FERMER PAXTANI KIMGA SOTISHNI O‘ZI MUSTAQIL HAL QILADI

Illyustrativ foto
Shu yilning 17-yanvarida Prezidentimiz tomonidan “Paxta xomashyosini yetishtirish va sotishda bozor mexanizmlarini qo‘llashni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjatni fermerlar, dehqonlar, paxta xomashyosi yetishtiruvchi xo‘jaliklar katta quvonch bilan kutib oldi. Bu bejiz emas, albatta. Farmon agrar sohada yangi mexanizmlarni hayotga tatbiq etish va imkoniyatlarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Ushbu hujjat bilan belgilanayotgan chora-tadbirlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida soha mutaxassislarining fikr-mulohazalarini yozib oldik.
Bozor talabiga mos
Bahodir XOLIQOV,
qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor:
— Farmonga muvofiq, paxta yetishtiruvchilar endi o‘zi yetishtirgan paxta xomashyosiga erkin narx belgilaydi, xaridor topib, ixtiyoriy sotadi. Aslida ham bozor mexanizmi shunday bo‘lishi kerak. Bu hujjat bilan ana shu muvozanat tiklanmoqda. Axir, fermer issig‘u sovuq demay dalasida ming mashaqqat bilan paxta yetishtirsa-yu, sotishga kelganda uning fikri inobatga olinmasa, bu adolatsizlik emasmi? U mehnatiga yarasha haq ololmasa, ishdan qo‘li sovimaydimi? Bu bozor iqtisodiyoti tamoyillariga mutlaqo zid-ku?! Bu ahvolda sifatli, tolasi pishiq va jahon standartlariga to‘liq javob beradigan paxta xomashyosi yetishtirish imkoniyati pasayib ketmaydimi?
Shu jihatdan ham Farmonning ahamiyati nihoyatda katta. Unda belgilanganidek, fermerlar birjaga xaridorlar tomonidan joylangan takliflar orasidan bir yoki bir nechtasini tanlash orqali fyuchers, forvard va spot shartnomalarini tuzadi. Boshlang‘ich narx Nyu-York birjasidagi olti oylik o‘rtacha kotirovkalardan kelib chiqib belgilanadi.
Yangi tartib bo‘yicha klasterlar paxta xarid qilish bo‘yicha o‘z talablarini birjaning elektron tizimiga joylashtiradi. Fermerlar buni sinchiklab o‘rganib, o‘zlariga ma’qul kelgan bitta yoki bir nechta klaster bilan ixtiyoriy tartibda shartnoma tuzishi mumkin. Bu fermerlar uchun katta rag‘bat bo‘lib, ularning mehnatga ishtiyoqini oshiradi.
Oldinlari fermerlar birjaning elektron tizimiga joylashtirgan ma’lumotlarini klaster ko‘rib, qaysisi bilan shartnoma tuzishni o‘zlari hal qilardi. Endilikda esa fermerlar kim bilan shartnoma tuzishni o‘z xohishi bilan hal etadi. Boshqacha aytganda, ularga tanlov imkoniyati beriladi va bu paxtachilik uchun katta yangilikdir.
Yangi marralar sari ilhomlantiruvchi hujjat
Barno MIRZAMOVA,
O‘zbekiston fermerlari kengashi bo‘lim boshlig‘i:
— Ochig‘i, endi fermerlar do‘ppisini osmonga otsa yarashadi. Chunki mazkur hujjat bilan kooperatsiya usulida yoki o‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklar davlat tomonidan izchil qo‘llab-quvvatlanadi. Bunday xo‘jaliklarga birja orqali sotgan paxtasining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratish belgilangani ham paxta yetishtiruvchilarning ko‘nglidagi ish bo‘ldi.
Bundan tashqari, imtiyozli kredit olib, kreditni o‘z vaqtida qaytargan paxta yetishtiruvchilarga 4 foiz miqdorida subsidiya ajratilishini aytmaysizmi? Ushbu tartib fermerlar uchun yana bir katta qulaylik, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Asosiysi, fermerlarga o‘zining paxtasini qayta ishlashi uchun yoki qabul qilish maskanini qurish uchun jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 3-yil muddatda Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori bo‘lmagan 6 oy imtiyozli davr bilan kreditlar ajratilishi belgilandi.
Eng muhim jihat shundan iboratki, endilikda fermer paxtani kimga sotishni o‘zi mustaqil hal qiladi. Bu ularni yangi-yangi marralar sari ilhomlantirishiga shak-shubha yo‘q.
Ko‘ngilni to‘q qilib ishlash vaqti keldi
Bahodir QUDRATOV,
Qarshi tumanidagi “Xumoyunbek Asrorovich” fermer xo‘jaligi rahbari:
— Rostini aytsam, ko‘ngilni to‘q qilib ishlaydigan davr keldi. Bunga Prezidentimiz Farmoni bilan tanishib, joriy etilgan qator qulayliklarni o‘qib amin bo‘ldim. Masalan, paxta yetishtiruvchi fermerlarning 2025-yil hosilidan boshlab, o‘z mablag‘lari hisobidan yetishtirgan paxta uchun davlat tomonidan subsidiya olish imkoniyati yaratilgani olamshumul voqea. Yoki Farmonga muvofiq, paxta tolasining narxi Nyu-York birjasidagi oxirgi 6 oydagi o‘rtacha fyuchers kotirovkalari asosida belgilanishi bir paytlar tushimizga ham kirmagan edi-ku?
Ushbu hujjatda belgilangan chora-tadbirlar ruhimizni yanada ko‘tarib, kuchimizga-kuch, g‘ayratimizga-g‘ayrat qo‘shayotir. Endi biz paxtamizni kimga, qachon va qanday narxda sotishni o‘zimiz hal etamiz. Bu bilan paxta yetishtirishdan manfaatdorligimiz yanada oshyapti, sohada raqobat muhiti kuchaymoqda. Endi izlangan, intilgan, ko‘proq va sifatli hosil yetishtirgan fermer yanada boyib, ko‘zlagan marralari sari dadil intilaveradi.
Faxriddin BOZOROV
(«Xalq so‘zi») yozib oldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring