Fargʻonada 75 gektarlik “Yangi Oʻzbekiston” shaharchasi qurilishi yakuniga yetyapti

11:16 03 Dekabr 2025 Jamiyat
154 0

Margʻilon shahrining “Navroʻz” MFY hududida 75 gektar maydonda barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivida qurilish ishlari jadal surʼatlarda davom etmoqda.

Birinchi bosqich doirasida qurib bitkazilayotgan 8 ta 16 qavatli va 9 ta 12 qavatli uylarda soʻnggi pardozlash, tashqi va ichki bezak berish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Eʼtiborlisi, har bir uyning meʼmoriy qiyofasini betakror qilish maqsadida meʼmorlar zamonaviy uslub va andozalardan foydalanmoqda. Bu esa bunday uy-joy massivlari qurilishi amaliyotida yangi, innovatsion yondashuvlarning joriy etilganini koʻrsatadi.

Shu bilan birga, 990 oʻrinli maktab, 330 oʻrinli bogʻcha va kunlik 250 qatnovga moʻljallangan poliklinika qurilishi belgilangan tartibda yakuniga yetkazilmoqda. Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan kommunikatsiya tarmoqlari sifatli tarzda tortilib, ichki yoʻllar atrofida yashil hududlar, piyodalar yoʻlaklari, veloyoʻlaklar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun alohida harakatlanish infratuzilmalari barpo etildi.

Koʻp qavatli uylarning birinchi va ikkinchi qavatlarida savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari, yertoʻla qismida esa avtoturargohlar joylashtiriladi. Shuningdek, kelajakda viloyatning turizm markazlaridan biriga aylanishi kutilayotgan ushbu shaharchada ilmiy-maʼrifiy va hordiq maskanlari faoliyat yuritadi. Mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun barcha qulayliklar yaratiladi.

Barcha ishlar belgilangan sifat talablariga muvofiq amalga oshirilishi uchun kunlik monitoring tizimi joriy qilingan. Bu maqsadda uylar qurilayotgan hududda 10 dan ortiq pudratchi tashkilot tomonidan har bir jarayon loyiha asosida qatʼiy nazorat qilib borilmoqda.

Aytish joizki, shaharchada xitoylik va rossiyalik investorlar ishtirokida amalga oshirilayotgan 8 ta koʻp qavatli uy qurilishi ham izchil davom etmoqda. Xitoyning “WENY ESTATE DEVELOPMENT” kompaniyasi koʻp qavatli uy-joylar qurilishi sohasida katta tajribaga ega boʻlib, hozirda kompaniya mutaxassislari shaharchada 7 ta 16 qavatli uy qurilishiga jalb etilgan.

— Fargʻona va Xitoyni bogʻlab turuvchi tarixiy rishtalar bor. Qadimiy anʼana va qadriyatlarimiz zamonaviy shaklda davom etmoqda, — deydi kompaniya ish yurituvchisi Li Chuanfu. — Bu yurtning tabiati goʻzal, fargʻonaliklar esa samimiy va mehmondoʻst. Kompaniyamizning maqsadi — viloyat boʻylab yana 20 ta koʻp qavatli uy qurishdir.

Yaqin kunlarda Margʻilonning qiyofasiga qiyofa, salobatiga salobat qoʻshib, qulay va zamonaviy infratuzilmaga ega boʻlgan “Yangi Oʻzbekiston” shaharchasi oʻzining yangi xonadon egalari — baxtli oilalarni kutib oladi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?