Fargʻonada IIB tibbiyot poliklinikasi tubdan yangilanib, foydalanishga topshirildi

09:14 10 Dekabr 2025 Jamiyat
153 0

Fargʻona viloyati IIB Tibbiyot boʻlimi poliklinikasi kapital taʼmirlanib, zamonaviy infratuzilmaga ega holda ish boshladi. Mazkur bino qariyb 50 yil oldin qurilgan boʻlib, vaqt oʻtishi bilan taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan edi.

Sohada xizmat qilayotgan xodimlar uchun munosib sharoit yaratish maqsadida bino tubdan yangilandi. Taʼmirlash ishlari doirasida qoʻshimcha kutish zali va oshxona qurildi, shuningdek, 50 oʻrinli maʼrifat zali tashkil etildi.

— Maʼlumki, faoliyat samaradorligini oshirishda soha xodimlarining sogʻligʻi muhim oʻrin tutadi, — deydi poliklinika mudiri Sherzod Tojaliyev. — Ayni paytda xodimlarga uzluksiz ravishda yuqori malakali tibbiy xizmat koʻrsatish uchun 77 nafar tajribali mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Yangilangan sharoitlar tufayli ish samaradorligi sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtariladi.

Poliklinikada ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolari uchun barcha yoʻnalishlarda sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyatlari yaratildi.

Tantanali ochilish tadbirida tibbiyot boʻlimi xodimlarining bir guruhi namunaviy faoliyati uchun faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Shuningdek, tibbiyot boʻlimiga ikki dona yangi xizmat avtomashinasi ham topshirildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?