzaga keladi. Bunday qarorlarni qabul qilishda mustaqil fiskal instituti vakillarining xolis ekspertizasi va xulosasi muhokamayu debatlarning samarali boʻlishiga, mablagʻlar tejamli sarflanishiga asos boʻladi. Agar qarorlar yaxshi asoslanmagan boʻlsa, davlat mablagʻlari notoʻgʻri va samarasiz sarflanishiga yoʻl qoʻyiladi.
Mana, yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori NiQmatilla Yoʻldoshev davlat mablagʻlarining mansabdorlar tomonidan talon-toroj qilinishi xususida axborot berdi. Uning taʼkidlashicha, mamlakatimizda keyingi ikki yilda ikki mingga yaqin mansabdorlar davlatning ikki trillion soʻm miqdoridagi mablagʻini talon-toroj qilgan. Boshqacha aytganda, har bir mansabdor davlatning oʻrtacha bir milliard soʻm mablagʻini notoʻgʻri sarflagan yoki oʻzlashtirgan. Agar fiskal sohada kompetentli mutaxassislar oʻz vaqtida Davlat byudjeti mablagʻlarini sohalarga muqobil taqsimlab, kompyuterlar yordamida uning muntazam monitoringini amalga oshirganida, bunday noxush holatlar kelib chiqish ehtimoli pasaygan boʻlar edi. Shuning uchun bu sohada xorijiy fiskal institutlarning kadrlar tayyorlash tizimidagi ilQor tajribasini oʻrganish va hayotga tatbiq etish davr talabiga aylanmoqda.
Masalan, Londondagi Fiskal siyosat instituti davlat moliyasi va xarajatlari, pensiya taʼminoti va jamgʻarish, kompaniya va korxonalarni soliqqa tortish hamda isteʼmolchilarning bozordagi xatti-harakati, kambagʻallik va daromad tengsizligi yoʻnalishlarida ilmiy tadqiqotlar olib boradi. Bundan tashqari, konferensiya, simpozium, seminar va treninglar tashkil etadi. Zamonaviy modellashtirish usullarini ishlab chiqish va qoʻllash orqali siyosiy va ijtimoiy chora-tadbirlarning uy xoʻjaliklari, isteʼmolchilar va individlar xatti-harakatlariga, korxonalarning biznes yuritishiga taʼsirini oʻrganadi. Analitik hisobotlari va ilmiy maqolalarini yetakchi xalqaro jurnallarda chop ettiradi.
Zotan Oʻzbekiston fiskal siyosati strategiyasini ishlab chiqish va joriy etish Vatan ravnaqi va xalq farovonligiga xizmat qiladi. Mustaqil ilmiy tadqiqotlar va ekspertiza yordamida ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni oʻrganish va ular boʻyicha muloqot qilish, axborot va bilimlarni tarqatish va ayirboshlash orqali fiskal tizimdagi joriy soliqlar va unga kiritiladigan oʻzgartishlarning iqtisodiy rivojlanish va aholi turmush darajasiga taʼsirini ekspertiza qilish orqali davlat mablagʻlarining samarali, yaʼni xalq farovonligiga sarflanishiga erishiladi.
Raqobat — taraqqiyotni tezlashtiruvchi omil
Baʼzan davlatning qarzi, oltin-valyuta zaxiralari, oziq-ovqat xavfsizligi va ularga shakllanadigan narxlar haqidagi mavzular ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida qizgʻin muhokamalarga sabab boʻladi. Ayniqsa, keyingi yillarda bunga tez-tez guvoh boʻlyapmiz.
Ammo ana shu bahsu munozaralarni kuzatib, ularning ishtirokchilari masalaga bir tomonlama yondashayotganini kuzatishimiz mumkin. Nega shunday? Chunki ularning qoʻlida tizimli axborot, yaʼni fiskal institut mutaxassislarining toʻlaqonli tahlili, xolis ekspertiza bahosi yoʻq.
Yana bir hayotiy haqiqat: raqobat va innovatsiya — taraqqiyotni tezlashtiruvchi omillar. Negaki, insoniyat raqobat bor joyda innovatsiyalar, yangi Qoya va ishlanmalar yaratishga moyil boʻladi. Biroq innovatsiya yaratilishiga standartlar toʻsqinlik qiladi.
Shuning uchun hozirgi davrda korxonami, tashkilotmi yoki vazirlikmi, qayerda boʻlmasin, ishga yangicha yondashuv muhim zaruratga aylanmoqda. Fiskal institutning moliyaviy, akademik va ilmiy tadqiqot sohasidagi mustaqilligi jahon andozalariga va yuqoridagi talablarga mos kadrlar tayyorlash kafolatidir.
Nihoyat, XXI asrda innovatsiyalar standartlashtirishni siqib chiqarmoqda, ular, shved olimlari taʼbiri bilan aytganda, goʻyoki ertaklardagi “koʻzadan chiqib ketgan jin” misoli turmush tarzimiz, ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlarga tobora kengroq kirib boryapti.
Shu maʼnoda, Fiskal institutning tashkil etilishi uchinchi Renessansning poydevorini yaratishga qaratilgan strategiyalarning tamal toshidir. Chunki fiskal sohada tayyorlanadigan kadrlar moliya va soliq tashkilotlaridagi faol ishtiroki orqali ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga oʻzining munosib hissasini qoʻshadi. Binobarin, Davlat byudjeti mablagʻlarining maqsadli sarflanishiga koʻmaklashadi.
Tursun SHODIYEV,
Toshkent xalqaro Vestminster universiteti huzuridagi
YUNESKOning Bilimlar iqtisodiyoti kafedrasi mudiri,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor,
“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring