Fashistlarni zir titratgan oʻzbek oʻgʻloni

Foto: Akmal Muhammadev/“Xalq soʻzi”
“Hech kim unutilmaydi, hech narsa unutilmaydi”. Umumjahon xotirasi ramziga aylangan bu qanotli soʻzlar Ikkinchi jahon urushiga bagʻishlangan koʻplab yodgorlik majmualarini yaratishga ilhom berdi.
Xalqimiz oʻz qahramonlari xotirasini doimo qalbida saqlaydi, ularning jasoratini yuksak qadrlaydi. Bu mard insonlar namunalaridan biz yashashni, yaratishni, gʻalaba qozonishni oʻrganamiz, zamonlar oʻrtasidagi bogʻliqlikni avlodlarimizga yetkazamiz. Bronza, granit va marmar yodgorliklarda ozodlik hamda tinch kelajak uchun jon fido qilganlar nomi yozilgan. Ular shunchaki meʼmoriy inshootlar emas, matonat va jasorat timsoli boʻlib, bizni yangi marralar sari ruhlantiradi.

Biz har yili 9-may — Xotira va Qadrlash kunida yodgorliklar poyiga yigʻilib, mashʼum urushda qatnashganlar xotirasiga hurmat bajo keltiramiz. Ularning jasoratini, qahramonliklarini yodga olamiz. Zotan, aynan shunday insonlar sharofati bilan biz bugun osuda osmon ostida yashayapmiz, hayotimizni barpo etyapmiz, kelajak haqida orzu qilyapmiz.
Ikkinchi jahon urushi tarixida xalq xotirasida mangu saqlanib qoladigan koʻplab nomlar bor. Ana shunday qahramonlardan biri — Belarus jang maydonlarida beqiyos mardlik va jasorat koʻrsatgan yurtdoshimiz, oʻzbek xalqining qahramon farzandi Mamadali Topvoldiyev. Uning jasorati matonat va vatanparvarlik timsoliga aylanib, kelajak avlodlarga faxr va gʻurur baxsh etadi.

Qahramonlar xotirasi nafaqat oʻtmishga hurmat, balki kelajak avlodlar oldidagi masʼuliyat hamdir. Tinchlik va osoyishtalik qanchalar mashaqqat evaziga qoʻlga kiritilganini yosh avlod bilishi uchun ular haqida koʻproq hikoya qilishimiz kerak.
“Xalq soʻzi” va “Народное слово” gazetalarining ijodiy guruhi oʻzbek jangchisining harbiy harakatlari bilan bogʻliq joylar bilan yaqindan tanishish uchun Belarus zaminiga tashrif buyurdi. Mamadali Topvoldiyev beqiyos qahramonlik koʻrsatgan Mogilev viloyatining Krugloye tumanida boʻldi.
Yengilmas “Kazbek”

Mamadali Topvoldiyev Fargʻona viloyatining Rishton tumanida tugʻilgan. 1939-yilda armiyaga chaqirilib, Belarusda joylashgan harbiy qismda haydovchi-mexanik boʻlib xizmat qildi. Oʻzbekistonlik yosh va fidoyi yigit oʻshanda Vatanidan uzoqda birinchilardan boʻlib fashistlarga qarshi chiqishini va taqdir uni umrining oxirigacha Belarus zaminiga bogʻlashini bilmas edi.
1941-yil 22-iyun tongida fashistlar sobiq ittifoqqa bostirib kirganida, 22 yoshli oddiy askar Mamadali Topvoldiyev va uning safdoshlari dushmanning birinchi hujumini qaytarishga harakat qiladi. Hamyurtimiz oʻsha jangda yaralanadi. Bosqinning dastlabki kunlarida uning boʻlinmasi fashistlar tomonidan qurshab olinadi. Shunga qaramay Mamadali Topvoldiyev kichik otryad bilan dushman qamalini yorib oʻtib, Mogilev viloyati oʻrmonlariga qochishga muvaffaq boʻladi. Bu katta urushdagi uning ilk qahramonligi edi.

Oʻsha paytda Belarusning shahar va qishloqlari fashistlar tomonidan vayron qilingan, aholining katta qismi asirlikka olib ketilgan edi. Omon qolgan qariyalar, nogironligi borlar va bolalar juda ogʻir sharoitda kun kechirardi.
— Guvohlarning soʻzlariga koʻra partizanlar dushmanga kechayu kunduz tinchlik bermagan, ularga katta zarar yetkazgan va fashistlarni sarosimaga solgan operatsiyalarni amalga oshirgan, — deydi Krugloye tumani tarix va oʻlkashunoslik muzeyi direktori Viya Gapayeva. — Quyida Topvoldiyev rahbarligi va ishtirokidagi amalga oshirilgan ayrim operatsiyalar xronologiyasini keltiramiz:
1941-yil noyabr. Mamadali va Nikolay fashistlar tomonidan bosib olingan Borisov shahridagi fashistlar lageriga hujum uyushtirib, 146 nafar harbiy asirni ozod qiladi.
1942-yil fevral. Krugloye qishlogʻida razvedka paytida Mamadali Topvoldiyev asirga tushib qoladi va bu safar ham qochishning uddasidan chiqadi. Shundan soʻng u Pasirevo, Dudakovich, Oglobli qishloqlaridan 13 nafar askar toʻplab, partizanlar guruhini tuzadi. Keyinchalik ular Gerasim Kirpich boshchiligidagi “Chekist” partizanlar otryadiga qoʻshiladi. Bu otryad keyinchalik ruslar, belaruslar, ukrainlar, oʻzbeklar, tojiklar, qirgʻizlar, moldovanlarni birlashtirgan partizan brigadasiga aylanadi.

1942-yil iyul. Mamadali Topvoldiyev boshchiligidagi partizanlarning razvedka guruhi Smolenskdan Minskka ketayotgan dushman poyezdiga hujum qiladi. Trotsilovo-Slavnaya stansiyasi yaqinida fashistlarning poyezdi portlatib yuboriladi va koʻp sonli dushman askarlari yoʻq qilinadi.
1943-yil boshidan 1-iyungacha u hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan jangovar harakatlarda qatnashadi. Uning guruhi Tolochin tumani markazida joylashgan fashistlar garnizoniga kutilmaganda hujum uyushtirib, asirga olingan yuzlab sovet askarlarini ozod etadi. Topvoldiyevning harakatlaridan ruhlangan koʻplab askarlar partizanlarga qoʻshiladi. Ular orasida qoraqalpogʻistonlik Abdulla Bektemirov, beshariqlik Berdiqul Rahimov, qoʻqonlik Qurbon Haydarov, asakalik Rahmatjon Yoʻldoshev va tojikistonlik Karim Dadaboyev bor edi.

13 — 15-iyun kunlari Mamadali bir oʻzi dushmanning yengil va yuk mashinalarini portlatib yuboradi. Voronsevichi qishlogʻida razvedka paytida yaqinlashib kelayotgan dushman kolonnasini payqaydi. Uning xavfsiz oʻq otish masofasiga yetib borishiga imkon berib, avtomatdan oʻq uzadi. Fashistlar ajablanib, qisqa toʻqnashuvdan soʻng qochib ketishadi.
26-avgust kuni Logovshchina qishlogʻida u yakka oʻzi dushman otryadi bilan jangga kiradi va koʻplab fashistlarni yoʻq qiladi.
Oʻsha yilning oktyabr oyida “Kazbek” aholidan chorva mollari — otlar va echkilarni olib ketish uchun Podberezino qishlogʻiga kelgan nemislar guruhini yoʻq qilish boʻyicha operatsiyani ishlab chiqadi. Bu jangda Mamadali bir oʻzi oʻnlab fashistlarni yoʻq qildi.

Har bir operatsiyadan keyin Topvoldiyev xanjar bilan daraxtlarga “Kazbek” soʻzini oʻyib, oʻz izini qoldirardi va bu esa fashistlarni mudom qoʻrquvda ushlab turgan.
1943-yilda Mamadali Topvoldiyevning jasorati toʻgʻrisidagi xabar butun Belarus boʻylab tarqaladi va Oliy qoʻmondonlik eʼtiboriga havola etiladi.
1943-1944-yillar qishki harbiy harakatlarda Mamadali Topvoldiyev bir necha bor pistirmaga duch keladi, ammo shunga qaramay u har doim topshiriqni bajarishga harakat qiladi. Moskva, Minsk va Toshkentda nashr etilgan partizan harakatiga bagʻishlangan hujjatli va tarixiy kitoblarda jasorati alohida eʼtirof etilgan. Uning mardonavor harakatlari haqida oʻsha paytdagi nashrlarda koʻplab maqolalar yozilgan, jang maydonlariga tarqatilgan.

Mamadali Topvoldiyevning oʻzi bir nechta dushman kazarmalarining kulini koʻkka sovurgan, beshta harbiy poyezdni portlatgan, 76 nafar fashist askari va generalini asirga olgan. Maʼlumotlarga koʻra Adolf Gitler Mamadalini shaxsiy dushmani sifatida bilgan va uning boshi uchun 50 ming reyxsmark, villa va yuz bosh sigir “mukofot” vaʼda qilgan.
1944-yil 15-avgustda Mamadali Topvoldiyevga fashist bosqinchilarga qarshi kurashda koʻrsatgan jasorati va Belarusda partizan harakatini rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun qahramonlik unvoni beriladi.
Qahramonlar xotirasi qalblarimizda
— Bugun biz fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 80-yilligini nishonlamoqdamiz. Ikkinchi jahon urushi — bu tarix va millionlab odamlar taqdirini butunlay oʻzgartirgan mashʼum voqea, — deydi Krugloye tumani ijroiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Anjela Lukashevich. — Oʻsha ogʻir davrlarni eslab, mardlik timsoliga aylangan qahramonlarimizni unutib boʻlmaydi. Ana shunday siymolardan biri — Vatan himoyasida turib, fashizmga qarshi beqiyos jasorat koʻrsatgan oʻzbek oʻgʻloni Mamadali Topvoldiyev. Uning faoliyati haqiqiy jasorat namunasidir. Bu qahramonlar xotirasi qalbimizda yashashi, kelajak avlodlarga yetkazilishi zarur. U haqida tumanimizda yosh-u qari biladi: barcha taʼlim muassasasida Mamadali Topvoldiyevning qahramonliklari haqidagi stendlar oʻrnatilgan. Urushdan keyingi yillarda Mamadali Topvoldiyev Krugloye tumaniga har gal kelganida mahalliy aholi unga alohida hurmat-ehtirom koʻrsatgan. Oʻzgacha mehr bilan “Bizning xaloskorimiz!”, “Osiyo yoʻlbarsi!”, “Kazbek mard oʻgʻlon!” deya kutib olgan.
Urushdan keyingi ogʻir yillarda bir qancha quroldosh doʻstlarini Oʻzbekistonga taklif qilgani haqida dalillar mavjud. Ularni ish va uy-joy bilan taʼminlagan.

Bugun Krugloye tarix va oʻlkashunoslik muzeyida Mamadali Topvoldiyev uchun alohida boʻlim tashkil etilgan. Bu yerda qahramon yurtdoshimizning suratlari, koʻrsatgan jasoratlari bitilgan kitoblar, gazeta va jurnallar hamda uning xizmatlari munosib taqdirlangani haqidagi hujjatlardan nusxalar saqlanmoqda. Bundan tashqari, tumanning markaziy koʻchalaridan biri uning nomi bilan ataladi. Tuman markaziy bogʻida esa uning xotirasiga byust oʻrnatilgan. Bularning barchasi uning boqiy xotirasiga belarus xalqining cheksiz ehtiromi namunasidir...
— Krugloye — mamlakatning eng noyob goʻshalaridan biri, — deydi Krugloye markazlashtirilgan kutubxonasi axborot va xizmat koʻrsatish boʻlimi boshligʻi Natalya Saltanova. — Viloyatning oʻtmishi Polosk va Drusk knyazliklari bilan bogʻliq. Ammo kichik Vatanimizda urushdagi qahramonlik voqealari xotirasini 80-yil davomida saqlab qolgan joylar bor... 1941-yil 8-iyuldan 1944-yilning 28-iyuniga qadar viloyat hududi fashist bosqinchilari tomonidan ishgʻol etildi. 1277 nafar tinch aholi otib tashlandi, 1527 kishi Germaniyaga majburan deportatsiya qilingan. Viloyatda 8-partizan brigadasi, chekistlar otryadi, OBZOR yashirin partiya-komsomol tashkiloti faol boʻlgan. Mamadali Topvoldiyev nomi boshqa qahramonlar qatori Krugloye tumani tarixiga zarhal harflar bilan yozilgan.
Mamadali Topvoldiyev jasorati faqat jang maydonidagi qahramonlik hikoyasi emas. U oʻz Vataniga muhabbat, ozodlik va adolat gʻoyalariga sadoqat haqida hikoya qildi. Uning mardligi barcha avlodlar uchun abadiy qahramonlikning yorqin namunasi boʻlib qoladi. Biz bunday qahramonlarni eslab, ularning merosini kelajak avlodlarga yetkazishimiz kerak.
Belarus xalqining ham farzandi
Har bir oila uchun urush shunchaki tarix emas, balki oʻz hayotini xavf ostiga qoʻyib, ona yurtini fashist bosqinchilaridan qutqargan odamlarning taqdiri. Baʼzilari jang maydonlariga ketdi, baʼzilari partizan yoki xabarchi boʻldi, baʼzilari esa front ortida mehnat qildi.

Urushdan keyingi yillarda Topvoldiyev bir necha bor Belarusga kelib, jangda birga qatnashgan partizan doʻstlari bilan uchrashgan. “Men ular bilan oʻrmon chakalakzorlari boʻylab sayr qildim, janglarni va halok boʻlgan doʻstlarimni esladim”, deya xotirlagandi u muloqotlaridan birida.
Bundan tashqari, u tez-tez ikkinchi onasi — Anna Rilkovaning oldiga kelib turgan. Unga gʻamxoʻrlik koʻrsatgan va yangi uy qurib bergan. Oʻsha uy bugungi kungacha Krugloye tumani, Pasirevo qishlogʻida saqlanib qolgan. Bu uyda hamon Rilkovaning avlodlari yashamoqda.
Anna Mesheryakova katta buvisi Anna Rilkovaning urush xotiralarini va belarus oilasi bilan oʻzbekistonlik Mamadali Topvoldiyevning avlodlari oʻrtasidagi doʻstlikni eʼzozlab keladi.
— Buvimning Aleksey va Ivan ismli ikkita oʻgʻli boʻlgan, — deydi u. — 1939-yilda Ivan armiyaga ketadi va Mamadali bilan bir qismda xizmat qiladi. Ular doʻst boʻlishgan. Urush boshlanganda ular qurshab olingan va birgalikda qamaldan chiqib ketishgan. Shundan soʻng Mamadali Topvoldiyev safdoshlari bilan yashirincha yaqin atrofdagi Krugloye tumani Pasirevo qishlogʻiga yetib boradi. U buvimning uyiga keladi va boshpana hamda yegulik soʻraydi. Har tomonda fashistlar va xoinlar izgʻib yurgani uchun buvim boshida sarosimaga tushib qoladi.
Shunda Mamadali Topvoldiyev “Oʻgʻlingiz Ivanga ham shunday munosabatda boʻlarmidingiz?”, deydi. Oʻgʻlining ismini eshitgan ona “Sen Ivanni bilasanmi?”, deydi. Topvoldiyev esa Ivan bilan quroldosh boʻlganini aytadi. Ana shu tanishuv Rilkova va Topvoldiyev oʻrtasida qardoshlik rishtalarining boshlanishiga sabab boʻladi. Rilkova uni farzand sifatida qabul qiladi, Topvoldiyev ham to umrining oxirigacha ayolni eʼzozlaydi.
— Buvim oʻzbek farzandi Mamadali Topvoldiyev bilan oʻzgacha faxrlanardi, — deya soʻzini davom ettiradi Anna Mesheryakova. — Xoinlardan partizanlar Rilkovaning uyida ekani haqidagi xabarni olgach fashistlar tintuv oʻtkazadi. Hech kimni topa olmay, buvim va bobomni asirlikka olib ketadi. Ikki hafta davom etgan qiynoqlarga qaramay Topvoldiyev va uning sheriklari haqida hech qanday maʼlumotga ega boʻla olmagan fashistlar ularni qoʻyib yuboradi. Oʻta kuchli ruhiy va jismoniy azoblar oqibatida bobom oʻsha voqeadan koʻp oʻtmay hayotdan koʻz yumadi. Keyinchalik Mamadali Topvoldiyev buning uchun fashistlardan munosib qasos olgan. Afsuski, beshafqat oʻlim uni 1969-yilda hayotdan olib ketadi. Oʻsha paytlari har yil 6-mayda Mamadali Topvoldiyev Krugloyega kelishni, ikkinchi onasidan xabar olishni, partizan doʻstlari bilan uchrashishni anʼanaga aylantirgandi. 1969-yilda ham buvim oʻgʻlining kelishini katta tayyorgarlik bilan kutgan. Ammo oʻsha yili aynan 6-mayda uning hayotdan koʻz yumgani haqida xabar keladi. Buvim katta qaygʻu bilan uning dafn marosimiga qatnashish uchun Oʻzbekistonga joʻnab ketadi va oʻgʻlini soʻnggi manzilga kuzatib keladi. 1973-yilda u yana Oʻzbekistonga, oʻgʻli mangu qoʻnim topgan manzilga borib qaytadi. Ana shundan soʻng “Endi oʻgʻillarimning oldiga ketadigan vaqt boʻldi”, degan ekan. Oradan koʻp oʻtmay, u oʻz omonatini topshirdi.
Bugun oilamiz Topvoldiyevlar oilasi bilan mustahkam doʻstlik rishtalarini oʻrnatgan. Bu esa xalqlarimiz oʻrtasida abadiy doʻstlik davom etayotganidan dalolatdir.

...Qahramon oʻzbek oʻgʻlonining muqaddas xotirasi Oʻzbekistonda doim eʼzoz va ehtiromda. Bugun u tugʻilib oʻsgan Rishton tumanida uy-muzeyi ochildi, muazzam maydonga byusti oʻrnatildi. Uning qahramonliklari haqida nafaqat rishtonliklar, balki butun xalqimiz oʻzgacha faxr va iftixor bilan eslaydi. Uning jasorati yoshlarga namuna sifatida koʻrsatiladi.
Gʻurur va iftixor timsoli
Ikkinchi jahon urushi insoniyat boshiga mislsiz kulfat va balolarni keltirdi. Millionlab odamlar halok boʻldi, shahar va qishloqlar xarobaga aylandi, iqtisodiyot izdan chiqdi. Ana shunday katta yoʻqotishlarga qaramay, fashizm ustidan gʻalaba qozonildi. Shubhasiz, bu gʻalabada oʻzbek xalqining ham hissasi beqiyos.
Raqamlarga eʼtibor qilamiz: urush arafasida Oʻzbekiston aholisi 6,8 million kishini tashkil etgan. Shundan qariyb ikki million nafari frontga ketgan. Bu — har uch nafar oʻzbekistonlikning biri urushda qatnashdi, degani. Ulardan 540 ming nafarga yaqini halok boʻldi, 158 ming nafardan koʻpi bedarak yoʻqoldi, 870 ming nafardan ortigʻi turli jarohatlar oldi, 60 ming nafardan ziyodi esa nogiron boʻlib qaytdi. Fashizmga qarshi kurashda alohida jasorat koʻrsatgan 214 ming askar va ofitserimiz jangovar orden va medallar bilan taqdirlandi. Ularning 301 nafari “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoniga, 70 nafari uch darajadagi “Shon-sharaf” (“Slava”) ordeniga sazovor boʻldi.

Urush ortida mehnat qilgan yurtdoshlarimiz xizmatlari esa yanada ulkan.
Yana raqamlarga murojaat qilamiz. Urush ichida qolgan hududlardan Oʻzbekistonga 170 dan ortiq zavod va fabrikalar koʻchiriladi va qisqa muddatda ularning faoliyati qayta tiklanadi. Natijada xalqimiz front uchun juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarogʻ, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar yetkazib berdi.
1941 — 1943-yillarda Oʻzbekiston aholisi mudofaa fondiga 475 million rubldan ortiq mablagʻ va 22 million rubllik qimmatbaho shaxsiy buyumlarini ixtiyoriy ravishda topshirdi. Xalqimiz urush hududlaridan evakuatsiya qilingan 1 million 500 mingga yaqin insonlarga boshpana berdi. Ota-onasidan judo boʻlgan 250 ming nafar yetim bolaga mehr-oqibat koʻrsatdi.
Bular shunchaki statistik raqamlar emas, bu — oliyjanob oʻzbek xalqining jasorati, bagʻrikengligi namunasidir.

...2025-yil 7-may. Belarus Respublikasi, Krugloye tumani. Yana bir tinch va osuda tong otdi. Kimdir farzandini bogʻchaga, boshqasi maktabga kuzatyapti. Hamma oʻzining shirin tashvishi bilan band. Muhimi, xotirjamlik hukmron, bugungi va ertangi osuda hayotdan koʻngillar toʻq...

Dunyoning turli nuqtalarida ana shunday barqaror tinchlik boʻlishiga oʻzbek oʻgʻlonlari ham oʻz jasorati va mardonavor harakatlari bilan hissa qoʻshgani haqida oʻylasak, qalbimizga cheksiz gʻurur va iftixor toʻladi.
Fazliddin ABILOV,
Nurlan USMONOV,
“Xalq soʻzi” va “Народное слово” gazetalari
maxsus muxbirlari.
Toshkent — Minsk — Krugloye — Toshkent
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring