Fargʻonada “aqlli suv” tizimi: u qanday iqtisodiy samara beradi?!
Insoniyat yigirma birinchi asrda juda koʻp muammolar bilan yuzma-yuz boʻlmoqda, ana shunday global masalalardan biri – suv muammosidir.
Ona sayyoramiz aholisi soni yildan-yilga oshib borar ekan, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, qurgʻoqchilik va yerlarning choʻllanishining oldini olish singari ogʻriqli muammolar jahon hamjamiyatini jiddiy tashvishga solmoqda.
Mamlakatimizda suv resurslaridan tejab-tergab foydalanish, qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirish boʻyicha hayotbaxsh dasturlar hayotga tatbiq etilayotgani eʼtirofga loyiq. Yaqinda Prezidentimiz tomonidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham qishloq xoʻjaligidagi islohotlar ertangi kun istiqbolini taʼminlashida suv resurslaridan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida eʼtirof etildi.
2020-yili Fargʻona viloyatida 7,5 ming gektar, 2021-yili esa 30,2 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etish rejalashtirilgan. Shu yilning yakuniga qadar 38,4 ming gektar maydonning suv taʼminoti hamda 52,9 ming gektar yerning meliorativ holatini yaxshilash, 7 ta suv inshootida suv hisobini yuritish, 305 ta nasos stansiyasi va tik quduqlarda elektr energiyasi isteʼmolining avtomatlashgan nazorat tizimini joriy qilish hamda irrigatsiya tarmoqlarida bar qator taʼmirlash ishlari koʻzda tutilmoqda.

Innovatsion gʻoyalar amaliyotga keng tatbiq etilishi natijasida viloyatda tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish usullaridan samarali foydalanish, suv resurslarini 40-50 foizgacha iqtisod qilish va hosildorlikni 15-20 sentnergacha oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Shu maqsadda 170 dona nasos stansiyalari, 2141 ta tik quduqlarni “onlayn” rejimida boshqarish, 2547 ta inshootlarni raqamli texnologiyalar yordamida nazorat qilish tizimi joriy etiladi. Ayni jarayonda Fargʻona tumanini “Namunaviy tuman”ga aylantirish orqali suv resurslarini “onlayn” rejimida boshqarish, hisobini yuritish hamda masofadan boshqaruvchi avtomatlashtirilgan “Aqlli suv” tizimi amaliyotga tatbiq etiladi.
Fargʻona tumanidagi “Chimyon Shuhrati” fermer xoʻjaligining 20 gektar paxta maydonida tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilishi uchun 320 mln. soʻm kredit mablagʻi sarflandi. Suv taʼminoti ogʻirligi uchun ilgari har gektar yerdan olinadigan hosildorlik 17-20 sentnerni tashkil etgan boʻlsa, bu yil hosildorlik 60 sentnerga yetkazildi.
2021-yilda bu yoʻnalishdagi ishlarni yana-da rivojlantirish maqsadida Fargʻona shahrida «Fergana agrodrip» MCHJ tomonidan tomchilatib sugʻorish tizimining butlovchi qismlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
— Sohaga ilm-fan yutuqlari va nou-xaular joriy etilib, 2021-yili viloyatda 20 ming gektar maydonlarni lazerli qurilmalar yordamida tekislash belgilangan,-deydi «Sirdaryo-Soʻx» irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshligʻi Allomjon Fozilov. – Bu yil Yozyovon tumanidagi “Yozyovon” va «Tolquduqqum» nasos stansiyalari, keyingi yili viloyatdagi 50 ga yaqin suv xoʻjaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida rivojlantiriladi.
Yangi tizimda 21 ta tik quduqni ishlatishga 1 nafar mutaxassis biriktirilib, ilgari bir soatda oʻchirib-yoqilgan qurilmalar atigi 2 daqiqada ishga tushiriladi. Kuchli yomgʻir, shamol yoki avariya holatlarida 200 dona quduqni markaziy dispetcherlik punkti orqali “onlayn rejim”da bir martaba oʻchirish natijasida 72,5 ming. kVt elektr energiya, 33 mln. soʻm mablagʻ iqtisod qilinadi.
Xalqimizda “Yer – xazina, suv – gavhar” degan hikmatli ibora bekorga aytilmagan. Shu bois Fargʻona viloyatida mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish, suv tejaydigan texnologiyalar joriy etish, suv xoʻjaligi obyektlarini modernizatsiya qilish va boshqarish tizimini takomillashtirish bugungi kunning eng ustuvor vazifalaridan biri ekanligini aslo unutmaslik zarur.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
- Rossiya NATOga hujum qilish uchun shay holatda — Bundesver generali
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring