Fargʻona shahrida Janubiy Koreya investitsiyasi asosida yangi innovatsion korxona barpo etiladi

21:03 16 Yanvar 2026 Jamiyat
205 0

Fargʻona shahridagi Ekoshahar hududida Janubiy Koreyaning AHAU kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 20 million dollar boʻlgan yangi ishlab chiqarish korxonasi qurilishi boshlandi.

Korxonaga tamal toshi qoʻyilishi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda koreyalik investorlar, viloyat faollari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov soʻzga chiqib, ushbu loyiha viloyat delegatsiyasining Janubiy Koreyaga amalga oshirgan xizmat safarlari davomida erishilgan kelishuvlar natijasi ekanini taʼkidladi. Qayd etilganidek, mazkur tashabbus hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va yangi ish oʻrinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, “Sanoat ipotekasi” tamoyili asosida barpo etilgan texnopark hududida 4 gektar maydonda qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi. Loyiha doirasida interaktiv elektron doskalar, elektromobillar uchun zamonaviy va ekologik xavfsiz zaryadlovchi qurilmalar, yuqori aniqlikka ega tibbiy jihozlar hamda yuqori qoʻshilgan qiymatli boshqa innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejalashtirilgan.

— Bu yerda fargʻonalik yuzlab yoshlar uchun yangi ish oʻrinlari yaratiladi, ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasida oʻzaro uygʻunlik taʼminlanadi, — deydi AHAU MCHJ xorijiy korxonasi rahbari Ku Gi Do. — Istiqbolli loyiha “yashil texnologiyalar” tamoyili asosida amalga oshirilayotgani bilan Ekoshahar konsepsiyasiga toʻliq mos keladi.

Tantanali tadbir yakunida ezgu tilak maktubi imzolanib, korxona qurilishiga rasman tamal toshi qoʻyildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?