Fargʻona «mahallabay» ishlash tajribasi qanday mezonlar asosida yaratiladi?

20:20 03 Fevral 2021 Jamiyat
1496 0

Ayni paytda vazirliklar, respublikaning tegishli masʼul idoralari, tijorat banklari vakillaridan iborat ishchi guruhlar Fargʻona viloyatidagi 1 ming 41 ta mahallada oʻrganishlar olib bormoqda. Shuningdek, hududlarga biriktirilgan iqtisodiy kompleks va banklar vakillari xonadonma-xonadon yurib, aholining muammolarini tinglayapti. Mahallaning “oʻsish nuqtalari” aniqlab, iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor yoʻnalishlari belgilanyapti.

Quva tumanidagi 65 ta mahalla fuqarolar yigʻinida 45 ming 875 ta xonadon bor. 261 ming nafardan ziyod aholining 11 foizini ishsizlar tashkil etadi. “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yigʻinidagi kasb-hunarga oʻqitish markazi faoliyat boshlab, pazandachilik, ayollar va erkaklar sartaroshligi, tikuvchilik yoʻnalishida “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dagi muqim daromad manbaiga ega boʻlmagan ishsiz aholi oʻqitilyapti. Hozirgi kunga qadar 40 nafar qisqa muddatli oʻquv kursini tamomlaganlarga ishlash huquqini beruvchi sertifikatlar topshirildi. Ayni kunlarda oʻquv kurslarida 63 nafar mahalliy aholi vakillari kasb-hunar oʻrganishga jalb etilib, oyiga 300 mingdan 679 ming soʻmgacha stipendiya ham berilyapti.

Malika Karimova Mustaqillik MFY, Talabalar koʻchasining 560-uyida yashaydi. 2016-yili Quva agrosanoat kollejini tamomlagan boʻlsada, ishga joylasha olmagan edi. Shundan soʻng ota-onalari turmushga uzatishdi. Ishi, kasbining tayini boʻlmagani yosh oila bekasi boshidan ne-ne qiyinchiliklarni oʻtkazmadi deysiz!

— Mahallamizda kasb-hunar maktabi ochilgani ayni muddao boʻldi, —deydi Malika Karimova. — Hozirgi kunda pishiriqlar tayyorlash guruhida hunar oʻrganyapman. Bundan buyon oilamning doimiy tirikchilik manbai boʻladi. Shu bois koʻnglim xotirjam. Oʻquv kursini tugatib sertifikat olgach, shartnoma asosida mahallamizdagi savdo doʻkonlari va umumiy ovqatlanish shoxobchalariga shirinliklar, bir zumdalik yeguliklar tayyorlab sotishni maqsad qilganman.

***

Quva tuman markazidan 15 kilometr uzoqda joylashgan «Soyguzar» mahalla fuqarolar yigʻini “qizil” toifaga kiritilgan boʻlib, bugungi kunda “oʻsish nuqtalari”ni aniqlash boʻyicha xonadonma-xonadon oʻrganish ishlari olib borilmoqda.

Shu asosda “yoʻl xaritasi” va mahallani har tomonlama rivojlantirish uchun alohida dastur tayyorlanadi. MFY raisi Abdumuxtor Xalilovning aytishicha, 386 ta xonadondagi aholi asosan tomorqachilik bilan shugʻullanadi.

Mahallada umuman sanoat korxonalari yoʻqligini inobatga olib boʻsh turgan sobiq maktab binosi hududida kichik sanoat zonasi tashkil etishga kirishildi. Ishchi guruhi tomonidan amalga oshirilgan saʼy-harakatlar tufayli hozirga qadar mahallaning koʻchatchilik, sabzavotchilik, hunarmandchilik yoki boshqa ishlab chiqarish imkoniyati mavjud oʻndan ortiq “oʻsish nuqtasi” aniqlandi. Oʻtgan qisqa fursatda 71 ta xonadon issiqxona tashkil etilib, mavsumiy gullar va sabzavotlar yetishtirish taklifi ilgari surilmoqda.

Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер