Fargʻonada axborot xizmatlari sunʼiy intellektdan foydalanishga kirishdi

16:31 06 Noyabr 2025 Jamiyat
459 0

Fargʻona viloyatida axborot xizmatlari sohasida sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish boʻyicha yutuqlarga erishilmoqda.

Ayni saʼy-harakatlar jarayonida Rishton tumanida “Roshidon FM” onlayn radiostansiyasi ishga tushirildi. Bu borada tuman hokimligi axborot xizmati hamda “I HOUSE” yuqori texnologiyalar maktabi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolanib, amaliy ishlarga kirishildi.

— Shu tariqa endilikda tinglovchilar “Roshidon FM” onlayn radiosi orqali tuman hayotiga oid muhim yangiliklar, dolzarb maʼlumotlardan tezkor ravishda xabardor boʻlishadi, — deydi Rishton tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Abror Dehqonov. — Eʼtiborlisi, turli dasturlar sunʼiy intellektdan foydalangan holda tayyorlanadi. Bu axborotni yetkazishda tezkorlik va aniqlikni oshirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.

Shuningdek, Dangʻara tumanida bundan buyon yangiliklar dasturlari sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida yaratilgan virtual studiya va virtual muxbirlar tomonidan taqdim etiladi. Amaliy saʼy-harakatlar doirasida hamyurtlarimizga sunʼiy intellekt yordamida shakllantirilgan axborotlar, xabar va yangiliklar interaktiv tarzda yetkazib boriladi.

Aytish joiz, bugungi kunda Fargʻona viloyatida axborot xizmatlari sohasida sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan unumli foydalanish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Bu viloyatda axborot sohasida raqamli taraqqiyotni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.

Botir MADIYOROV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?