Fargʻonalik yoshlar uchun Germaniyada oʻqish va ishlash imkoniyati yaratilmoqda

12:59 17 Noyabr 2025 Jamiyat
166 0

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi hamkorligida xorijiy ish beruvchilarning talab va buyurtmalari asosida malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Shu maqsadda Germaniyaning “Askania Bildung” kompaniyasi bilan hamkorlikda texnikumlarda nemis taʼlim dasturi asosida “Ausbildung” tizimini joriy etish yoʻlga qoʻyildi. Mamlakatimizda bu tizimni 5 ta viloyatida tashkil etish rejalashtirilgan boʻlib, birinchi navbatda Fargʻona viloyatida Margʻilon qurilish va kommunal xoʻjaligi texnikumida amalga oshirildi.

“Ausbildung” tizimi boʻyicha texnikumda oʻqish muddati 3-yildan iborat boʻlib, taʼlimning birinchi yili Oʻzbekistonda, qolgan ikki yili Germaniyada olib boriladi. Qabul kvotasi boʻyicha dastlabki yili 3 ta kasb — “Qurilish texnikasi ustasi”, “Elektromontyor” va “Logistika” mutaxassisliklariga oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan.

— Dasturga asosan 17-26 yoshdagi yigit-qizlar oʻqishga qabul qilinadi. Ayni maqsadda “Askania Bildung” kompaniyasi tomonidan 250 ta kvota belgilangan, — deydi Margʻilon qurilish va kommunal xoʻjaligi texnikumi nemis tili oʻqituvchisi Nozima Yunusaliyeva. — Birinchi kursda oʻquvchilar nemis tili va kasbiy fanlar boʻyicha tahsil oladi hamda nemis tili boʻyicha kamida B1 darajadagi sertifikat olganlar uch oy davomida Germaniyada amaliyot oʻtaydi. Aynan shu oʻquvchilar oʻqishni keyingi bosqichlarini Germaniyada dual taʼlim shaklida davom ettiradi.

Bu imkoniyat yoshlar uchun katta ahamiyatga ega: Germaniyada taʼlim oluvchilar 600 yevrodan 1500 yevrogacha stipendiya olishlari mumkin.

Aytish joizki, Germaniyaning “Askania Bildung” kompaniyasi texnikumlarda kasbiy tayyorgarlik tizimi — “Ausbildung”ni joriy etish bilan shugʻullanadi. Bu tizim yosh mutaxassislarni tayyorlashda nazariy bilimlar bilan amaliyotni uygʻunlashtiradi va ularni chuqur kasbiy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishiga koʻmaklashadi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?